Breaking News

O’zbekistonga kirishi taqiqlanganlar ro’yxati kengayyaptimi?


Tadqiqotchi Yevgeniy Bunin (markazda)
Tadqiqotchi Yevgeniy Bunin (markazda)

Uyg’urlar muammosi bilan shug’ullanib kelayotgan tadqiqotchi Yevgeniy Buninning Toshkent aeroportidan ortga qaytarilishi O'zbekistonda istalmagan shaxslar ro'yxati kengayayotgani haqidagi xavotirlarni o'rtaga chiqardi.

Bunin shu yil O’zbekistonga kirishi taqiqlangan navbatdagi faol; taqiq Xitoydagi uyg’urlar, ularning haq-huquqlari masalasi bilan bog’liq ekani aytilmoqda.

Asli rossiyalik, AQSh fuqaroligiga ega Yevgeniy Bunin Qozog’istonda yashab, inson huquqlari bilan shug’ullanib kelgan.

Bir muddat Qashqarda yashagan, uyg’ur tilini o’rgangan Yevgeniy Bunin Xitoy hukumati bosimi ostida mamlakatni tark etgan. Bir necha yildan buyon Qozog’istonda yashab, nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilib keladi. U bu faoliyati uchun Qozog’istonda taqiqqa tushgani ma’lum emas.

Noyabr boshida Toshkent aeroportidan biror izohsiz ortga, Qozog’istonga qaytarilgan Yevgeniy Buninning ma’lum qilishicha, deportatsiya qarori O’zbekistonga qilgan avvalgi safari davomida mahalliy faollar bilan uyg’urlar masalasida suhbat o’tkazgani bilan bog’liq bo’lishi mumkin.

Sharqiy Turkistonda yashab, uyg’ur tilini o’rgangan tadqiqotchi Xitoydagi qayta tarbiyalash lagerlariga tashlangan aholi, xususan, uyg’urlar, qozoqlar va boshqa millat vakillariga doir ma’lumotlar jamlangan Shahit.biz sahifasini yaratgan.

Sahifadagi ma’lumotda Xitoydagi qamoqxonalarda, jazo lagerlarida saqlanayotgan uyg’urlar, qozoqlar, qirg’izlar bilan bir qatorda nisbatan kam bo’lsada, o’zbeklar ham qayd qilinganini ko’rish mumkin.

Uyg’urlar muammosi bilan shug’ullanib kelayotgan tadqiqotchining nima sababdan O’zbekistondan deportasiya qilingani sababi rasman noma’lum, Toshkent bu masalada biror izoh bermagan. Buninning o’zi bu masalada O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilish niyatida.

Yevgeniy Bunin O’zbekistonda taqiqqa tushgan yagona faol emas. Fuqarolik jamiyati faollari, huquq himoyachilari, jurnalistlar va muxolifat vakillarining O’zbekistonga kiritilmagani holatlari uchrab turadi.

Shu yilning iyun oyida “Ozodlik” radiosining Moskvadagi muxbiri Umid Bobomatov O’zbekistonga kiritilmagan. Qarindoshlarini ziyorat qilish uchun mamlakatga borgan Bobomatov biror izohsiz Moskvaga qaytarib yuborilgan edi.

Avvalroq, aprel oyida Kanadadan O’zbekistonga uchib borgan muxolifat faoli, O’zbekiston parlamentining sobiq deputati Nasrullo Sayyid ham Toshkent aeroportidagi so’roqdan so’ng mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

O’zbekistondagi o’zgarishlarni, xususan, hokimiyatga Prezident Shavkat Mirziyoyev kelishini umid bilan kutib olgan, lekin bu umidlari ortidan O’zbekistonga kiritilmagan Nasrullo Sayyid “Amerika ovozi” bilan suhbatda o’zgarishlardan hafsalasi pir bo’lgani, yangi hokimiyat ham Karimov tuzumiga yaqinlashayotgani haqida gapirgan edi.

Jurnalist Umid Bobomatov esa O’zbekistonga kirishi taqiqlanganlar ro’yxati mavjudligi, Karimov davrida shakllantirilgan va asosan jurnalistlar, huquq himoyachilari va muxolifat faollaridan iborat bu ro’yxat yangi hokimiyat tomonidan ham to’ldirib borilayotgani haqidagi taxminlarini aytib o’tgan edi.

O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni, inson huquqlariga oid muammolarni keskin tanqid ostiga olgan faollarni quvg’in qilish yoki mamlakatga kiritmaslik tajribasi marhum prezident Islom Karimov davrida keng qo’llangan.

Kuzatuvchilar fikricha, Prezident Mirziyoyev davrida ham istalmagan shaxslarning mamlakatga kiritilmayotgani sobiq tuzum davridagi tartib hanuz amalda qolayotganini ko'rsatadi.

O'zbekistonga kiritilmaganlar orasida nafaqat siyosiy muxolifat vakillari, balki jamoatchilikka taniqli o’zbek yozuvchilar ham bor. 2017-yilda BBC delegatsiyasi tarkibida O’zbekistonga borgan taniqli yozuvchi Hamid Ismoil biror izohlarsiz mamlakatdan chiqarib yuborilgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG