Breaking News

Markaziy Osiyo integratsiyasiga to'siqlardan biri - avtoritar boshqaruv


Markaziy Osiyo prezidentlarining aprel oyida Toshkentda o’tishi kutilgan ikkinchi norasmiy sammiti o’tkazilmadi. Toshkent ham, mintaqaning boshqa davlatlari ham sammit qoldirilishi sabablari yuzasidan jamoatchilikka biror izoh taqdim etishgani yo’q.

Mintaqaviy hamkorlikka qiziqish susaydimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:36 0:00

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, vazirlik mintaqaviy sammitga doir vaziyat yuzasidan ish olib bormoqda, yaqin orada jamoatchilikka bu haqda ma'lumot beriladi.

Mintaqa liderlari uchrashuvini o’tkazish Prezident Shavkat Mirziyoyevga tegishli tashabbus edi. Birinchi norasmiy sammitga o’tgan yil Navro’z arafasida Qozog’iston mezbonlik qildi. Unda Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston prezidentlari, Turkmanistondan esa parlament raisi qatnashdi.

Bu anjumandan keyin mintaqaviy sammit doirasidagi ikkinchi uchrashuv Navro’z bayrami arafasida Toshkentda o’tishi e’lon qilingan edi, keyinchalik sammit aprel oyiga ko’chirilgani ma’lum bo’ldi.

Ayni paytda mintaqaviy anjuman kun tartibida emas. 13-14 iyun kunlari Bishkekda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammiti o’tadi, 15-iyun kuni esa Dushanbeda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash (CICA) sammiti. Har ikkisida mintaqa prezidentlari, jumladan Mirziyoyev qatnashadi.

Markaziy Osiyo hamkorligi prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelgan dastlabki yillarda ustuvor yo’nalish sifatida taqdim qilindi. Mirziyoyevning mintaqaviy siyosatdagi dastlabki qadamlari, qo’shni davlatlarga uyushtirgan rasmiy safarlari, chegaralardagi to’siqlar olinishi, bordi-keldi osonlashishi hozirgacha o’zgarishlarning asosiy ko’rsatkichi bo’lib qolmoqda.

Sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, sammit taqdiri mavhum qolayotgani Toshkentda mintaqaviy hamkorlik siyosatiga qiziqish susayishi barobarida kuzatilmoqda.

“Mening nazarimda, bu sammit o’tmaganining sababi mintaqaviy integratsiyadan manfaatdor bo’lmagan ikki qudratli davlat bor - Rossiya va Xitoy. Xitoy bunga qanchalik ta’sir ko’rsatgan bilmayman, ammo Rossiya bosimi bo’lgani aniq. Bu sammit Rossiyaning Yevrosiyo loyihasiga mos tushmaydi, harbiy, iqtisodiy ittifoqlariga nisbatan muqobil. Moskvada Rossiya yetakchiligisiz mintaqada biror hamkorlik loyihasi bo’lmaydi degan g’oya bor, bu g’oya ortiqcha berkitilmaydi ham. Bosim shu g’oya atrofida, Toshkent bu bosimga qarshilik qilmaydi ham. Afsuski, so’nggi paytda Toshkent bunday bosimlarga osongina bo’ysunmoqda - hozir mana mintaqaviy sammit to’xtatildi, buning sabablari haqida hech qanday izoh berilmadi, nima uchun o’tmagani aytilmadi”, - deydi Anvar Nazir.

Markaziy Osiyo integratsiyasi Toshkentning xalqaro jamoatchilikka taqdim etilayotgan loyihalaridan biri edi deyish ham mumkin. O’zbekiston bu borada bir nechta xalqaro konferensiyalarga mezbonlik qildi, muzokaralar yuritmoqda.

Shu oy boshida Prezident Mirziyoyev va Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Donald Tuskning Toshkentdagi uchrashuvida ham mintaqaviy hamkorlik muhokama qilindi.

“Yevropa Ittifoqidan farqli Markaziy Osiyo integratsiyasi amalga oshmasligi mintaqa davlatlaridagi avtoritar boshqaruvlar bilan ham bog’liq. Mintaqa davlatlari o’rtasida hali ishonch shakllanmadi, ayrimlarida ochiq diktatura, totalitar tuzum. Masalan, Tojikiston, Turkmanistonni olsak. Hozir mana Qozog’iston ham shu tomonga ketmoqda. Bunaqa mamlakatlar hech qachon chegaralarni ochmaydi, integratsiya amaliyotini qabul qilmaydi, Turkmaniston viza tizimida biror o’zgarish qilmadi hamon. Bunday davlatlar proteksionist siyosat olib boradi, O’zbekiston ham xuddi shunday. Yevropa davlatlari esa ochiq bir-birlari uchun, demokratik tuzum. Bundan qat’iy nazar, mintaqa uchun o’z muammolari muhokama qilinadigan alohida bir tashkilot, maydon juda muhim. Integratsiya mavjudmi, yo’qmi, oliy darajadagi uchrashuvlar o’tishi kerak”, - degan fikrda Anvar Nazir.

Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya va Xitoy yetakchiligidagi turli ittifoqlarga a’zo, ammo mintaqa davlatlaridan iborat hamkorlik tashkiloti mavjud emas. Bir necha yil muqaddam amalda bo’lgan Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga aylanishi ortidan faoliyatdan to’xtadi.

O’n yillik tanaffusdan so’ng mintaqa liderlarining Ostonada norasmiy sammitga yig’ilishi Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti qayta tiklanishiga doir taxminlarni yuzaga chiqardi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG