AQSh IShID terrorchi guruhiga moliyaviy yordab bergan bir qator shaxslar va tashkilotlarga nisbatan yangi jazo choralarini e'lon qildi.
Moliya vazirligi ma'lumotiga ko'ra, Suriya, Turkiya, Afg'oniston va boshqa bir qator davlatlardagi to'rt shaxs va besh kompaniya yangi sanksiyalarga tortilgan.
Rasmiylarning aytishicha, IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag'dodiy o'ldirilgandan so'ng AQSh hukumati guruhning moliyaviy imkoniyatlarini cheklashga e'tibor qaratmoqda.
"Bag'dodiyga qarshi muvaffaqiyatli amaliyot ketidan Tramp ma'muriyati IShIDning qolgan terror tarmoqlarini butunlay yo'q qilishga qat'iy ahd qilgan", - deyiladi Moliya vaziri Stiven Mnuchin e'lon qilgan bayonotda.
Bosimni oshirish
Vashington IShIDga qarshi hamkorlari bilan birgalikda terrorchi guruhning moliyaviy tarmoqlarini izdan chiqarish harakatiga zo'r bermoqchi.
"AQSh to'qqiz shaxs va kompaniyalarga yangi sanksiyalar qo'yish orqali IShID resurslariga va tarmoqlariga bosimni oshirmoqda. IShID global xavfsizlik va barqarorlikka tahdid sifatida qolmoqda", - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo "Twitter" orqali.
Yangi sanksiyalarga tutilgan shaxs va kompaniyalarning AQSh ixtiyoridagi mol-mulki muzlatiladi va amerikaliklarga ular bilan hamkorlik qilish taqiqlanadi.
Jazolanganlar orasida turkiyaliklar bor
Sanksiyaga yo'liqqan to'rt shaxsning ikki nafari va besh kompaniyaning to'rttasi Turkiyada joylashgan. Turkiyalik aka-uka Ismoil Bayaltun va Ahmet Bayaltun hamda ularning "Ithalat Ihrajat" kompaniyasi AQSh sanksiyasiga yo'liqqanlar ro'yxatida.
Ekspertlarning aytishicha, AQSh sanksiyalari ro'yxatida turkiyaliklarning ko'pligi Anqaraning IShIDga qarshi kurashi qanchalik samarali ketayotganini savol ostiga oladi.
Turkiya o'z hududida IShID tarmoqlariga qarshi kurashni kuchaytirganini aytadi, ammo kuzatuvchilarga ko'ra, terrorchi guruh moliyaviy manbalarining bir qismi hanuz Turkiyada joylashgan.
"Bu jihodchilar, jumladan, IShID Turkiya ichida o'z inlarini qurgan. Bu juda xavotirli, lekin Turkiya jihodchi tarmoqlarni yo'q qilishga yetarli e'tibor bermayapti. Chunki Turkiya huquq-tartibot idoralari muxolif va hukumat tanqidchilarini ovlash bilan ovora", - deydi tahlilchi Merve Tahiroglu.
Turkiya matbuotiga ko'ra, AQSh sansksiyasiga uchragan Ismoil Bayaltun 2015-yil Turkiyaning Shanliurfa viloyatida terrorga qarshi amaliyot paytida hibsga olingan. Uning qachon qo'yib yuborilgani ma'lum emas.
"Turkiya IShIDni harbiy muammo sifatida ko'rmaydi"
Ba'zi ekspertlar fikricha, Turkiya xavfsizlik kuchlari mamlakat ichida IShIDga qarshi kurashga yetarli e'tibor qaratmayapti.
"Turkiya IShIDga hech qachon harbiy muammo sifatida qaramagan. U politsiya muammosi sifatida ko'rilgan", - deydi Tahiroglu.
Ekspert turkiyaliklarning ro'yxatga qo'shilish vaqtini ham tasodif deb hisoblamaydi. Bu yangilik Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anning AQShga safari ortidan e'lon qilingani bejiz emas, deydi u.
"Turkiyaning simoli-sharqiy Suriyaga harbiy bosqini ortidan AQSh va Turkiya aloqalari inqiroz davrini boshdan kechiryapti", - deya qo'shimcha qiladi Tahiroglu.
Uning yana aytishicha, Erdog'an IShIDga qarshi kurashda AQShning asosiy hamkori Turkiya bo'lishini istaydi, kurdlar emas.
IShID Afg'onistonda
AQShning yangi sanksiyalariga Afg'onistonda joylashgan "Najot" ijtimoiy yordam tashkiloti ham tortildi. U soxta xayriya maqsadlari ostida Afg'oniston va Pokistondagi IShID tarmoqlarini moliyalaganlikda ayblanmoqda.
U, shuningdek, salafiy birdamlik anjumani nomi bilan IShID yetakchilarining uchrahsuvlarini tashkil qilgani aytilmoqda.
AQSh rasmiylariga ko'ra, Suriya va Iroqdan qochgan ko'plab jangarilar Afg'onistondan panoh topgan.
"Najot"ning AQShga aloqasi
"Najot"ning ikki yetakchisi - Sayid Habib Ahmad Xon va Ruhulloh Vakil avval ham AQSh nishoniga tushgan.
AQSh Moliya vazirligi ma'lumotiga ko'ra, 2016-yil "Najot" xodimlaridan biri Kobulda terrorchi guruhga odam yollash bilan shug'ullangan.
Tashkilot, shuningdek, Qatar, BAA, Iroq va boshqa Yaqin Sharq mamlakatlarida IShID uchun xayriya yig'gan.
Kobullik tahlilchi va Tolibon hukmronligi paytida hukumatda ishlagan Vohid Mujdaning aytishicha, "Najot" tashkilot sifatida hukumat qaydidan o'tmagan.
AQSh ma'lumotida guruh rahbari Ahmad Xon IShID va tashkilot o'rtasidagi asosiy vositachi sifatida ko'rsatilgan.
Guantanamoning sobiq mahbusi
AQSh sanksiyasiga yo'liqqan Ruhulloh Vakil "Al-Qoida"ga aloqadorlikda ayblanib, Guantanamo qamog'ida o'tirib chiqqan.
Kobulda joylashgan tahlilchi Jovid Ko'histoniyning aytishicha, 2001-yil Tolibon hukumati AQSh tomonidan ag'darilgach, ko'plab jangarilar shimoldagi Kunar viloyatiga qochgan. Bu yerda Vakil taniqli shaxs bo'lgan va hibsga olingach, Guantanamoga jo'natilgan.
Salafiylik sunniy islomning o'ta konservativ talqini hisoblanadi. Ko'histoniyga ko'ra, IShIDga aloqador toifalar, ko'pincha, salafiylardan chiqadi.
Facebook Forum