Yevropa Ittifoqi o’z integratsiyaviy tajribasini Markaziy Osiyo bilan bo’lishishga tayyor, ammo Markaziy Osiyoda bu tajribani o’zlashtirish uchun iroda yo'qligi aytilmoqda. Ittifoq regionga nisbatan yangi strategiyasida demokratik islohotlar yo'lidan borayotgan davlatlarni qo’llab-quvvatlashga, mintaqaviy barqarorlik ta’minotiga diqqat qaratadi.
Navbatdagi yig’ini noma’lum qolayotgan mintaqaviy sammit Markaziy Osiyoda hamkorlikni kuchaytiradigan muhim turtkilardan biri sifatida qayd etiladi. Yevropa Ittifoqi kengashi Markaziy Osiyo davlatlari bilan yangi hamkorlik strategiyasini tasdiqladi.
Unda asosiy diqqat mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan. Hamkorlik ko’lami esa mintaqa davlatlarining islohotlar o’tkazish qarori, inson huquqlari, siyosiy erkinlik, sud mustaqilligi ta’minlanishi va iqtisodiy tizim modernizatsiyasiga bog'liq. Ittifoq barqarorlikka hissa qo’shish uchun o’z tajribasi bilan bo’lishishga tayyorligini izhor qiladi.
Markaziy Osiyoda hamkorlik bobida siljishlar kuzatilganini ta’kidlagan ittifoq Qozog’istonda o’tgan mintaqaviy sammitni bu borada muhim turtki sifatida qayd etadi.
Sharhlovchilarga ko’ra, ittifoqning yangi strategiyasida ham Markaziy Osiyo integratsiyasi muhim nuqta, integratsiya jarayoniga kirishish esa hukumatlarning o'ziga bog'liq.
Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida mintaqa hali integratsiya tajribasini olishga tayyor emas.
“Yevropa Ittifoqining yangi strategiyasida ham mintaqaviy hamkorlik, integratsiyasi ko’p ta’kidlanadi, bu fikr bor, lekin strategiya amaliyotida bunga qanchalik urg’u beriladi ko’ramiz. Avval ham Markaziy Osiyoga nisbatan yaxlit bir strategiya nazarda tutilgan, ammo amalda har bir davlat bilan vaziyatga qarab alohida munosabat, hamkorlik shakllangan edi. Hozirgi strategiyadan kelib chiqib ham mintaqaviy hamkorlik, integratsion loyihalar jiddiy kuchaytiriladi deyish qiyin. Albatta, bunga sabab avvalo mintaqa davlatlarining o’zida, hali bu borada siyosiy bir qadamlar yo’q. O’tgan yildan boshlab siljishlar bo’layotgani haqida gapiryapmiz, ammo mintaqaviy sammit ham faqat maslahatlashuv maqomida edi. Bu yilgi kutilayotgani ham xuddu shu maqomda. Bu esa hali integratsiya harakatidan darak bermaydi. Qolaversa, bu sammit qachon o’tishi haqida hozirgacha ma’lumotlar yo’q, bu ham idora shakllanmaganidan darak”, - deydi Tolipov.
Markaziy Osiyo rahbarlarining mintaqaviy sammiti o’tgan yil mart oyida Ostonada tashkil qilingan. Unda qatnashgan Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi sammitni Navro’z arafasida Toshkentda o’tkazish taklifi bilan chiqqan edi.
Ammo sammit Navro’z arafasida ham, aprel oyida ham o’tmadi, Toshkent bu borada jamoatchilikka biror izoh ham bermadi. Avvalroq Tashqi ishlar vazirligi “Amerika Ovozi”ga bu uchrashuvni tashkil etish yuzasidan ish olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
Markaziy Osiyo integratsiyasi mustaqillik yillaridan beri muhokamada, ammo amalga oshmay kelayotgan maqsadlardan. 90-yillar o’rtalaridan mintaqa o’zaro hamkorlik, yagona bir iqtisodiy hudud, ittifoq atrofida birlashishga harakat qilgan, ammo bu uchrashuvlar mintaqadagi ziddiyatlar ortidan yo’qqa chiqqan edi.
Ekspertlar Markaziy Osiyo manfaatlarini himoya qiluvchi mintaqaviy tashkilot zarurligini ta’kidlashadi. Yevropa Ittifoqi o’z tajribasini taklif qilayotgani ham shunisi bilan muhim ko’riladi.
“Markaziy Osiyo davlatlarini o’ziiroda ko’rsatib, siyosiy jarayonni boshlamas ekan, bu borada o’z yordamini taklif qilayotgan Yevropa Ittifoqi singari tashqi tomon qanday qilib strategiyasida mintaqaviy o’lchamni kuchaytirishi mumkin, degan savol tug’iladi. Shuning uchun ham bu masala bir tomondan Yevropa Ittifoqining mintaqani qanday ko’rishiga bog’liq bo’lsa, boshqa tomondan Markaziy Osiyoning o’z irodasiga borib taqaladi”, - deydi Farhod Tolipov.
28 davlatni o’z ichiga olgan Yevropa Ittifoqi xalqaro maydondagi yirik siyosiy tashkilotlardan sanaladi. Tashkilot ittifoqqa a'zo davlatlarning siyosiy-iqtisodiy yo’nalishlarini muvofiqlashtirib keladi.
Facebook Forum