Breaking News

Mirziyoyevning Rossiyaga safari davomida nimalar muhokama qilinadi?


Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev so'nggi bor Islom Karimov vafoti ortidan Toshkentda ko'rishgan edi.
Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev so'nggi bor Islom Karimov vafoti ortidan Toshkentda ko'rishgan edi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga kutilayotgan tashrifi arafasida G'arb tomonidan sanksiyaga tortilgan kompaniyalardan biri - Gazpromning rahbari Aleksey Miller Toshkentga keldi. Bu esa O`zbekiston yana Rossiya uchun xom-ashyo bazasi sifatida qolishi xavotirini yuzaga chiqarmoqda. Mirziyoyevning tashrifi 3-5-aprel kunlari bo'lib o'tishi kutilyapti, tomonlar o`rtasida bir qator hujjatlar imzolanishi rejalangan. Ayni kunlarda O`zbekiston Mehnat vaziri Rossiyada turli uchrashuvlar o`tkazmoqda. Avvalroq Bosh vazir Abdulla Aripov Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedov bilan prezidentlar uchrashuvini muhokama qilgan edi.

Medvedovning Aripov bilan Moskvada o`tgan uchrashuvda ma`lum qilishicha, Putin va Mirziyoyev muzokaralari doirasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Prezidentlar uchrashuvida harbiy hamkorlik bitimi ham imzolanishi mumkin, 28-mart kuni O'zbekiston parlamentida O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi harbiy hamkorlik bitimi ma`qullangan.

Tashrifi arafasida Rossiyaning Gazprom kompaniyasi rahbari Aleksey Miller yangi shartnomalar muhokamasi uchun Toshkentga kelgan. Rossiya O'zbekistondan besh mlrd. kub metr gaz sotib olishni rejalayotgani xabar qilindi.

Rossiyaga tashrif davomida, shuningdek, mehnat muhojirlari maslasiga diqqat qaratilishi mumkin. Ayni kunlarda O`zbekiston Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov Rossiyada, turli darajada uchrashuvlar o`tkazmoqda.

Mirziyoyevning Rossiyaga safari anchadan buyon muhokamada. Putin O`zbekistonga so`nggi bor Islom Karimov vafoti ortidan, Mirziyoyev vaqtinchalik davlat boshqaruvini qo`lga olgan ilk davrga to`g`ri kelgan edi.

Mamlakatda hokimiyat o`zgararkan, O`zbekiston tashqi siyosatida Rossiya tomon burilish kuchayishi, dastlabki xorijiy tashrif ham Rossiyaga bo`lishi ehtimol qilindi. Ammo Mirziyoyev o`z safarini qo`shni davlatdan, Turkmanistondan boshladi. Undan so'ng Qozog'istonga bordi. Navbatdagi safar Moskva bilan siyosiy munosabatlarga doir dastlabki xulosalarni berishi mumkin.

Sharhlovchilar Mirziyoyevning Rossiyaga borishi ortidan keskin burilishlar yuz berishini kutishmayapti. Davlat tashrifi arafasida Gazprom rahbarining Toshkentga kelishi aloqlarning avvalgi darajasidan - O`zbekiston Rossiya uchun xomashyo bazasi sifatida qolishidan ishora sifatida qabul qilinmoqda.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko`ra, bu tashrif nafaqat siyosiy, balki uzoq yillardan buyon gaz va yoqilg`i taqchilligidan qiynalib kelgan oddiy aholi darajasida ham xavotir uyg`otgan.

“2005-yildan keyin ham shunday munosabat vujudga kelgan, o`zbek gaziga egalik qilgan Gazprom uni bir necha barobar qimmatiga Yevropaga sotib kelayotgan edi. Sovet davrida ham shunday bo`lgan. Farqli ravishda hozir davlatga ma`lum bir daromad bordir. Ammo muammo O`zbekistoning o`zida, ya'ni aholi energiya taqchilligidan muntazam qiynalib kelayotganidir. Gazpromning kelishi bu muammoni yanada chuqurlashtiradi, gaz aholining o`ziga yetmayapti. Bu sanoatga Rossiya moliya kiritadi, tizimni rivojlantiradi, deb kutmaslik kerak. Gazprom sanksiyalar ostida, sanoatni rivojlantirish uchun yuqori texnologiyalar kerak, buni esa Gazprom ham, Rossiya ham bizga taqdim eta olmaydi. Xullas, Rossiya bilan strategik hamkorlikning asosiy mohiyati yana o`sha O`zbekistonning xom-ashyo bazasi ekanligidan iborat bo`ladi”, - deydi Anvar Nazir.

Mirziyoyevning davlat tashrifini Rossiyadagi minglab mehnat muhojirlari ham kutishmoqda. Rossiyadagi faollar tashrif davomida mehnat muhojirlari uchun patent to`lovini bekor qilish, muhojirlarnining haq-huquqlarini kafolatlash masalasida kelishuv imzolanadi, degan umidda.

“Agar O`zbekiston tomoni mehnat muhojirlari masalasida Koreya modelini tajriba sifatida taqdim etsa, menimcha, Rossiya bunga tayyor emas. Chunki muhojirlar, ularning mablag`i Rossiya byudjetida katta o`rin tutadi. Masalan, Moskva byudjetida mehnat muhojirlaridan kelayotgan tushum asosiy o`rinda. Tashrif davomida ikki tomonlama bitimlarga ko`ra, qandaydir imtiyozlar yaratilishi haqida gap borishi mumkindir, ammo buning real vaziyatda o`zgarish qilishiga juda ehtiyotkorlik bilan qarayman. Chunki Rossiyaning o`zi bugun juda og`ir ahvolda”, - deydi Anvar Nazir.

Toshkent hali Mirziyoyevning Rossiyaga kutilayotgan davlat tashrifi haqida biror rasmiy ma`lumot taqdim etmagan. Avvalroq Rossiyadagi manbalar tashrifining 3-5-aprel kunlari bo`lib o`tishi haqida xabar tarqatgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG