Breaking News

Turkiya Suriyada yutdimi, yutqazdimi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning 17-oktabr kuni AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens bilan uchrashuvidan keyin turk armiyasi Suriya shimolida olib borayotgan “Tinchlik bulog'i” nomli harbiy operatsiya 120 soatga to'xtatiladigan hamda Turkiyaning talabiga binoan kurd jangchilar chegaradan uzoqlashadigan bo'ldi.

Ayni paytda AQSh ana shu operatsiya sabab Turkiyaga joriy etgan sanksiyalar ham to'xtatiladi.

Turk hukumati mazkur kelishuvni “qat’iyat evaziga erishilgan muvaffaqiyat” sifatida baholadi. Ammo muxolifatchi Jumhuriyat xalq partiyasi raisining o'rinbosari Tunjay O'zkan Turkiya AQShga yon bosishga majbur bo'ldi degan fikrda.

“Askarlarimiz halok bo'ldi. Xat bilan tahdid qilindik (Trampning 9-oktabrda Erdog'anga yozgan maktubi nazarda tutilyapti). “Xalqbank” uchun ayblov xulosasi tayyorlandi. Erdog'an “faqat Tramp bilan uchrashaman”, degandi. Pens va Pompeo bilan uchrashdi. Erdog'an “o't ochishni to'xtatish bo'lmaydi”, degandi. Bo'ldi. Allohim, askarlarimizni asra”, - deya yozdi u Tvitterdagi sahifasida.

Asosan kurdlar qo'llab-quvvatlaydigan Xalq demokratik partiyasi (XDP) esa kelishuvda kurdlar va suriyaliklar e’tiborga olinmaganini tanqid qilib, kelishuvni “mavjud rasvo vaziyatni xaspo'shlashga urinish” deya baholadi. Zero, XDP harbiy operatsiya boshlanganidan beri turk hukumatini kurdlarga nisbatan dushmanlikda ayblab kelayotgan edi.

Olimjon Sobir, tadqiqotchi, qator ilmiy maqolalar muallifi
Olimjon Sobir, tadqiqotchi, qator ilmiy maqolalar muallifi

Anqara bezovtaligining sababi

Turkiya avvalgi niyatini takrorlayapti: Suriyaning shimoli-sharqida, chegaradan 32 kilometr ichkariga cho'ziladigan va uzunligi 444 kilometrga teng maydonda “xavfsiz hudud” barpo etish. Anqara mazkur hududning IShIDdan va YPGdan xoli bo'lishini istayapti. YPG - “Xalq mudofaa otryadi”, kurdlardan iborat qurolli guruh. Turkiya YPGni “Kurdiston ishchilar partiyasi” nomli terrorchi tashkilotning Suriyadagi qanoti deb hisoblaydi.

“Turkiya avval ham Suriyada ikki marta - “Furot qalqoni” va “Zaytun novdasi” nomli harbiy operatsiya o'tkazgan. Hozirgi “Tinchlik bulog'i” operatsiyasining o'tkazilishi uchun ham, avvalgi operatsiyalar uchun ham Turkiyaning o'ziga yarasha asosli sabablari bor", - deydi Anqaradagi Inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazining (ANKASAM) xalqaro huquq bo'yicha mutaxassisi Olimjon Sobir “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Suriyadagi urush davrida hududning demografiyasi o'zgarib ketdi: arablarning ko'pchiligi qishloqlardan haydab chiqarildi va hududning nazorati YPGga o'tdi.

"Ilgarilari Suriyaning Turkiya bilan chegara hududlarida asosan arablar va turkmanlar yashardi. Bu - Turkiyadagi kurdlar bilan Suriyadagi kurdlarni ajratib turadigan hudud edi. Biroq Suriyadagi urush davrida hududning demografiyasi o'zgarib ketdi: arablarning ko'pchiligi qishloqlardan haydab chiqarildi va hududning nazorati YPGga o'tdi. Bu esa ikki tomondagi kurdlar uchun jo'g'rofiy jihatdan birlashish imkonini paydo qildi. Pirovardida chegaradagi xavfsizlikka, umuman, Turkiyaning milliy xavfsizligiga tahdid tug'ildi”, - deydi suhbatdosh.

Olimjon Sobirning so'zlariga ko'ra, “Tinchlik bulog'i” operatsiyasi doirasida qo'lga kiritilgan ba’zi ma’muriy binolarda “Kurdiston ishchilar partiyasi” yetakchisi Abdulla O'jalonning portretlari osilganiga guvoh bo'lingan.

“Bu juda muhim dalil. Shu paytgacha YPGning boshqa davlatlar tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olinmay kelinayotganiga uning “Kurdiston ishchilar partiyasi”ga aloqasi yo'qligi sabab qilib ko'rsatiladi”, - deydi mutaxassis.

U “Tinchlik bulog'i” operatsiyasining huquqiy asosiga to'xtalar ekan, Turkiya BMT nizomining 51-moddasiga va NATO shartnomasining 3- va 5-moddalariga tayanganini, bu moddalarda davlatlarning o'zini o'zi mudofaa qilish huquqi belgilab qo'yilganini aytadi.

AQSh va Yevropa nega YPGga qarshi emas?

Yevropa Ittifoqi Turkiyaning Suriyada harbiy operatsiya o'tkazishiga boshidanoq qarshi chiqib kelayotgan edi. AQSh esa hududdan askarlarini olib chiqqan bo'lsa-da, operatsiya boshlanganidan so'ng Turkiyaga iqtisodiy sanksiya joriy etdi. Olimjon Sobir bu qarshiliklar ortida geosiyosiy omil borligini aytadi.

Suriya shimolidan baribir qachondir neft quvurlari o'tadi. Asosiy savol bu quvurlar kimning nazoratida bo'ladi: kurdlarningmi yoki turklarning?

“Ma’lumki, dunyoda neftning 18 foizdan ortig'i Xo'rmuz bo'g'ozidan olib o'tiladi. Hozirga kelib bu bo'g'oz orqali neft tashish qiyinlashdi, chunki Eron bilan tuzilgan yadroviy shartnomadan 2018-yilda AQShning chiqib ketishi ikki o'rtada taranglikka sabab bo'ldi. Eronning ushbu shartnomaga qo'shilgan Yevropa davlatlari bilan ham aloqalari taranglashdi. Bunday vaziyatda AQSh va Yevropaning Yaqin Sharqdagi energiya manbalarini O'rta yer dengiziga tashish uchun muqobil yo'l qidirish bo'yicha urinishlari kuchaydi. Bu yo'l sifatida Suriyaning shimoli ko'rilyapti: Suriyaning Iroq bilan chegarasidan boshlab to O'rta yer dengizigacha yo'lak ochish. Mazkur loyiha ustida aslida ancha vaqtdan beri tortishib kelinadi. Rejada Suriyaning shimoliy hududlari nazoratini kurdlarga berish ko'zda tutilgan edi. Turkiya esa ana shu rejaga qarshi”, - deydi Sobir.

Mutaxassisning fikriga ko'ra, Suriya shimolining Turkiya ta’siri doiraga tushishi Yevropaning Turkiyaga bog'liqligini kuchaytiradi:

“Suriya shimolidan baribir qachondir neft quvurlari o'tadi. Asosiy savol bu quvurlar kimning nazoratida bo'ladi: kurdlarningmi yoki turklarning?”

Qochqinlar - Suriyaga

Anqara “Tinchlik bulog'i” opertasiyasi doirasida YPGdan tozalangan hududlarga Turkiyadagi ikki million suriyalik qochqinni ko'chirishni rejalashtirgan. Bu bilan Turkiyada suriyalik qochqinlarga nisbatan yuzaga kelgan norozilik kayfiyatiga barham berish mumkin.

“Zero, Turkiyada millionlab qochqinning bo'lishi uning turizm o'lkasi sifatidagi imiji uchun zarar. Qochqinlarga nisbatan norozilik kayfiyati bora-bora boshqa chet elliklarga, hatto turistlarga nisbatan ham yoyilish ehtimoli bor. Masalaning iqtisodiy tomonini ham e’tibordan soqit qilib bo'lmaydi: Ayni paytda Turkiyadagi suriyalik qochqinlar arzon ishchi kuchi sifatida ishlatilyapti. Albatta, bu ham mahalliy aholiga yoqmayapti”, - deydi Olimjon Sobir.

Suhbatdosh deydiki, Turkiya harbiy amaliyotini bekor qilmagan, balki YPG ortga chekinishi uchun muhlat bergan.

“Anqara maqsadini oxirigacha amalga oshirmoqchi”, - deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG