Prezidentlikka saylanganiga uch yil to’lgan Shavkat Mirziyoyev islohotlar hayotda aks etmayotgani, so’nggi uch yildagi qarorlar ijrosini qayta ko’rib chiqish lozimligi haqida bayonot qilmoqda.
2020-yilda islohotlarni jadallashtirishga doir o’tgan yig’ilishda qilingan bu chiqish prezidentlik saylovlariga uch yil to’lishi, mamlakat energetik bo’hron bilan to’qnash kelgan bir vaziyatda kuzatilmoqda.
2016-yilning 4-dekabrida o’tgan saylovlarda islohotlar shiorini olg’a surgan Shavkat Mirziyoyev mutlaq ko’pchilik ovoz bilan g’alaba qilgan edi.
Prezidentga ko’ra, iqtisodiyotni liberallashtirish, raqobat muhitini shakllantirish, mahalliylashtirish, energiya tejamkorligini oshirish kabi sohalarda o’nlab farmon, qarorlar qabul qilindi, biznes uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Lekin islohotlar real hayotda o’z aksini yetarli darajada topmayapti, ayniqsa energetika sohasida.
Majlis haqidagi rasmiy xabarda aytilishicha, Shavkat Mirziyoyev elektr va gaz uzilishlariga nisbatan aholidagi e’tirozlarni haqli topgan, energetika tizimidagi yo’qotishlarni kamaytirish, gaz qazib olish, transportirovka qilish, taqsimlashda haqqoniy hisoblash tizimi zarurligini ta’kidlagan.
Islohotlarni jadallashtirishga bag’ishlagan yig’ilishda energetika, qurilish, transport va ta’lim tizimi keskin tanqidga uchragan. Bank bank-moliya, raqamli iqtisod, korrupsiyaga qarshi kurash sohalari ham nuqsonlardan xoli emasligi ta’kidlangan.
Majlis yakuniga ko’ra, so’nggi yilda qabul qilingan qarorlar ijrosini tanqidiy baholash orqali “oqsayotgan” 13 ta muhim yo’nalishdagi tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etishga mas’ul ishchi guruhlar tuzilgan.
Ularning asosiy vazifasi - so’nggi uch yilda qabul qilingan hujjatlarni xatlovdan o’tkazish, qarorlar ijrosini tanqidiy o’rganib chiqish. Misol tariqasida tadbirkorlikka oid 97 islohotdan faqat 24 tasi amalga to’liq joriy etilgani keltiriladi.
Islohotlarni jadallashtirish, qarorlar ijrosini qayta ko’rib chiqish, muammolarni tizimli hal etish shiori ostida o’tgan bu majlisni 4-dekabr kuni saylanganiga uch yil to’lgan Prezident Mirziyoyevning jamoatchilikka hisoboti sifatida ham qabul qilish mumkin.
Ayniqsa bu majlisning mamlakatda gaz va chiroq yetishmasligi bois noroziliklar kuchaygan bir sharoitda o’tkazilgani, energetik inqiroz uch yillik boshqaruvini kutib olayotgan Prezident Mirziyoyevga qarshi qaratilgan “sabotaj” ekanligi haqidagi farazlar ham tarqalgani inobatga olinsa.
O’zbekistondagi uzoq yillik turg’unlik ortidan Mirziyoyevning xalq bilan muloqotga kirishish, islohotlar o’tkazish shiori mamlakat aholisi, xorijdagi muxolifat, xalqaro jamoatchilik tomonidan ham katta qiziqish va olqishlar bilan kutib olingan voqelik bo’ldi.
Mirziyoyev, ayniqsa, saylanganining dastlabki yillarida aholi tomonidan mutlaq qo’llab-quvvatlandi, siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi, diniy siyosatdagi o’zgarishlar, “qora ro’yxat”dagi dindorlar afv etilishi, xavfsizlik, prokuratura, sud-huquq tizimidagi islohotlar jamoatchilikda jiddiy umidlar uyg’otdi.
Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda, xususan Markaziy Osiyo bilan hamkorlikda ham jiddiy o’zgarishlar qildi, mintaqada qo’shni davlatlar bilan bog’liq ziddiyatga barham berildi, aksariyat davlatlar bilan vizali tartib bekor qilindi, uzoq yillik tanaffusdan so’ng Markaziy Osiyo prezidentlari yana mintaqaviy sammitga yig’ila boshlashdi.
Mirziyoyevning O’zbekistonda haqiqiy siyosiy islohotlar boshlashi mavhumligicha qolmoqda. Uning o’zi hozirgacha bu borada biror bayonot qilmagan.
Mamlakatda hokimiyat almashishini umid bilan kutib olgan o’zbek muxolifati yaqinlashayotgan parlament saylovlaridan chetlatilgan. Muxolifatda islohotlarga nisbatan ishonch yo’qolgan, Mirziyoyevning Karimov rejimini davom ettirish qarorida ekanligi iddao qilinadi.
Mirziyoyev marhum Karimov prezidentligi davrida uzoq yillar bosh vazir lavozimida ishlagan. Prezidentning Toshkentdagi majlisda qilgan bayonotiga ko’ra, islohotlar davom etadi, so’nggi yillardagi qarorlarning ijrosi qayta, tanqidiy ko’rib chiqiladi.
Mirziyoyevning islohotlar haqidagi bu bayonoti, boshqaruvga kelgan dastlabki yillaridan farqli o'laroq, jamoatchilikda olqishlar bilan kutib olingani yoki munozaralarga sabab bo’lgani kuzatilmaydi.
O’zbekistonliklarning so’nggi uch yildagi islohotlar, iqtisodiy vaziyat yuzasidan bildirayotgan fikrlarida ham hukumat surayotgan shiorlardan farqli amalda hech narsa o’zgarmayotganiga doir mulohazalar ko’paygan.
Facebook Forum