Breaking News

Turkiyaning Suriya shimolidagi amaliyotiga munosabat qanday?


Turkiya harbiy samolyotlar va artilleriyasi ishtirokida Suriya shimolida harbiy amaliyot boshladi. Xabarlarga ko’ra, hududdan AQSh qo’shinlari chiqishi bilan Turkiya armiyasi va Anqara tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan “Ozod Suriya armiyasi” isyonchilari kurdlar nazoratidagi shahar va qishloqlarga hujum qilgan.

Xalqaro hayot - 10-oktabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:27 0:00

AQShdagi ayrim qonunchilar Prezident Donald Trampning harbiylarni Suriyadan chiqarish qarorini tanqid qilarkan, ular nazarida, bu Turkiya hujumiga yo’l ochdi. Tramp Anqara amaliyotini tanqid qilish bilan birga Qo’shma Shtatlar Turkiya va kurdlar o’rtasidagi ixtilofga aralashmasligi kerak, deydi.

Turkiya Suriya shimoliga qo’shin kiritishi haqida anchadan beri aytib kelayotgan edi. Prezident Rajab Toyib Erdog’an qurollangan kurd bo’linmalarini chegara hududlardan uzoqlashtirmoqchi.

Tramp Turkiyani tinch fuqaro va ozchilikdagi elatlarga ehtiyot bo’lishga chaqirdi, ammo uzoq tarixga ega turk-kurd mojarosiga aralashish AQSh manfaatiga to’g’ri kelmaydi, dedi.

“Ular bir-biri bilan asrlar davomida jang qilib keladi. Ixtilof hanuz davom etmoqda. Bizni bu mojaroga tortishdi. Aslida 30 kunga mo’ljallangan amaliyot bo’lishi kerak edi, ammo ko’p yillarga qolib ketdik”, - dedi Tramp.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Turkiya amaliyoti paytida tinch aholi ham jabr ko’rmoqda.

Asosan kurdlardan iborat “Suriya demokratik kuchlari” vakili Mustafo Balining aytishicha, kurdlar AQSh yordamisiz ham jang qilishga tayyor.

“Tushkunlikka tushib qolganimiz yo’q. “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi koalitsiyaga bir nechta Kalashnikov avtomatlari bilan qo’shilganmiz. 100 ming askarimiz bor. Terrorga qarshi janglarda va g’alabalarda toblandik. AQSh kuchlari bilan besh yil sharafli, do’stona, halol hamkorlikdan so’ng bu ittifoqning to’satdan va nomunosib ravishda uzilganini qabul qilish juda og’ir bizga”, - dedi u.

Tramp “AQSh kurdlardan yuz o’girdi, ularga xiyonat qildi” degan gaplarni inkor etmoqda. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar kurdlarga yetarlicha yordam berdi, harbiy bilim va qurol bilan ta’minladi, moliyaladi.

Yevropa Ittifoqi, NATO, arab davlatlari rahbarlari va inson huquqlari tashkilotlari Turkiya hujumini qoralarkan, Suriyada gumanitar inqiroz yanada kuchayishi haqida ogohlantirmoqda. Erdog’an Turkiyada boshpana olgan salkam to’rt million suriyalikning vataniga qaytishi uchun sharoit yaratish kerak, deydi.

“Arablarni o’z yerlaridan haydab chiqarishdi, kurdlar yerlarimizni egallab oldi. Suriya tinch bo’lsa, albatta qaytamiz. Turkiya armiyasi amaliyotini qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi Istanbuldagi qochqinlar lagerida yashovchi suriyalik Husayn Hassun.

“Men birinchilardan qaytaman. Bu yerda bir kun ham ortiq turgim yo’q. Do’stlarimiz bilan vatanga qaytishni istaymiz. Charchadik”, - deydi Hamid Nassar ismli yana bir qochqin.

“Ushbu amaliyot g’alaba bilan yakunlanadi degan umiddamiz. Xavfsizlik tiklanishi bilan Turkiyadan mamlakatimizga qaytamiz”, - deydi suriyalik Mustafo Qirmizi.

Sakkiz yillik zo’ravonlik va beqarorlikdan so’ng Suriyada hali-beri tinchlik qaror topishiga ishonch yo’q.

Turkiya hujumni aksilterror amaliyot deya atamoqda. Kurd jangchilari xalqaro hamjamiyat madadiga tayanmoqda va, xususan, Rossiyadan yordam so’ragan.

Erdog’an Yevropa Ittifoqi amaliyotni qoralashda davom etsa, uni bosqin deb atashdan o’zini tiymasa, suriyalik qochqinlarga chegaralarni Yevropa tomon ochib berishini aytib do’q-po’pisa qilmoqda.

Amaliyot tanqidchilarining yana bir xavotiri shuki, Suriya shimolida kurdlar nazoratidagi qamoqxonalarda saqlanayotgan 10 mingdan ziyod Daish jangarilari qochib ketishi mumkin. Shulardan salkam 2500 o’ta xavfli xorijiy jangari ekani aytilmoqda.

Tramp Yevropa davlatlariga hibsdagi jangari vatandoshlarini qabul qilishni bir necha bor taklif qilganini, biroq rad javobini olganini aytdi.

Turkiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, amaliyot BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida olib borilmoqda. Turkiya o’zini mudofaa qilishga haqli, deyiladi vazirlik bayonotida.

AQShning Suriya-Turkiya chegarasida harakatlangan 50 nafar maxsus qo’shini boshqa joyga ko’chirilgani aytilmoqda. Jami Suriyada AQShning mingga yaqin askari bor.

Erdog’anning aytishicha, “Tinchlik bulog’i” nomini olgan amaliyotda shu onga qadar 109 terrorchi yo’q qilingan, Furot daryosidan sharqda 181 ta nishon havodan va to’plardan urilgan. Kurdlar Turkiya hujumidan mudofaa qilish maqsadida “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurashni to’xtatishga majbur ekanini aytmoqda.

AQSh harbiylari kurdlarga “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurashda yordam bergan, Erdog’an ham Suriyada Daishga qarshi jang qilyapmiz, deydi. Rossiya ham Suriyaga aynan shu maqsadda kirganini aytadi. Biroq “dushmanimning dushmani – do’stim” degan gap ayni paytda Turkiya va kurdlarga taalluqli emas. Erdog’an harbiy tajriba orttirgan kurdlarni Turkiyaga tahdid deb biladi.

Erdog’an Turkiya chegarasidan Suriya ichkarisiga 30 kilometrgacha yoyiluvchi va eni 480 kilometr bo’lgan bufer zonasini yaratish haqida gapirib kelgan. Turkiyada jon saqlayotgan millionlab suriyalik qochqinlarga ushbu xavfsiz zonaga ko’chish taklif etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG