Bloger Shabnam Olloshukurova ozod etilishini talab qilayotgan Xalqaro amnistiya tashkiloti O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga shu munosabat bilan bitilgan murojaatni e'lon qildi. Asab kasalliklari dispanserida saqlanayotgan Olloshukurova himoyasi uchun mamlakat prezidentiga yozilgan murojaatda O’zbekistonda avval ham inson huquqlari faollarini ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirish tajribasi qo’llangani eslatiladi.
Xorazmlik jurnalist Madmud Rajabning norozilik aksiyasini jonli yoritgan bloger Shabnam Olloshukurova sentabr oyida sud qaroriga ko’ra Urganchdagi ruhiy kasallar dispanseriga majburiy davolanishga yotqizilgan edi.
Xalqaro amnistiya tashkiloti e'lon qilgan murojaatga ko’ra, Olloshukurova avval ruhiy xastalikdan aziyat chekkan emas; u zudlik bilan shifoxonadan ozod etilishi kerak.
Mirziyoyevga qilingan murojaatni qo’llab-quvvatlashga chaqirayotgan tashkilot mamlakat prezidentining bu boradagi ko’magiga umid qiladi.
Xalqaro amnistiyaga ko’ra, norozilik aksiyasini yoritgani uchun avval ma’muriy qamoqqa, keyin ruhiy kasallar dispanseriga joylashtirilgan Olloshukurova taqdiri bilan bog’liq vaziyat o’ta xavotirli; yaqinlari uning salomatligi, ruhiy holatidan tashvishdalar.
Shabnam Olloshukurova shu yilning 23-sentabrida xorazmlik jurnalist, muxolafatdagi “Erk” partiyasi a’zosi Mahmud Rajab uyushtirgan norozilik namoyishni ijtimoiy tarmoqlarda jonli yoritib borishi davomida, aksiya ishtirokchilari bilan birgalikda hibsga olingan edi.
Hibs ortidan norozilik aksiyasi ishtirokchilari sudga tortildi. Ruxsatsiz namoyish o’tkazish, bezorilikda ayblangan Mahmud Rajab va Shabnam Olloshukurovaga nisbatan 10 kundan ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Olloshukurova sudning bu qaroriga nisbatan norozilik bildirib, ochlik e’lon qilishi ortidan ruhiy kasalliklar dispanseriga jo’natiladi. Uning ochlik e’lon qilgani haqidagi videotasvir bloger taqdiri yuzasidan xavotirlar ortishidan so’ng ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo’lgan edi.
Olloshukurova sud ajrimiga ko’ra dispanserga joylashtirilgan. Urganch tumanlararo sudining bu boradagi qarorida aytilishicha, hibsxonada psixiatr ko’rigidan o’tkazilgan Olloshukurovaning ruhiy holatida o’zgarishlar qayd etilgan, ruhiy asab kasalliklar dispanserining Olloshukurovani g’ayriixtiyoriy tartibda shifoxonaga yotqizish haqidagi arizasi qondirilgan.
Blogerning otasi Boltaboy Olloshukurov “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u qizining ruhiy kasallikka chalinganiga mutlaqo ishonmaydi. Shabnamni ruhan sindirish maqsadida jinnixonaga yotqizishgan, deydi u.
“Bosh prokuratura aytgan gap, kasal deydi, ijtimoiy xavfli deydi, buni qamashimiz, davolashimiz kerak deb bahona topadi bular. Ehtimol qamoqxonada uni jinniga aylantirish yo’lini o’ylagandirlar. Men tushunmayapman, nimalar bo’lyapti, qanday davolayapti, qanday ukol qilyapti, balki narkotik ukol qilayotgandir. Ularning niyati Shabnamni sindirish, ruhan sindirish. U jasur qiz, xalq uchun, odamlar uchun yonib turardi. Uni ruhiy sindirishni maqsad qilishgan, mana endi shu maqsadni amalga oshirish niyatidalar”, - deydi u.
Norozilik aksiyasini yoritgan bologerning ruhiy kasallar shifoxonasiga g’ayrixtiyoriy ravishda yotqizilishi ijtimoiy tarmoqlarda norozilikka sabab bo’ldi, O’zbekistonda faollarni jinnixonaga tiqish bilan jazolash tajribasi yana qaytayotganidan xavotirlar kuchaydi.
Bosh qarorgohi AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) ham aynan shunday bayonot bilan chiqdi, hukumatdan blogerning darhol ozod etilishini talab qildi.
Olloshukurovani ozod etishga doir talablar kuchayib borar ekan, O’zbekiston Ombudsmani va huquq himoyachilaridan iborat komissiya Xorazmdagi dispanserda bo’lib, bloger bilan uchrashuv o’tkazdi.
Ombudsman tomonidan bu uchrashuv haqida tarqatilgan ma’lumotda Olloshukurovaga qo’yilgan tashxis xalqaro me’yorlarga mos kelishi, ayni paytda bemorning holati nisbatan yaxshilangani, davolanishni davom ettirish maqsadga muvofiq deb topilganligi qayd qilingan.
Ombudsmanning ta’kidlashicha, Olloshukurovaga belgilangan muolajalar tarkibida insonning ruhiy holatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yo’qligi aniqlangan.
Xalqaro amnistiya bloger Shabnam Olloshukurovaning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligiga, mamlakat qonunchiligiga ko’ra, voyaga yetmagan farzandi bor ayollarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo’llanilishi mumkin emasligiga ham diqqat qaratgan.
Facebook Forum