Prezident Shavkat Mirziyoyev boshliq hukumat delegatsiyasi marhum Prezident Islom Karimovni xotirlamoqda. Mirziyoyev qarori bilan 2-sentabr O’zbekistonda Islom Karimov xotirasi kuni sifatida belgilangan. Uch yil avval 78 yoshida vafot etgan Karimov shaxsi amaldagi hukumat doirasi, xususan Mirziyoyevning o’zi uchun ham O’zbekiston mustaqilligi asoschisi timsolida qolmoqda.
2-sentabr kuni hukumat delegatsiyasi Toshkentda Islom Karimov xotirasiga qo’yilgan haykal poyiga gulchambar qo’ydi. Marosimda marhumning bevasi Tatyana Karimova ham qatnashgan.
Birinchi prezidentni xotirlash tadbiri butun O’zbekiston bo’ylab o’tkazilmoqda. 2016-yil 78 yoshida vafot etgan Islom Karimovning o’limi rasman 2-sentabr kuni e’lon qilingan, hukumat Karimov miyaga qon quyilishi oqibatida vafot etganini tasdiqlagan edi.
Karimovning kutilmagan o’limi ortidan Oliy Majlis Senatining favqulodda yalpi majlisi chaqirtirildi, majlisda Senatning o’sha paytdagi raisi Nig’matilla Yo’ldoshev qonunchilikda belgilangan vaqtincha prezident vazifasini bajarishdan bosh tortib, vakolatini Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga topshirgan edi.
Mirziyoyev vaqtinchalik davlat boshqaruvini qo’lga olishi ortidan 2016-yilning dekabrida o’tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida 90 foizdan oshiq natija bilan g’alaba qozondi.
Rasman prezidentlikka kirishgan Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov siyosatini davom ettirishga qasamyod qildi. Mamlakatda Karimov xotirasini abadiylashtirish bo’yicha qator tadbirlar amalga oshirildi, viloyat markazlarida birinchi prezident xotirasiga bag’ishlangan yodgorliklar bunyod etildi, poytaxtda, boshqa yirik shaharlarda Islom Karimov nomi berilgan ko’chalar, turli xiyobon va inshootlar paydo bo’ldi.
Marhum dafn qilingan ona shahri Samarqandda uning maqbarasi bunyod qilindi, ziyoratgohga aylantirildi.
Mirziyoyev prezidentlikka kelishi ortidan har jabhada birinchi prezident siyosatini davom ettirishga va’da bergan bo’lsa-da, mamlakatda o’zgarishlar, islohotlar boshladi.
Iqtisodiyot, ijtimoiy hayot, inson huquqlari va matbuot, diniy vaziyatni qamrab olgan bu islohotlar hozircha Karimovdan meros qolgan siyosiy tuzumni, shuningdek, mamlakat mustaqilligi tarixidagi bahsli siyosiy arbob Karimov shaxsini chetlab o’tmoqda.
Karimov xotirasi ayni paytda hukumat qaroriga ko’ra muhofazalangan. Jamoatchilikning bir qismi Karimovga mamlakat taraqqiyotini bir necha o’n yillarga ortga surgan diktator sifatida qarasa, boshqa bir qismi uchun u mamlakat mustaqilligi asoschisi bo’lgan siyosiy arbob sifatida qolmoqda.
Nisbiy erkinliklar boshlangan o’zbek matbuotida ham Karimov shaxsi taqiqdagi mavzulardan bo’lib qolmoqda. Eski tuzum haqida ba’zan yuz ko’rsatadigan chiqishlar inobatga olinmasa, birinchi prezidentning chorak asrlik boshqaruvi, uning siyosiy merosi xolis tahlilga olingan maqolalar yo’q.
Karimov davriga oid tanqidiy chiqishlar esa asosan Mirziyoyev amalga oshirgan o’zgarishlar samaradorligining taqqosi sifatida keladi.
So’nggi paytda deputat Azamat Ziyo, Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyevlar eski tuzum davridagi ijtimoiy, iqtisodiy vaziyat tanqidi bilan chiqishdi, ammo bu chaqishlarda tuzum boshqaruvchisi bo’lgan Karimovning o’zi tilga olinmaydi.
Oliy Majlisda muallifi Karimov ekanligi ta’kidlab kelingan rivojlanishning “o’zbek modeli”ni tanqid ostida olgan Safoyev ham uning o’zi haqida biror narsa deyishga botinmagan.
Toshkentda Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida o’tgan xotira tadbiri Islom Karimov shaxsi, uning siyosiy faoliyati yaqin yillarda mamlakatda daxlsiz qolishidan ham darak.
Har holda asosiy tirgaklari Karimov davri kadrlaridan iborat qolayotgan Prezident Mirziyoyev uchun birinchi prezident xotirasiga ehtirom ko’rsatish siyosiy maqsadlardan ham xoli emas.
Karimov boshqaruvi ostida bir necha yillar turli viloyatlarda hokim lavozimida, so’ng 13 yil davomida bosh vazir maqomida bo’lgan Shavkat Mirziyoyev chorak asrga cho’zilgan turg’unlik davri arboblaridan biridir.
Mirziyoyev bir necha bor sobiq tuzum davridagi vaziyatni tanqid ostiga olgan, hatto bu davrni 30-yillardagi qatag’onlar davriga ham qiyoslagan edi.
Mirziyoyevning e’tirofiga ko’ra, u o’z boshidan ko’p narsalarni o’tkazgan va vaqti kelganda bularni jamoatchilik bilan bo’lishadi. Prezident bu e’tirofi bilan nimalarni nazarda tutgani ma’lum emas, ammo chorak asr davom etgan turg’unlik davridagi faoliyatini nazarda tutgani haqiqatga yaqin.
Bu chiqishdan Shavkat Mirziyoyev Karimov davriga oid ijtimoiy-siyosiy vaziyat, boshqaruv haqiqatlarini ochiqlash uchun fursat kutmoqda degan xulosaga ham kelish mumkin.
Facebook Forum