NATO yetakchilari harbiy alyansning 70 yilligini nishonlash uchun Londonda yig’ilmoqda. Yig’ilishda Suriyadagi urush va Rossiya tahdidi ham muhokama qilinadi. Ammo NATO a’zolari o’rtasidagi kelishmovchiliklar yubiley tantanalariga soya solishi mumkin.
Suriya yuzasidan AQSh va Turkiya munosabatlari hanuz tarang.
“Alyansdagi Turkiya pozitsiyasi murakkab. Turkiyaning hamkorlari, xususan, AQSh xohishiga qarshi Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarga aralashish qarori, Rossiyadan harbiy aslaha sotib olishi bunga sabab”, - deydi tadqiqotchi Jonatan Eyl.
NATO a’zolari Turkiyaning ittifoqda qolishi tarafdori.
Bir paytlar AQSh askarlari nazorat qilgan Suriya shimolini bugun rossiyaliklar qo’riqlamoqda. AQShning hududni tark etishi Amerikaning NATOga sadoqatini ham savol ostiga qo’ymoqda, deydi kuzatuvchilar.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron yaqinda harbiy alyansni “o’lik miya” deb atab, Yevropani yangi ittifoq tuzishga chaqirdi. Bu esa e’tirozlarga sabab bo’ldi.
“Transatlantika birligini Yevropa birligi almashtira olmaydi. Bizga ikkalasi ham kerak. Ayniqsa, Breksitdan so’ng Yevropa Ittifoqi Yevropani himoya qila olmasligini tushunishimiz kerak”, - deydi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.
Yevropa Rossiyani hanuz eng katta tahdid sifatida ko’radi. Ayni paytda AQShning Yevropa xavfsizligiga yetarli e’tibor qaratmayotgani haqidagi gaplar asossiz, deydi Jonatan Eyl.
“Haqiqat shuki, Pentagonning Yevropadagi xarajatlari oshgan. AQSh askarlari soni ham”, - deydi u.
AQShning Yevropadagi askarlari Moskvaning diqqat markazida.
“NATO kelishuvining 5-bandi ular xavfsizligini kafolatlasa ham, Sharqiy Yevropaning ba’zi davlatlari o’z hududida AQSh askarlari bo’lishini xohlaydi. Bu esa ular NATOdan ko’ra, AQShga ko’proq ishonishini ko’rsatadi”, - deydi Xalqaro aloqalar bo’yicha Rossiya kengashi rahbari Andrey Kortunov.
AQSh Prezidenti Donald Tramp NATO a’zolarini mudofaa uchun yetarli mablag’ ajratmayotganlikda ayblab keladi. Germaniya NATO uchun yalpi ichki mahsulotining 2 foizini ajratishga rozi bo’ldi. Faqat bu 2030-yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshadi.
“AQSh prezidenti yaxshiroq eshitishlari uchun stolni qattiq mushtlagani aslida olqishlanishi kerak”, - deydi Eyl.
London sammitida bu mavzular yana ko’tariladi. NATOdagi ziddiyatlar esa yangilik emas.
“Lekin NATO zamonaviy tarixdagi eng muvaffaqiyatli alyans degan gaplarni yana eshitamiz”, - deydi Jonatan Eyal.
NATO a’zolarining 70 yillik yubileyida mana shu muvaffaqiyatga urg’u berilishi kutilyapti.
Facebook Forum