Prezident Vladimir Putinning O’zbekistonga davlat tashrifi Rossiyaning Markaziy Osiyodagi yangi siyosati sifatida talqin etilmoqda. O’zbekistonda atom elektrostansiyasini qurish ushbu siyosatning bir ko’rinishi bo’lib, bu loyihaning mintaqa uchun oqibati qanday bo’lishi munozara ostida.
Rossiya va O’zbekiston matbuoti ikki tomonlama aloqalarni ko’klarga ko’tarar ekan, strategik hamkorlikda yangi ufqlar, ulkan imkoniyatlar ochilayotgani haqida yozadi.
Tashrif natijasida 27 milliard dollarga teng shartnomalar imzolangan, olti milliardidan oshig’i o’zaro savdo-iqtisodiy aloqalarga tegishli, qolgani sarmoyaviy maqsadlarni ko’zlagan bitimlar. Bu Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davomida imzolangan eng yirik kelishuv.
Ikki rahbar ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratdi. Rossiya va O’zbekiston oliy ta’lim yurtlari hamda Xalq ta’limi vazirliklari o’rtasida 100 dan ortiq hujjatlar imzolandi, umumta’lim maktablari uchun rus tili o’qituvchilarini hamkorlikda tayyorlashga kelishildi.
Prezident Mirziyoyev O’zbekistonda rus mumtoz adabiyoti vakillari asarlaridan iborat 100 tomlik “Rus adabiyoti durdonasi” jamlanmasi nashrga tayyorlanayotgani haqida ma’lum qildi.
Atom elektrostansiyasi qurilishi loyihasiga start berilishi tashrifning markaziy qismi bo’ldi. Putinga ko’ra, ilg’or texnologik talablarga muvofiq qurilishi rejalangan bu inshoot O’zbekistonni arzon va toza energiya bilan ta’minlaydi, shu bilan bir qatorda, iqtisodiyotdagi yangi sohaga ham asos soladi.
Mirziyoyev O’zbekistonda ilk bor qurilayotgan bu loyiha Rossiya bilan strategik sheriklik mahsuli ekanini, mamlakat sanoati rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini, qo’shimcha ish o’rinlari yaratilishini aytdi.
Atom elektrostansiyasi qurilishi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda munozaralarga sabab bo’ldi. Ba’zi o’zbekistonliklar shundoq ham ekologik vaziyat og’ir bo’lgan mintaqada atom stansiyasi barpo etilishiga, zararli yadroviy chiqindilarning O’zbekistonda qoldirilishi mumkinligiga e’tiroz bildirishdi.
Sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, atom elektrostansiyasi falokati oqibatlari Markaziy Osiyo uchun Orol dengizi fojiasidan kam bo’lmasligi mumkin, ayniqsa mintaqadagi ekologik vaziyatning, jumladan stansiya bunyod etilishi rejalangan hududa ham talabga javob bermasligi inobatga olinsa.
Qo’shni mamlakatlarda bu loyihaga nisbatan hozircha biror munosabat bildirilgani yo’q. Ammo Qozog'istonda kechgan uch tomonlama muloqotda Prezident Nursulton Nazarboyev, Putin va Mirziyoyev orasidagi norasmiy so'zlashuvda bu mavzu ko’tarilgan bo’lishi mumkin.
Putinning O’zbekistonga tashrifini 200 yaqin rossiyalik jurnalist yoritgan. O’zbek matbuoti rossiyalik muxbirlarning har biriga alohida xizmat avtomobili, yordamchilar ajratilgani haqida yozdi.
Matbuotda Rossiya va O’zbekiston munosabatlaridagi yangi bosqich, ulkan rejalar haqida bong urilar ekan, Mirziyoyev bir yil avval Rossiyaga qilgan davlat tashrifi davomida imzolagan 16 milliard dollarlik sarmoyalarning taqdiri xususida ma’lumot berilmadi.
Facebook Forum