Breaking News

AQSh Qurolli kuchlari qo'mondoni Toshkentda bo'ldi


Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi rahbari, general Jozef Votel bilan muloqot qildi. Uchrashuvda Afg'onistondagi vaziyatga alohida diqqat qaratilgan. Bu o'lkadagi so'nggi qonli hujumlar xavotirlarga sabab bo'lmoqda. O'zbekiston tomoniga ko'ra, Tolibon safida ikki mingga yaqin mintaqalik jangari bor.

Mirziyoyev AQSh generali bilan ikki tomonlama o'zaro manfaatli va serqirra hamkorlik, jumladan harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilgan.

Jozef Votel Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Mudofaa vaziri Qobul Berdiyev bilan ham muloqot qilgan.

Amerikalik harbiy Tojikistonga safaridan so'ng O'zbekistonga borgan. Uning Toshkentdagi muzokaralarida ham asosiy diqqat Afg'onistondagi vaziyatga qaratilgan.

Tolibon jangarilarining Mozori Sharifda uyushtirgan so'nggi qonli xurujlari AQShda jiddiy xavotir uyg'otgan. Jangarilarning hukumat harbiy bazasiga hujumi natijasida 150 dan ortiq afg'on harbiylari o'lgan edi.

Bu so'nggi yillarda Afg'onistonda kuzatilgan eng qonli xuruj sifatida qayd etilishi bilan birga AQSh yetakchiligida xalqaro qo'shinlar ishtirokiga qaramasdan mamlakatda Tolibon qudrati oshib borayotganini ham ko'rsatadi.

Hujum Tolibon guruhini Rossiya qo'llayotgani, qurol-aslaha bilan ta'minlayotgani haqidagi ayblovlar ortidan kuzatilmoqda. AQShga ko'ra, Rossiyaning bu harakati xalqaro bitimlarga zid va vaziyatni yanada chigallashtiradi. Moskva bu ayblovlarni inkor etgan, ammo Afg'oniston bo'yicha siyosatini ancha faollashtirgani kuzatiladi.

Aprel boshida Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari jalb qilingan holda Afg'oniston bo'yicha muzokara tashkil qilingan edi. Ayni kunlarda Moskvada xalqaro xavfsizlik masalasiga bag'ishlangan anjuman o'tgan. O'zbekiston Mudofaa vaziri o'rinbosari Shavkat Normatov ishtirok etgan bu konferensiyada ham Afg'onistondagi vaziyat muhokama qilingan.

Normatov O'zbekiston Tolibonni Afg'onistondagi asosiy beqarorlashtiruvchi kuch sitafida ko'rishini, guruh safida ikki mingga yaqin mintaqalik jangarilar borligini aytgan. Moskva siyosatida esa Tolibon guruhini quvvatlash kuchayib bormoqda.

Rossiyaning Afg'onistonda faollashishi mintaqa manfaatlariga javob bermaydi, degan fikrda toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazir:

“Birinchidan, toliblar avvalo pashtun etnik guruhi bilan bog'liq vaziyat, bu o'zbeklarga yoki boshqa guruhlarga tegishli holat emas. Ikkinchidan, agar Afg'oniston tomondan mintaqaga jiddiy bir tahdid keladigan bo'lsa, Rossiya yordam bera oladigan holatda emas. Ukraina muammosi, Rossiyadagi ichki inqirozning o'zi bunga yo'l qo'ymaydi. Agar toliblardan real tahdid tug'iladigan bo'lsa, Markaziy Osiyo o'z kuchiga ishonishi kerak. Eng yaxshisi Afg'oniston shimolidagi o'zbeklarga aniq ko'mak ko'rsatib, Janubiy Afg'oniston va Markaziy Osiyo o'rtasini muhofazalash kerak”, - deydi u.

O'zbekistonning Afg'oniston bo'yicha pozitsiyasi Islom Karimov davrida shakllangan - bu o'zaro ziddiyatli barcha guruhlarni BMT vositasida sulhga ko'ndirishdan iborat.

Afg'onistonda o'zbeklarning olti millionga yaqin yirik guruhi yashaydi. Yaqinda ular Juzjon viloyatida hukumat taqsimotida milliy huquqlar ta'minlanishini talab qilib, norozilik namoyishi o'tkazishdi. Rasmiy Toshkent Afg'onistondagi o'zbeklarga doir biror ochiq bayonot bermagan, ammo Afg'oniston bo'yicha muzokaralarga etnik guruhlar jalb qilinishi lozimligini ta'kidlab keladi.

Prezident Mirziyoyev Afg'oniston masalasini Turkmaniston, Qozog'iston va Rossiya prezidentlari bilan o'tgan uchrashuvlarda ham muhokama qildi. Vladimir Putin bilan Moskvadagi uchrashuvida Rossiyaning Afg'oniston bo'yicha tashbbuslarini qo'llashga tayyorligini bildirgan edi.

Mirziyoyevning AQSh qo'mondoni bilan uchrashuvida ham asosiy diqqat Afg'onistonga qaratilgan. Toshkent AQSh yetakchiligidagi xalqaro qo'shinlarni qo'llab kelgan, harbiy amaliyotlar davrida asosiy ta'minot ko'prigi vazifasini o'tagan edi.

Hokimiyat yangilanishi ortidan ToshkentningAfg'oniston bo'yicha siyosati ancha faollashgan. Tomonlar o'rtasidagi siyosiy aloqalar muntazamlashgani, Afg'oniston masalasida ko'p tomonama hamkorlik va xalqaro tashabbuslar qo'llab-quvvatlanayotgani kuzatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG