Tolibon deganda bugun AQSh Afg'onistondagi toliblarni nazarda tutadi. Ular, Vashingtonga ko'ra, terrorchilar emas. Pokistondagi Tolibon esa terrorist tashkilot.
"Tehrik-i Tolibon" - Pokistonda asoslangan qonxo'r tizim, deya tushuntiradi Davlat departamenti.
Biroq Afg'onistondagi Tolibon ham qonli xurujlar qilish bilan band. Begunoh insonlarning qonini to'kib keladi. Nega u terrorchi sanalmaydi?
Buning siyosiy sabablari bor, deydi ekspertlar.
AQSh tomonidan xorijiy terrorist tashkilot hisoblanish uchun muayyan guruh bu davlat xavfsizligi va fuqarolariga bevosita tahdid solayotgan kuch deya ko'rilishi lozim. Afg'on toliblari shunday harakat. Biroq 61 guruhning nomi bitilgan qora ro'yxatda u yo'q.
Gap shundaki, Vashington Tolibonni Afg'onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish uchun muzokara qilish kerak bo'lgan siyosiy kuch deb biladi.
Davlat departamentining Afg'oniston bo'yicha sobiq maxsus vakili Jeyms Dobbins deydiki, afg'on toliblarni terrorist desangiz, adashmaysiz, biroq Amerika hukumati uchun buning foydasidan ziyoni ko'proq. Maqsad - bu zaminda tinchlikni ta'minlash. AQSh uchun qimmatga tushgan urushga real nuqta qo'yish.
Tolibonga nisbatan qator sanksiya va cheklovlar mavjud. Terrorchi degan maqom berilmasa-da, unga qarshi keskin choralar amalda, deydi rasmiylar.
Prezident Donald Tramp Afg'onistonga nisbatan strategiyani yangilaydi. Oq uy har bir dushmanni o'z nomi bilan atash tarafdori.
Afg'onistondagi bosh harbiy qo'mondon general Jon Nikolson deydiki, Amerika Tolibon bilan muloqot qilishni istamasa, uni terror tashkiloti deb tamg'alaydi. Nikolsonning o'zi toliblarni terrorchilarning malaylari deb ataydi. Tolibonni u, umuman olganda, Al-Qoida va Haqqoniy tizimi xizmatida, deya qoralaydi.
AQSh qora ro'yxatidagi 98 tashkilotidan 20 tasi Afg'oniston va Pokistonda faoliyat yuritadi. Terrorga qarshi kurashning katta qismi shu hududlarga to'g'ri keladi.
Afg'oniston hukumatining o'zi ham bugunga kelib toliblarni terrorchi demaydi. Kobul bu borada Vashington bilan hamfikr.
Prezident Ashraf G'ani Tramp ma'muriyati munosabatni o'zgartirmaydi, degan umidda.
Biroq ayrim siyosatdonlar ta'biricha,Tolibonni terrorist deb hisoblash strategik jihatdan foyda berishi mumkin. Tahlilchi Maykl Rayanga ko'ra, bu guruhni qora ro'yxatga kiritish bilan uni quvvatlab kelayotgan xorijiy davlatlarga bosimni oshirasiz, xususan Pokistonga. Ayrim arab davlatlari ham afg'on toliblari bilan hamkorlik qiladi. Rayan Afg'onistondagi boshqa zo'ravon to'dalar terrorchi ekan, ular qatorida yurgan toliblarni hisobga olmaslik, mantiqan noto'g'ri.
Vashingtondan yana bir ekspert Jianni Koskinas tahlilicha, agar Tolibon Afg'onistondagi bugungi tuzum bilan murosa qilmoqchi bo'lsa, terrorist degan maqom katta ahamiyatga ega bo'lmaydi. Haqiqatni tan oling, deydi u.