BMT bergan ma’lumotga ko’ra, joriy yilning iyul oyida Qirg’iziston fuqaroligi yo’q shaxslarning muammosini butunlay hal etgan dunyodagi birinchi mamlakat bo’lgan.
Bu “Farg’ona vodiysi chegara bilmas yuristlari” tashkiloti va tashkilot asoschilaridan biri Azizbek Ashurovning xizmatlari evaziga qo’lga kiritildi.
Ushbu qilgan xizmatlari uchun Azizbek Ashurov Qochqinlar masalalari bo’yicha BMT Oliy komissarligining Nansen mukofotiga sazovor bo’ldi.
"Biz uchun kutilmagan yangilik bo’ldi. Bunday mukofot olish xayolimizga ham kelmagan edi. Hech bo’lmaganda, bir oilaning hayotiga yaxshi o’zgarish kirita olsak, mana shuning o’zi katta mukofot biz uchun aslida. U yerda mukofot topshirishayotganda ham ta’kidlab o’tganimdek, bu mengagina emas, birga ishlagan hamkasblarim, bizni qo’llagan Qirg’iziston hukumati uchun berilgan mukofot deb hisoblayman. Afsuski, dunyoda yana 10 milliondan ortiq fuqaroligi yo’q odamlar yashab kelmoqda. Bularning ahvoli juda fojiali. Agar odam inson qatori tan olinmasa, u juda og’ir ahvolda qoladi”, - deydi yurist “Amerika Ovozi”ga bergan suhbatida.
Ashurov 13 mingga yaqin fuqaroligi yo’q odamlarga fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat olishda ko’mak ko’rsatgan. Uning aytishicha, fuqaroligi bo’lmagan insonlarning 65 foizga yaqini Sovet Ittifoqi tarqagandan keyin hujjatsiz qolgan - ular turli sabablar bois sovet pasportini Qirg’iziston pasportiga almashtira olmagan.
“Biroq ularning orasida qo’shni davlatlardan kelgan kelinlar ham bor. Masalan, O’zbekistondan pasport olmay, yoshligida tug’ilganlik guvohnomasi bilangina Qirg’izistonga turmushga chiqqanlar na O’zbekistonning, na Qirg’izistonning fuqaroligini olmagan holda 30-40 yoshga chiqib, bola-chaqali bo’lganlar ham bor. Biz ularga ham yordam berdik”, - deydi Ashurov.
Qirg‘izistonning dunyo mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib o‘z hududida fuqarosizlik muammosidan qutila olish fakti katta muvaffaqiyat hisoblanadi.
Qo’shni O’zbekistonda fuqaroligi bo’lmagan shaxslar muammosi haligacha mavjud.
“Qo’shni O’zbekistonda, BMTning rasmiy ma’lumotiga ko’ra, 80 mingdan ortiq insonning fuqaroligi yo’q ekani aytiladi. Ularning orasida Qirg’izistondan ko’chib borganlar, u yerda turmush qurgan ayollar ham bo’lishi mumkin. Biz ularga yordam berishga doimo tayyormiz. Shu maqsadda bizning tashkilot qo’shni besh mamlakatdagi bizga o’xshash 11 tashkilot bilan birga Markaziy Osiyodagi fuqaroligi yo’q odamlar bilan ishlovchi norasmiy guruh tuzganmiz. Qirg’iziston tajribasini mazkur platforma orqali yetkazishga harakat qilyapmiz. Ammo shu o’rinda oxirgi uch-to’rt yilning orasida O’zbekistonda katta siljish bo’lganini ham aytib o’tay. Avval 20 yil davomida sanoqligina odam O’zbekiston respublikasining fuqaroligiga qabul qilingan bo’lsa, oxirgi 3-4 yil ichida uch mingga yaqin shaxslarga fuqarolik berildi. Men buni juda yaxshi dinamika deb hisoblayman. Bu O’zbekiston mazkur muammoga e’tibor qarata boshlaganini tushuntiradi”, - deydi Azizbek Ashurov.
“Fuqarosizlik — bu adolatsizlik. Fuqaroligi yo‘q odamlarni birorta ham davlat tan olmaydi. Ular jismonan bor, rasmiy qog‘ozda esa yo’q bo’lgan odamlar”? - deya qoshimcha qiladi u.
Unga ko’ra, bu muammoning Qirg’izistonda barham berilishida hukumatning siyosiy qarori, mazkur masalani yo’q qilish istagi katta ahamiyatga ega bo’lgan.
Nansen mukofoti — BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligining yillik huquqni himoya qilish yo‘nalishidagi mukofoti. Qochqinlar sohasida xizmat ko‘rsatganlar uchun 1954-yildan beri medal beriladi, 1979-yildan boshlab esa laureatlarga yuz ming dollar mukofot puli berib kelinadi.
Facebook Forum