Breaking News

Qirg'izistonda korrupsiyaga qarshi namoyishlar


Bishkekda o'tkazilgan namoyish, 2019-yil, 25-noyabr
Bishkekda o'tkazilgan namoyish, 2019-yil, 25-noyabr

Qirgʻiziston poytaxti Bishkekda 25-noyabr kuni korrupsiyaga qarshi "#REакция" fuqarolik aksiyasi boʻlib oʻtdi. Mahalliy matbuot vakillarining bildirishicha, tadbirga 2000 nafardan ortiq kishi toʻplangan.

Aksiya ishtirokchilari Davlat bojxona xizmati yetakchisining sobiq oʻrinbosari Rayimbek Matraimov va boshqa korrupsionerlarning qamalishi hamda mamlakatda real islohotlar oʻtkazilishini talab qilib, qoʻllariga Matraimovning, prezident Sooronbay Jeyenbekovning suratlarini, shuningdek, mamlakatda qonun ustuvorligini talab qilgan yozuvlar bitilgan plakatlarni koʻtarib chiqishgan.

Bir yarim soat davom etgan namoyish militsiyaning 1-dekabrga qadar parlament binosi oldida tadbir oʻtkazish taqiqlangani boʻyicha ogohlantirishi ortidan toʻxtatildi. Militsiya vakillari koʻrsatgan qarorda "Sud tomonidan 13-noyabrdan boshlab futbol musobaqalari va KXShT majlisi hamda Qozogʻiston prezidentining tashrifi munosabati bilan har qanday miting oʻtkazish" taqiqlangani yozilgan.

Qirgʻiziston bojxonasidagi korrupsiya va “pul yuvuvchi” Saymaiti
"#REакция" aksiyasi 21-noyabrda “Ozodlik” radiosining qirgʻiz xizmati, “korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq qilish Markazi” (OCCRP) hamda Kloop.kg axborot agentligi bilan hamkorlikdagi jurnalistik surishtiruvining eʼlon qilinishi ortidan boʻlib oʻtdi. Qirgʻizistondan kamida 700 million dollar olib chiqib ketilishiga bagʻishlangan jurnalistik surishtiruv jamoatchilikda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

Surishtiruvning asosiy manbasi Ayerkin Saymaiti ismli 37 yoshdagi etnik uygʻur boʻlgan. U jurnalist bilan suhbatda 2011-2016-yillar davomida Qirgʻizistondan 700 million dollar olib chiqqanini tan olgan. Bu soʻzlashuvlardan koʻp oʻtmay Saymaiti Istanbul markazidagi mehmonxonalardan birida otib oʻldirilgan.

Ammo Saymaiti oʻlimidan avvalroq qoʻlidagi hujjatlarni muxbirga berib ulgurgan. Jurnalistik surishtiruvning mualliflari yozishicha, mazkur hujjatlarda Qirgʻiziston xalqining pulini tizimli shaklda oʻgʻirlab turgan yirik sxemani oshkor qiluvchi maʼlumotlar boʻlgan.

Mualliflar yozishicha, Saymaitioʻzining mazkur sxemada pul yuvuvchi mutaxassisga aylanganini tan olgan. U besh yil davomida kamida 700 million dollarning Qirgʻizistondan oʻnlab davlatlarga bank orqali va naqd pul shaklida chiqarib ketilishiga javobgar odam boʻlgan.

“Azattiq" radiosi, "korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq qilish loyihasi" va uning Qirgʻizistondagi hamkori Kloop bir necha oy davomida Saymaiti bergan hujjatlarni oʻrganib, ularni dalillar bilan puxtalashtirishga harakat qilishdi. Hamkorlikdagi surishtiruvning natijasi Saymaiti daʼvolarining koʻpini tasdiqladi", deb yoziladi jurnalistik surishtiruv matnida.

Besh yil davomida Saymaiti xitoylik uygʻur Habibulla Abduqodir klani uchun gʻayriqonuniy pullarni yuvish ishlarini amalga oshirgan hamda Matraimovning yordami bilan bu klan Markaziy Osiyodagi yashirin kargo imperiyasini qurgan.

Jurnalistlarning Saymaitidan olgan maʼlumotlariga tayanib yozishicha, Oʻzbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning kuyovi, nufuzli tadbirkor Timur Tillyayevniki ekani aytilgan “Abu Saxiy” bozori aslida 1990-yillar oxirida Habibulla Abduqodirning loyihasi asosida ish boshlagan.

Shuningdek, Saymaiti jurnalistga Habibulla Abduqodir "Abu Saxiy" bozorini tashkil qilgach, bir necha yilini Oʻzbekistondan tashqarida kechirganini, qaytib Oʻzbekistonga kelganda esa oʻsha vaqtdagi prezident Karimovning oilasi bilan kelishib, bozorni ularga topshirib, uning oʻrniga ayni bozorga mahsulot tashish bilan shugʻullanuvchi yana "Abu Saxiy" deb atalgan shaxsiy kargo biznesini tashkil qilganini hikoya qilib bergan.

Jurnalistlar qoʻlga kiritgan kompaniyaning hujjatlariga koʻra, Abduqodir 2000-yillarning boshidan boshlab Xitoyda, Qozogʻistonda hamda Oʻzbekistondagi bir necha ishxonalar bilan aloqa qilgan. 2011-yildan keyin uning yashirin imperiyasi Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, Buyuk Britaniya va Qoʻshma Shtatlarda ham oʻz faoliyatiga ega boʻlgan.

Eʼlon qilingan materiallarda Saymaiti fosh qilgan sxema Qirgʻiziston bojxonasidagi yuqori lavozimli amaldorlar, jumladan, Rayimbek Matraimovning pora olishi orqali amalga oshirilgan degan fikr ilgari surilgan.

“Saymaitining aytishicha, Matraimov Abduqodirni oilasining pora toʻplash va ularni tarqatish ishini uyushtirishga masʼul boʻlgan”, - deb yozadi surishtiruv mualliflari.

Hayotining asosiy qismini davlat xizmatida oʻtkazgan Rayimbek Matraimovga xalq “Rayim million” deb laqab qoʻygan. U Qirgʻizistondagi eng boy va nufuzli shaxs deb ataladi. U "Oʻsh" bojxonasining rahbari, keyinchalik Bojxona xizmatining rahbar oʻrinbosari boʻlgan.

Uni 2018-yili ishdan boʻshatishgan, ammo keyinchalik Sooronbay Jeyenbekov Qirgʻiziston prezidenti boʻlgach sud uning xizmatiga qaytishiga ruxsat bergan. Ammo u Bojxona xizmatidagi ishiga qaytishni istamagan. Bundan tashqari uning akasi Iskandar Matraimov parlament deputati, ukasi - Tilek Matraimov Oʻsh viloyati Qorasuv tumanining hokimi boʻlib ishlaydi.

Qirgʻizistonliklar mamlakatning eng boy va nufuzli klanlaridan biri deb hisoblangan ushbu oila bilan Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeyenbekovning ehtimoliy aloqalaridan norozi ekani bir necha maqolalarda tilga olingan.

“Ozodlik”ning qirgʻiz xizmati joriy yilning may oyida Qirgʻizistondan 700 million dollar chiqarib ketilishi boʻyicha oʻzlarining birinchi surishtiruvini eʼlon qilgan edi. Maʼlumotlar manbasi Sayimaiti ekani ochiqlanmagan jurnalistik surishtiruvning birinchi qismida ham pullarning noqonuniy chiqarilishida Matraimovlar oilasining aloqasi bor boʻlishi mumkinligi aytilgan edi.

Shundan soʻng Bojxona xizmati yetakchisining sobiq oʻrinbosari Rayimbek Matraimovning mulki Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʻyicha davlat xizmati tomonidan tekshirila boshlanganiga qaramay, jamoatchilikka qoniqarli javob berilmagan.

Matraimovlar jurnalistlarning bunday ayblovlarini inkor qilib, jurnalistik surishtiruv kimlarningdir buyurtmasi asosida tayyorlanganini daʼvo qilib kelgan.

Jurnalistik suvrishtiruvning ikkinchi qismi eʼlon qilinganidan 3 kun oʻtib, Rayimbek Matraimov barcha savollarga javob berishga tayyor ekanini bildirdi. Uning murojaatini akasi, parlament deputati Iskender Matraimov ijtimoiy tarmoq orqali eʼlon qilgan. Rayimbek Matraimov jurnalistlarning surishtiruvida aytilgan maʼlumotlar notoʻgʻri ekanini isbotlay olishini bildirgan.

Bojxonadagi korrupsiya toʻgʻrisidagi jurnalistik surishtiruv eʼlon qilingach, jamoatchilik oʻrtasida bu mavzu qizgʻin muhokama qilina boshladi. Jumladan, Jogʻorku Kenesh deputati Dastan Bekeshev oʻz saytida mamlakat "kontrabandistlar, korrupsionerlar, uyushgan jinoiy guruhlar va pul yuvuvchilar" qoʻlida ekanligini taʼkidlab bayonot eʼlon qilgan. U oʻz bayonotida parlament hukumatni isteʼfoga chiqarishi kerak degan fikrni ilgari surgan.

Qirgʻiziston hukumati esa "#REакция" aksiyasidan bir necha soat oʻtib bojxonadagi korrupsiya sxemalari boʻyicha jurnalistik surishtiruv va unda tilga olingan shaxslarning poraxoʻrlik faoliyatlari hozirgi vaqtda tegishli tashkilotlar tomonidan tekshirilayotganini bildirdi. Hukumat tomonidan tarqatilgan bildiruvda masalani chuqur oʻrganish uchun tergov guruhi tuzilgani maʼlum qilingan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG