NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi bugun ham sovuq urush davrida bo'lgani kabi muhim, deydi Germaniya kansleri Angela Merkel. Uning aytishicha, Germaniya va'da qilganidek harbiy xarajatlarini oshirishda davom etadi, Turkiyani ham bu blokda saqlab qolish muhim.
"Yevropa hozircha o'zini himoya qila olmaydi, buning uchun transatlantik ittifoqqa tayanamiz", - dedi Merkel Germaniya parlamentiga qilgan murojaatida. - NATOni saqlab qolishdan sovuq urush davridagi kabi yoki undan-da kuchliroq manfaatdormiz. Alyans bilan ishlashimiz, ko'proq mas'uliyatni zimmamizga olishimiz lozim".
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron yaqinda NATOni jar yoqasidagi tashkilot deb, Yevropaning mudofaa bobida AQShga ortiq tayana olmasliginini ta'kidlagan edi. Prezident Donald Tramp alyans a'zolarini o'z mudofaasi uchun yetarlicha mablag' ajratmayotganlikda tanqid qiladi. O'tmishda NATOni "eskirgan tashkilot" deb atagan.
2014-yilda NATO a'zolari yalpi ichki mahsulotlarining 2 foizini mudofaa uchun ajratishga kelishib olgan. Yevropadagi eng yirik iqtisodiyotga ega Germaniya bu borada orqada ekanini Vashington keskin tanqid qiladi.
Angela Merkelning ta'kidlashicha, Germaniyaning mudofaa xarajatlari 2020-yilda 1,4 foizga, 2024-yilda esa 1,5 foizgacha oshishi rejalangan. 2030-yillarga borib 2 foizga yetishi mumkin.
Kansler "Turkiya NATO a'zosi sifatida begonalashgani, Qo'shma Shtatlar biror kor-hol ro'y berganda avtomatik ravishda javobgarlikni o'z zimmasiga olmayotganini" qayd etdi.
Anqara va boshqa davlatlar o'rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramasdan, Turkiya NATOni tark etishi haqida takliflar yangragani yo'q.
"Turkiya NATO a'zosi bo'lib qolishi kerak, biz buni qo'llab-quvvatlaymiz. Bu alyans uchun geostrategik ahamiyatga ega", - deydi Merkel.
Facebook Forum