Breaking News

Turkiya harbiy amaliyotida qaysi guruhlar qatnashyapti?


Turkiya Suriya shimolida harbiy amaliyot o'tkazar ekan, bunda u Suriyadagi ayrim isyonchi guruhlar yordamiga tayanmoqda. "Tinchlik bahori" operatsiyasidan maqsad YPG ("Kurd xalq mudofaa otryadi") guruhiga aloqador kurd jangarilarini Suriya-Turkiya chegara hududlaridan haydab chiqarish, deydi rasmiylar.

Anqara qo'llab-quvvatlayotgan va treningdan o'tkazgan "Suriya Milliy Armiyasi" bu amaliyotda qatnashayotgan asosiy guruhdir. Guruh so'zlovchisi Yusuf Hamud so'zlariga ko'ra, Suriyada jangarilar joylashib olgan joylar Turkiya armiyasi tomonidan bosib olinadi.

Hujumni Turkiya maxsus kuchlari boshqarayotgan bo'lsa-da, ularga qariyb 14 ming suriyalik isyonchilar yordam bermoqda. Suriya shimoli-sharqidagi kamida uch nuqta nishonga olinadi.

"Ayrim isyonchilar chegara hududga Turkiyadan safarbar etilmoqda, boshqalari allaqachon Suriyaga kirib bormoqda", - deydi harbiy sharhlovchi Ahmed Rahal.

Uning aytishicha, "Sulton Murod", "al-Hamzat", "Ahror al-Sharqiya" va boshqa kichikroq guruhlar hozirda "Suriya demokratik kuchlari" (SDF) nazoratida bo'lgan shaharlarni bosib olishda katta rol o'ynaydi. SDF arab va kurd jangchilaridan tashkil topgan.

"Sulton Murod" 2013-yilda tuzilgan bo'lib, Turkiyadan harbiy, moliyaviy va logistik yordam oladi. Uning jangchilari, asosan, turkmanlar.

"Al-Hamzat" 2016-yilda Turkiyada tashkil etilgan va Anqara dastaklagan birinchi suriyalik guruhlardan biridir. 2017-yilda Suriyaning Jarablus shahariga turk askarlari bilan birga kirgan edi.

"Ahror al-Sharqiya" esa 2016-yilda tuzilgan bo'lib, unga asosan Suriyaning Deir al-Zur viloyatidan chiqqan jangchilar kiradi. Ayrim a'zolari o'tmishda "Ahror al-Shom" islomiy guruhi tarkibida bo'lgan.

Ahmed Rahalga ko'ra, Anqara yuqorida tilgan olingan guruhlardan kurd jangarilaridan tortib olingan shaharlarni qo'riqlash uchun foydalanadi.

Turkiya amaliyoti AQSh qo'shinlarini Suriya-Turkiya chegara hududlaridan olib chiqishi ketidan boshlandi. Mingga yaqin amerikalik harbiy Suriya shimoli-sharqida "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda yordam berib kelayotgan edi.

SDF, o'z navbatida, Turkiya armiyasi va uning ittifoqchilariga qarshi jangga qancha kuch tashlashi ma'lum emas. Bu guruhning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, uning AQSh tomonidan jihozlangan va treningdan o'tkazilgan kamida 85 ming jangchisi bor.

SDF tarkibiga ko'p millatli bir necha guruhlar kiradi, jumladan YPG, YPJ (faqat ayollardan iborat), Suriya harbiy kengashi (nasroniy qurolli guruh), "Jaish Tuvar Deir al-Zur" va Suriya shimoli-sharqidagi shaharlar uchun mas'ul mahalliy harbiy kengashlar.

Turkiya YPGni Kurdiston ishchilar partiyasiga (PKK) aloqador terrorchi guruh deb hisoblaydi. PKK AQSh va Yevropa tomonidan ham qora ro'yxatga kiritilgan. Ammo YPG - IShIDga qarshi kurashda AQSh bilan hamkor.

Suriya shimolida bufer zonasini yaratish to'g'risidagi Vashington-Anqara kelishuviga qaramasdan, Turkiya bir necha oydan beri Suriya shimoli-sharqini bosib olishi haqida ogohlantirib kelayotgan edi.

Tahlilchilarga ko'ra, Turkiya hujumida qatnashayotgan isyonchilar o'z tarafdorlarini safarbar etish va Anqara bilan ittifoqchilikni asoslash uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda.

"Ularning aksariyati o'tmishda SDFga qarshi kurashgan ekstremist guruhlar", - deydi suriyalik tadqiqotchi Sadriddin Kinno. Bu kuchlarning asosiy maqsadi, deydi u, AQSh tomonidan qo'llab-quvvatlangan SDF kabi guruhlarning Suriya kelajagida rol o'ynamasligini ta'minlash.

Turkiya va Suriya matbuotiga ko'ra, "Suriya Milliy Armiyasi" Turkiya qo'llab-quvvatlagan bir necha isyonchi guruhlarning birlashuvi natihasida o'tgan oy tuzilgan.

"Turkiya Afrinda ro'y bergan dahshatli huquqbuzarliklar ketidan "Suriya Milliy Armiyasi"ni tuzdi, uni intizomli kuch sifatida taqdim etmoqda", - deydi Sadriddin Kinno.

2018-yilning martida Turkiya harbiylari va ularning suriyalik ittifoqchilari Suriyaning asosan kurdlar yashovchi Afrin shahrini bosib olgan, YPG guruhini u yerdan haydab chiqargan edi.

Inson huquqlari tashkilotlari va BMT xulosasiga ko'ra, isyonchi kuchlar o'shanda Afrinda kurd aholiga qarshi sistematik jinoyatlar sodir etgan. Turkiya boshlagan amaliyot sakkiz yillik urushdan qaqshagan mintaqani yanada beqarorlashtiradi degan xavotir bor.

"Tinch aholi jabr chekadi, minglab odam ko'chishga majbur bo'ladi", - deydi Xalqaro Amnistiya tashkilotidan Filippe Nassif.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG