Mustaqil O'zbekiston tarixidagi ikkinchi prezident saylandi, saylovning dastlabki natijalari 5- dekabr kuni ma'lum qilinadi. Markaziy saylov komissiyasiga ko’ra, ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 80 foizga yaqini jarayonda qatnashgan. Ertalab 06.00 dan ochilgan saylov uchastkalari 20.00 gacha ishlagan.
Nomzodlar: Liberal-demokratlardan Shavkat Mirziyoyev, "Milliy tiklanish" dan Sarvar Otamurodov, "Adolat" dan Narimon Umarov va Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov.
Nomzodlar orasida hukumatga muxolif siyosatchilar yo`q. Amaldagi rahbari Shavkat Mirziyoyev g`olib chiqishiga shubha yo’q.
Joriy yilning sentabr oyida dafn etilgan Islom Karimov O`zbekistonni 27 yil davomida boshqardi. Uning davrida ham saylovlar bir necha nomzodlar bilan lekin raqobatsiz, bellashuvsiz kechgan. Xalqaro hamjamiyat nazarida bu jarayonlar demokratik tanlov emas.
Prezidentlik saylovlarining rasman bo`lib o`tganini belgilash uchun lozim bo`lgan 33 foizdan ko`proq ovoz Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Toshkent vaqti bilan soat 11.00 da qayd etilgan. Kechki soat beshlarga borib ovoz berganlar soni 80 foizga yaqinlashgani ma`lum qilindi.
Mahalliy matbuotning yoritishicha, saylov o`ta faollik bilan o`tmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham fuqarolarning saylovga befarq emasligi, mamlakatning turli burchaklarida ovoz berish qanday o`tayotgani haqidagi ma`lumotlarni ko’rasiz.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining 250 nafardan oshiq xodimi jarayonni kuzatdi. Xulosa kelasi hafta, tahlil esa sal keyin bayon etiladi.
Markaziy saylov komissiyasi shikoyatlar yo`q deya bildirmoqda. Mahalliy axborot vositalariga ko’ra ham xorij delegatsiyasi ovoz berish jarayonida qonunbuzarlik holatlarini ko’rmagan.
Respublika bo’ylab 9 mingdan oshiq saylov uchastkalari ishlagan.