Breaking News

Gulnora Karimova o'zgarganini aytib, xalqdan kechirim so'radi


Qamoqxonadan murojaat chiqargan Gulnora Karimova davlat budjetiga 1,2 milliard dollar mablag’ qaytargani, bu mablag’ sarfiga doir hisobot yo’qligini bildirmoqda. Sobiq prezidentning qizi Shveysariyadagi boyliklari qaytarilishiga ham qarshi emas. Rahbari yangilangan Bosh prokuratura hozircha bu ma’lumot yuzasidan biror munosabat bildirgani yo’q.

Gulnora Karimova: Mablag'larim byudjetga qaytarilgan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:07 0:00

Avvalroq Gulnoraning qizi Imon Karimova xorijdagi mablag’lar qaytarilishiga doir kelishuv prokuratura tomonidan buzilganini iddao qilgan edi. Gulnora Karimova o’z murojaatida xalqdan, uning muammosiga hurmat bilan qaraganlardan ham kechirim so’rashini bildirgan.

Gulnora Karimova qizi Imon Karimova orqali rus tilida bergan bayonotini “Bu mening so’nggi 6 yil ichidagi dastlabki murojaatim”, deb boshlaydi.

Gulnora Karimova uning uchun qayg’urib, “duo” qilib turgan tarafdorlariga minnatdorchilik bildirar ekan, o’ziga tegishli ism-sharif mas’uliyatni his qilgan holda hozirga qadar bo’lgan harakatlarini anglashga vaqt bo’lganini ta’kidlaydi.

Karimova hozirgacha undan musodara qilingan mablag’ 1,2 milliard dollarni tashkil etgani, byudjet foydasiga o’tkazilgan bu boyliklar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilayotganiga umid bildirar ekan, bu mablag’ qanday sarflanayotganiga doir hisobot yo’qligini savol ostiga oladi, ammo bu kabi texnik holatlar uning vakolatiga kirmaydigan masala ekanini ta’kidlaydi.

Gulnora Karimova qizi Imon Karimova orqali rus tilida bergan bayonotini “Bu mening so’nggi 6 yil ichidagi dastlabki murojaatim”, deb boshlaydi.
Gulnora Karimova qizi Imon Karimova orqali rus tilida bergan bayonotini “Bu mening so’nggi 6 yil ichidagi dastlabki murojaatim”, deb boshlaydi.

Gulnora Karimova xorijdagi mulki, xususan Shveysariyadagi muzlatilgan mablag’lari yuzasidan ham izoh bergan.

Murojaatdan ko’rinishicha, Karimova xorijdagi mablag’ni qaytarish yuzasidan prokuratura bilan tuzilgan kelishuvga yana qaytmoqchi. Shveysariyadagi mablag’ni qaytarish uchun hukumatga lozim hujjatlarni taqdim etgan, iddao qilinishicha Gulnora buni advokatiningtavsiyasiga zid ravishda amalga oshirgan.

Karimovaning advokati Greguar Manja bu murojaatdan bir necha kun oldin O’zbekistonda bo’lgan, Zangiota qamoqxonasida saqlanayotgan mijozi bilan uchrashgan edi. Bu uchrashuv ortidan advokat Karimovaning sog’lig’i yomonlashgani, qon bosimidan shikoyati borligi va tibbiy yordam ko’rsatilmaganiga doir xabar tarqatdi.

So’nggi vaziyatga ko’ra, qamoqxonalarda xotin-qizlar saqlanishiga doir sharoit bilan tanishishga qaror qilgan O’zbekiston ombudsmani Zangiotadagi muassasada ham bo’lgan. Safar xulosasida yozilishicha, Karimova ombusdman bilan o’tgan uchrashuv paytida muassasaning tibbiyot bo’limiga o’z vaqtida ko’rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirgan. Karimovaning salomatligi qoniqarli, deb topilgan.

Gulnora Karimova o’z murojaatini “otasining shogirdi va siyosiy vorisi” PrezidentShavkat Mirziyoyev muruvvatiga umid qilayotganini aytish bilan yakunlaydi.

Sharhlovchilarga ko’ra, qamoqdan chiqarilgan dastlabki bu murojaatni Gulnoraning iqrori, xalqdan kechirim so’rash qarori bilan bog’lash qiyin. Karimova ishi bo’yicha mustaqil surishtiruv o’tkazgan faol Safar Bekjon fikricha, Gulnora hukumat shartiga ko’nganini jamoatchilikka bildirib qo’ymoqchi.

“Murojaatdan dastlabki maqsad hamkorlik qilmayapti, pulni xalqqa qaytarmayapti, degan gaplarning oldini olish. Prokuratura bu pullar uning ixtiyorida emas edi, musodara qilingan edi, deb hisoblaydi. O’zbekiston tomoni imkon topgan joylarda unga tegishli mablag’ni qaytargan bo’lishi mumkin, masalan MDH hududidagi ayrim ko’chmas mulklar yoki arab davlatlaridagi. Bu pullar Gulnoraning xohishi bilan qaytganiga ishonmayman. Lekin uning asosiy boyligi hamon xorijda, bir qismi muzlatilgan, boshqalari esa mol-mulk, naqd pul shaklida turibdi. Mening hisobimcha, O’zbekistonda musodara qilingan mablag’ bir milliard dollar qiymatiga yetmaydi”, - deydi Safar Bekjon.

O’zbekiston tarixidagi eng yirik korrupsiyaviy jinoyat sifatida baholangan Gulnora Karimova jinoiy ishi hali uning otasi, birinchi prezident Islom Karimov tirikligida qo’zg’atilgan edi.

Dastlab 2015-yilda Karimovaga nisbatan 5 yillik shartli jazo belgilangan. 2017-yilda jazo muddati 10 yilga, 2018-yilga borib bu jazo yana shartli tartibda 5 yilga tushirilgan edi. 2019-yilda Karimova jazo o’tash tartibini buzganligi uchun umumiy tartibdagi koloniyaga ko’chirildi.

Bosh prokuratura Gulnora Karimovaning jazo o’tash tartibi o’zgarishi xorijdagi mablag’larni qaytarishga faol qarshilik qilgani bilan bog’liqligi yuzasidan bayonot tarqatgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG