Qo'shma Shtatlar Rossiya va Pokiston hukumatlarini toliblarni quvvatlamaslikka undamoqda. Tinimsiz mojarolardan tinkasi qurigan Afg'onistonga yordam berishning eng ma'qul yo'li - Kobuldagi markaziy hukumati bilan hamkorlikni oshirish va bu xalqqa ko'mak ko'rsatish, deya bildiradi Oq uy.
Prezident Donald Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo'yicha maslahatchisi H.R. Makmaster Kobulga safar qildi. Terrorizm, mudofaa va o'zaro aloqalar xususida fikr almashilgan. Afg'oniston AQShning yangi rahbari bilan hali tanish emas. Makmasterning tashrifi shu bois ham juda muhim, deydi rasmiylar.
Makmaster deydiki, Kobuldagi hukumat bilan murosa qilishdan bosh tortgan toliblarni yo'q qilish kerak. Maqsad tinchlik bo'lsa, jangarilar qurolni tashlab, jamiyatga qo'shiladi; qo'shilmasa, demak, dushman va yakson qilish zarur, deydi AQSh rasmiysi.
Oq uy ayni damda Afg'onistonga nisbatan yangi strategiya ustida bosh qotirmoqda. Makmaster bu borada og'iz ochmadi lekin yangiliklar kuting, deya ogohlantirdi.
Afg'onistonda hozir AQSh 8400 harbiyga ega. Ular mahalliy armiya va xavfsizlik kuchlariga madad ko'rsatib kelmoqda. Maxsus operatsiyalarda ishtirok etmoqda.
“Tolibonni hech kim quvvatlamasligi kerak. Afg'on hukumati va xalqini nishonga olayotgan tomon bilan hamkorlik qilish ablahlik", - deydi Makmaster.
“Mintaqadagi davlatlar ijobiy rol o'ynamoqchi bo'lsa, afg'on xalqining ravnaqini o'ylaydi, terroristlarning emas. Uzoq urushni bas qilib, tinchlik tomon qadam tashlash kerak", - deydi Tramp maslahatchisi.
Rossiya oxirgi paytlarda Tolibon bilan muloqotni kuchaytirgan. "Islomiy davlat" hammaning dushmani va unga qarshi kurash yo'lida toliblar Kreml ko'magiga ko'z tikkan. Kobulga ko'ra, Rossiya bu harakatga allaqachon yordamlasha boshlagan.
O'tgan hafta Moskvada Pokiston, Xitoy, Eron, Hindiston, Afg'oniston va Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida mintaqaviy xavfsizlik bo'yicha anjuman o'tdi. Tolibon vakillari unda qatnashmagan.
Makmaster Pokistonga ham safar qildi. Uning nazarida Islomobod diplomatiyaga ko'proq tayanishi kerak. Bu bilan Oq uy rasmiysi Pokistonni toliblarni zimdan quvvatlayotganlikda ayblamoqda. Bu yangi ayblov emas. Islomobod azaldan Tolibonni yashirin tarzda moylab keladi, deb tanqid qilinadi. Pokiston maxfiy xizmati va jangari guruhlar orasida hamkorlik bor degan iddaolarni hukumat inkor etadi.
Afg'onistonning Nangarhor viloyatida o'tgan hafta AQSh misli ko'rilmagan darajada katta bombani qo'lladi. Noyadroviy portlovchi vosita "Islomiy davlat"ni nishonga olgan. 94 jangari yo'q qilingan.