Breaking News

Tramp Turkiyani iqtisodiy jazolash haqida ogohlantirdi


AQSh Prezidenti Donald Tramp
AQSh Prezidenti Donald Tramp

AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, Suriyada IShIDni mag'lub qilish missiyasi nihoyasiga yetdi va u Turkiyani harbiy yo'l bilan emas, balki iqtisodiy choralar orqali tartibga chaqirishni rejalamoqda. Uning jurnalistlar bilan o'tgan uchrashuvda qo'shimcha qilishicha, Suriyada hozir Amerikaning jangovar kuchlari mavjud emas va jang qilish uchun u yerga minglab AQSh askarlarini jo'natish maqsadi yo'q.

Turkiya qo'shinlarining shimoliy Suriyaga kirib, kurd bo'linmalariga qarshi harbiy amaliyot boshlagani munozaralarga sabab bo'ldi. Mintaqada qochoqlar soni oshib, gumanitar inqiroz yanada kuchayishi haqida xavotirlar oshmoqda.

Shimoli-sharqiy Suriyada boshlangan janglar oqibatida o'n minglab odam o'z uyini tark etgan. Gumanitar yordam tashkilotlari tomonlarni tinch aholi xavfsizligini ta'minlashga chaqirmoqda.

BMT Xavfsizlik kengashi o'tkazgan favqulodda yig'inda ba'zi davlatlar Turkiyani harbiy harakatni to'xtatishga chaqirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, harbiy chora Suriya muammosiga yechim bo'la olmaydi.

"Suriya uchun har qanday yechim Suriya birligini, hududiy yaxlitligini va suverenitetini hurmat qilishi kerak", - dedi u.

Tramp ma'muriyati Anqarani Suriyadagi ishlari uchun javobgarlikka tortishi haqida ogohlantirdi.

Tramp IShIDga qarshi kurashda ittifoqchi bo'lgan kurdlarni o'z holiga tashlab qo'ygani tanqidlarga uchragan edi.

"Harbiylarni olib kelib, hammani yana yengish mumkin yoki Turkiyaga moliyaviy yo'l bilan kuchli narsalarni qilish mumkin. Yoki o'rtada murosachi bo'lamiz. Murosachi bo'lamiz, degan umiddaman", - deydi Tramp.

Kurd terrorchi guruhlarini chegaradan surib chiqarish maqsadi bilan Turkiya boshlagan amaliyot mintaqada hibsda saqlanayotgan minglab IShID jangarilari ozodlikka chiqib ketishi mumkinligi haqida xavotirlar oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG