Breaking News

O'zbekiston: Rossiya atom stansiya yuzasidan xavotir kuchli


O’zbekistonda atom energiyasidan foydalanish bo’yicha Rossiya qonunchiligi joriy etilishi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev imzosiga hozirlanayotgan bu boradagi qaror loyihasi hukumat portalida muhokamaga qo’yilgan. Bu loyiha O’zbekiston hukumati o’z hududidagi atom stansiyasi faoliyatini qanchalik nazorat qila olishiga doir savollarni o’rtaga chiqarmoqda. “O’zatom”ning xavfsizlik kafolati haqidagi bayonotiga qaramasdan Rossiya rejalayotgan atom stansiyasiga doir xavotirlar tinmagan.

O’zbekiston o’z hududidagi atom stansiyasini qanchalik nazorat qila oladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:13 0:00

Prezident Mirziyoyev tomonidan imzolanishi kutilayotgan qaror O’zbekistonda atom stansiyasi faoliyati, undan foydalanish, ishlatish amaliyotini Rossiyadagi mavjud qonunchilik doirasiga o’tkazadi.

O’zbekistonda atom energiyasidan foydalanishda Rossiya normativ- huquqiy aktlari va boshqa hujjatlarini qabul qilish, joriy etish haqidagi qaror loyihasiga ko’ra, mamlakatdagi atom stansiyasi qurilishidan tortib, uning boshqaruvi, foydalanish, xavfsizlik ta’minoti, nazorati, xullas stansiyasi ishi bilan bog’liq barcha faoliyat Rossiya qonunchiligi bo’yicha yuritiladi.

Loyiha 25-iyunga qadar muhokamaga qo’yilgan, uning qaror sifatida prezident tomonidan imzolanishi atom stansiyasi qurilishiga doir navbatdagi qadamlardan biri bo’ladi.

Stansiya qurilishi ayonlashib borar ekan jamoatchilikdagi xavotirlar ham ortib bormoqda, muhokama chiqarilgan qaror loyihasi bundan xoli emas.

Toshkentdan sharhlovchi Anvar Nazir fikricha, O’zbekistonda Rossiya qonunchiligi tatbiq etilayotgani atom stansiyasi faoliyatini yanada mavhum qiladi.

“Bu loyihaga ko’ra, O’zbekistondagi atom stansiyasi faqat Rossiya qonunchiligi bo’yicha ishlaydi, unga bo’ysunadi. Bu savol tug’diradi: stansiya hududi, uning atrofida rejalanayotgan shahar Rossiya qonunchiligi doirasiga o’tadimi? O’zbekiston davlat sifatida bu stansiya faoliyatiga aralashish huquqiga ega bo’ladimi, yo’qmi? Ekologik, texnologik, atrof muhitga ta’sirini nazorat qila oldimi, yo’qmi? Bu loyiha qaror sifatida imzolansa uning oqibatlari qanday bo’ladi? O’zbekistonda mas’uliyat bo’lmas ekan, bizning xavfsizligimizni kim Rossiya ta’minlaydimi? Unda bu stansiya kimga tegishli bo’ladi o’zi. Hudud Rossiya qonunchiligi doirasida ekan, xavfsizlikni ta’minlash bahonasida bu unga harbiy baza ochish imkoniyatini bermaydimi? Xullas, bu loyiha juda ko’p savollar uyg’otmoqda”, - deydi Anvar Nazir.

Rossiya atom stansiyasini qurish taklifini bilan qo’shni Qozog’istonga ham chiqdi. Ammo mamlakat rahbari To’qayev bunday qurilishlar referendum orqali hal etilishi lozimligiga ishora berdi.

O’zbekistonda atom stansiyasini qurish prezidentlar Putin va Mirziyoyev uchrashuvida hal etildi, jamoatchilikdagi munosabatlar esa siyosiy liderlar qarori ortidan kuzatilmoqda.

O’zbekiston hukumati atom stansiyasini iqtisodiyot rivojiga ko’mak beruvchi dastaklardan biri sifatida ko’rmoqda, bu loyihani O’zbekiston ekologik partiyasi ham yoqlab chiqayotgani kuzatiladi.

Partiya lideri, Oliy Majlis qonunchilik palatasi raisi o’rinbosari Boriy Alixonov atom stansiyasini eng xavfsiz, ekologik toza energiya manbasi sifatida ta’riflagan.

Atom stansiyasi qurilishiga doir dastlabki kelishuvlar ortidan jamoatchilikda bu stansiya qurilishi, uning boshqaruvi, xavfsizligi, mamlakat ekologiyasiga ta’siri, qanday, qancha mablag’ evaziga, qancha vaqtda qurilishiga doir bir qator savollar yuzaga chiqdi.

“O’zatom” agentligi yaqinda jamoatchilikdagi bu savollarga doir maxsus bayonot bilan chiqdi. Ta’kidlanishicha, atom stansiyasi bugungi kundagi eng ilg’or energoblokdan iborat bo’ladi, MAGATE xavfsizlik talablariga to’la javob beradi.

“O’zatom”ga ko’ra, “Chernobil” falokatini boshdan kechirgan Ukraina ham atom energiyasidan voz kechmagani atom stansiyalariga nisbatn ehtiyoj kuchli ekanligidan dalolatdir.

Anvar Nazir ham “O’zatom” agentligiga savol yo’llagan faollardan biri, ammo u javoblardan qanoatlanmagan.

“Mintaqa suv muammosi dolzarb, stansiya uchun esa suv kerak. Bundan tashqari yadroviy chiqindilar masalasi qanday hal bo’ladi, bunga ham aniq javob yo’q. Bu stansiyani asosiy kafolati Vladimir Putin, bu uning siyosiy loyihasi, ammo stansiya qurilishi o’n yilgacha cho’zilishi mumkin. Putin ketgan taqdirda nima bo’lishini esa hech kim bilmaydi, ayniqsa Rossiayni o’zida iqtisodiy muammolar chuqurlashayotgani inobatga olinsa”, - deydi Anvar Nazir.

O’zbekiston va Rossiya o’rtasida o’tkazilgan so’nggi muzokaralar ortidan atom stansiyasi qurilishi uchun Jizzaxdagi Tuzkon ko’li yaqinidagi maydon tanlandi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG