Saylovdagi g'alabasi uchun O'zbekiston xalqiga ta'zim qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev odamlar undan ko'p narsalar kutayotganini yaxshi anglayotganini, prezidentlik o'zi uchun sinov bo'lishini e'tirof etmoqda.
O'zbekiston tarixidagi ikkinchi prezident sifatida saylangan Mirziyoyev 90 foizga yaqin ovoz bilan g'alaba qozondi. Dunyo davlatlari rahbarlari uni g'alaba bilan tabriklamoqda. Mirziyoyevni g'alabasi bilan qutlagan AQSh hukumati O'zbekistonda islohotlar boshlanishiga umid bildirgan. Unga ovoz bergan o'zbekistonliklar ham shunday o'zgarishlardan umidvor.
5-dekabr kuni Toshkentda o'z tarafdorlari bilan g'alabani nishonlagan Shavkat Mirziyoyev xalqqa minnatdorchilik bildirar ekan, odamlar undan ko'p o'zgarishlar kutayotganini yaxshi bilishi, o'z kuchini shu umidlarni oqlashga sarflashi haqida gapirgan.
Prezidentlik saylovi ortidan bu kabi tadbirlar o'tishi, saylov g'olibining o'z tarafdorlariga bevosita murojaat qilishi hali mamlakatdagi saylovlar tarixida kuzatilmagan. O'zbekistonni 27 yil davomida muqobilsiz boshqargan Islom Karimov bunday tadbirlarning tarafdori emas edi, saylovdagi g'alabasi ortidan xalqqa bevosita murojaat qilishi ham kuzatilmagan.
Mirziyoyevning o'z tarafdorlari oldidagi chiqishi ancha ochiq bo'lgan. U, jumladan, prezidentlik tufayli oyog'i yerdan uzilmasligi, prezidentlik xalq ishonchini oqlash uchun sinov bo'lishini e'tirof etgan.
Rossiya, Qozog'iston prezidentlari Mirziyoyevni rasmiy safar bilan mamlakatlariga taklif qilishdi.Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an avvalroq O'zbekistonga qilgan safari paytida shunday taklif bildirgan edi.
Mirziyoyevga kelayotgan tabriklarda O'zbekistondan islohotlar kutilayotgani yuzasidan umidlar faqat AQSh hukumati nomidan bildirilgan tabrikda ifodasini topgan.
Bunday umid Shavkat Mirziyoyevni saylovda qo'llagan 15 milliondan oshiq o'zbekistonliklarda ham, uzoq yillardan buyon islohotlar talab qilib kelayotgan fuqarolik jamiyati faollarida ham, shuningdek, mamlakatdagi saylovlardan chetga uloqtirilgan o'zbek muxolifatida ham mavjud.
Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko'ra, Mirziyoyev o'zida islohotchilik qobiliyati mavjudligini ko'rsatmoqda, davlat va jamiyat o'rtasida yo'qolgan muloqotni tiklamoqchi.
“Shuning uchun ham virtual qabulxona ochilishi bilan shikoyatlar to'lqini otilib chiqdi, bu esa davlat organlari va jamiyat o'rtasida muloqot yo'qolganining isboti edi. Mirziyoyev buni sezdi, o'zini islohotchi sifatida taqdim etayapti. Shuning uchun ham xalqda islohotchi Mirziyoyev paydo bo'lishiga talab juda katta edi”, - deydi u.
O'zbekiston fuqarolik jamiyatining xorijdagi faollaridan biri Mo'tabar Tojiboyevaga ko'ra, Shavkat Mirziyoyevning 90 foizga yaqin ko'rsatkichi soxtalashtirilgan bo'lishi mumkin, ammo u jamoatchilik tomonidan qo'llanmoqda, jamoatchilik esa aynan o'zgarishlarga muhtojligi uchun uni qo'llab chiqdi.
“Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, islohotlarga xayrixohligini ko'rsatdi, qo'shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshiladi, tadbirkorlar huquqlarini kafolatlashga qaratilgan qarorlar imzoladi. Endi siyosiy islohotlar boshlanishi kerak, biz undan shu islohotlarni kutib qolamiz”, - deydi faol.
Yangi prezidentning xorij delegatsiyasi bilan ilk uchrashuvi prezidentlik saylovlarini kuzatgan xalqaro guruhlar rahbarlari bilan bo'lgan. Mirziyoyev bilan uchrashgan MDH missiyasi rahbari Sergey Lebedev O'zbekistonning yangi rahbari MDHni saqlab qolish va aloqalarni rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratishini ta'kidlamoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa O'zbekiston Liberal demokratlar partiyasi saylovdagi o'z ga'labasini rus tilidagi “Shavkat Mirziyoyev nash prezident” yozuvi tushirilgan tort bilan nishonlagani norozilik uyg'otgan.