Breaking News

AQSh Vakillar palatasi armanlar o'limini genotsid deb atadi


Kapitoliy binosi, Vashington, AQSh
Kapitoliy binosi, Vashington, AQSh

AQSh Kongressi Vakillar palatasi shimoliy Suriyadagi harbiy amaliyot yuzasidan Turkiya rasmiylarini jazolash hamda 20 asr boshida Turkiyada o'lim topgan armanlar ishini genotsid deb atashga oid qonun loyihasini qabul qildi. Bu xabar Anqarada keskin norozilik bilan kutib olindi.

Tashqi ishlar qo'mitasi raisi demokrat Eliot Engel va respublikachi qonunchi Maykl Makkaul tashabbusi bilan olg'a surilgan qonun shimoliy Suriyaga qo'shin kiritish qarorini bergani uchun hamda kurdlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar uchun bir qator turk rasmiylariga nisbatan jazo choralarini qo'llashni nazarda tutadi.

Qonunni yoqlab 403 kishi ovoz bergan, 16 qonunchi unga qarshi chiqqan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi qonunni "NATO ittifoqchiligi ruhiga noloyiq ish" deb atadi hamda uni yoqlagan qonunchilarni "bunday da'vat va harakat bilan terrorchilar ishini legitimlashtirayotganlik"da aybladi.

Anqara Suriya shimolidagi kurd guruhlarini Turkiyada 30 yildan beri avtonomiya uchun kurash olib borayotgan ayirmachi kurd jangarilariga aloqador deb biladi.

Tramp o'tgan hafta Turkiya bilan Suriya masalasida "doimiy sulh" tuzilganini e'lon qilgan edi. Shu asosda Anqaraga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilindi.

Lekin AQSh qonunchilari Turkiya askarlarining Suriya hududida qolayotganidan va AQSh qo'shinlarining hududni tark etganidan xavotirda.

Yangi qabul qilingan qonunga ko'ra, Turkiyaga Suriyada ishlatilishi mumkin bo'lgan qurollar sotilmaydi; harbiy sohaga aloqador Turkiya moliyaviy institutlari jazolanadi hamda Erdog'anning mol-mulki haqida muntazam hisobot berib boriladi.

Qonunga, shuningdek, 20-asr boshida 1,5 million armanning o'ldirilishini genotsid sifatida tan olish haqidagi hujjat ham ilova qilingan. Bu masala bir necha o'n yillardan beri AQSh Kongressida muhokama qilingan, lekin hech qachon qonun sifatida tasdiqlanmagan edi.

AQSh hukumati armanlar o'limini shu paytgacha genotsid sifatida tan olmagan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotga ko'ra, qonunning genotsidga oid qismi "tarixni qayta yozishga urinish" va Turkiya xalqi va hukumati ko'zi oldida u hech qanday qiymatga ega emas.

Qonun kuchga kirishi uchun Senat tasdig'idan o'tishi hamda Prezident Donald Tramp tomonidan imzolanishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG