Breaking News

O'zbekiston 2020-yil Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga qo'shiladimi?


Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri  Maksim Oreshkin
Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri  Maksim Oreshkin

O'zbekiston ommaviy axborot vositalarida Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga a’zolik bo’yicha qo’shma komissiya hamraisi, Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin O’zbekiston 2020-yilda ittifoqqa qo’shilishi bo'yicha bayonot bergani haqida xabarlar tarqadi.

O’zbekiston tomonidan bu qo’shma komissiyaga kim raislik qilishi noma’lum. Bu ma’lumot matbuotda paydo bo'lishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklarning ittifoqqa qarshiligi bo'yicha munozaralar yana bir bor avjiga chiqdi.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ishonchli manbalariga asoslanib, O’zbekiston 2020-yilda Toshkentda kutilayotgan MDH sammitida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zoligiga qabul qilinishi haqida yozdi.

U tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin O’zbekiston 2020-yilda tuzulmaga qo’shilishi haqidagi bayonotini Moskvadagi Oliy iqtisodiy maktabdagi chiqishida bildirgan.

Maksim Oreshkin nafaqat Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri, balki bu ittifoqqa qo‘shilish yuzasidan Toshkent-Moskva ishtirokida tuzilgan qo’shma komissiyaga Rossiya tomonidan qo'yilgan rais hisoblanadi.

Hozircha O’zbekiston tomoni qo’shma komissiya rahbarining bu bayonotiga nisbatan biror munosabat, izoh bildirmagan.

O’zbekiston tomonidan bu qo’shma komissiyada kimlar borligi, unga kim rahbarlik qilayotgani ham aniq emas. Jamoatchilik shunday komissiya mavjudligi haqida yaqinda, Rossiya Federal kengashi rahbari Valentina Matvienkoning Toshkentga qilgan safaridan so’ng xabar topdi.

Yverosiyo ittifoqiga qo’shilishga doir munozaralar tiklanayotgani O’zbekiston hukumatining ittifoq a’zoligi foydalariga doir o’tkazgan axborot kampaniyasi, Rossiya yetakchiligidagi tuzilmani mamlakatdagi siyosiy partiyalar ham qo’llab-quvvatlayotgani ortidan kuzatilmoqda.

Ittifoqqa qo’shilish ehtimoli haqida ma’lumotlar ochiqlangan dastlabki paytda ayrim siyosiy kuchlar, partiyalar bu qarorga keskin norozilik bildirib chiqishgan bo’lsa, ayni paytga kelib mamlakatda O’zbekistonning bu tuzilmaga qo’shilishini yoqlamaydigan biror siyosiy kuch yo’q. Qarshilik, asosan jamoatchilik, ekspertlar orasida kuzatilmoqda.

Ekspertlar va jamoatchilik doirasidagi munozaralarga ko’ra, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishni afzalligi, foydalari Rossiyadan tashqari bu ittifoqning boshqa biror a’zosi tomonidan e’tirof etilayotgani yo’q; aksincha, tuzilmaning faol a’zolari Belarus, Qozog’iston, Qirg’izistonda ham norozilik kuchli.

A’zo davlatlardagi bu noroziliklar inobatsiz qoldirilib, O’zbekiston hukumatining bu tuzulmaga qo’shilishni ixtiyor qilayotgani tashkilotga a’zolikda iqtisodiy manfaatlar emas, siyosiy manfaatlar ustunlik qilayotgandek taassurot uyg’otadi, deydi kuzatuvchilar.

Rasmiy Toshkent, xususan, Senat raisi Sodiq Safoyev avvalroq O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi siyosiy emas, iqtisodiy manfaatlarga asoslanishini, bu borada yakuniy qaror mavjud emasligi haqida gapirgan edi.

Bu haqda u “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida ham batafsil to’xtalgan.

Ammo hukumat Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasida tuzulmaga a’zo davlatlar o’rtasidagi ziddiyatlarni, shuningdek, o’zbek jamoatchiligidagi mavjud noroziliklarni qanchalik inobatga olishi hozircha mavhum.

Sharhlovchi Anvar Nazirning aytishicha, Rossiya yetakchiligidagi tuzilmaga qo‘shilish jamoatchilik uchun iqtisodiy hamkorlik emas, balki siyosiy, ijtimoiy- madaniy burilish, aniqrog’i, sobiq ittifoq qadriyatlariga qaytish qarorini anglatadi.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko’ra, Yevrosiyo ittifoqi nafaqat iqtisodiy, balki Rossiya qiyofasidagi aniq, shubhasiz yetakchiga ega bo’lgan va yagona siyosiy, madaniy, ijtimoiy hududga da’vogarlik qilayotgan tuzilma.

“Tashkilotning asosiy ustuni Rossiya, boshqa a’zo davlatlarning ulushi birgalikda qo’shib hisoblaganda ham Rossiya ustunligi qarshisida o'ta zaif ko’rinadi. Tabiiyki, bu mutlaq ustunlik nafaqat iqtisodiy, siyosiy, balki geosiyosiy masalada ham o’z ifodasini topadi”, - degan fikrda bu kabi tuzulmalarga a’zolik referendum darjasida hal qilinishi kerakligi haqida bayonot bilan chiqqan siyosatshunos Tolipov.

Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish masalasida hukumat va rasmiy partiyalar pozitsiyasi O’zbekistonning yaqin yillarda bu tuzilma a’zosiga aylanishidan darak berayotgan bo’lsa, ekspertlar va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda tashkilotga qo’shilish siyosiy tomondan ham, mamlakat mustaqilligi va taraqqiyot yo’nalishi jihatidan ham jiddiy xatolik bo’lishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG