Breaking News

Rossiya Xitoyning "Kamar va yo'l" dasturida faol qatnashmoqchi


Xitoy va Rossiya prezidentlari Pekinda, 27-aprel, 2019-yil
Xitoy va Rossiya prezidentlari Pekinda, 27-aprel, 2019-yil

Rossiya Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusida faol ishtirokchi bo’lishga intilmoqda. Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, qo’shni davlatlarga ta’siri so’nib borayotgan Rossiya jarayondan Yevrosiyoda yo’qotilgan pozitsiyalarini tiklash uchun unumli foydalanmoqchi.

O’tgan oy Vladimir Putin Pekindagi “Kamar va yo’l” forumida qatnashib, Rossiya-Xitoy aloqalarini yuqori baholadi. Uning aytishicha, tashabbus Yevrosiyo davlatlari orasidagi ijodiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Ba’zi tahlilchilar ta’biricha, Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Moskvaning moliyaviy qiyinchiliklari tufayli kutilgan natijani bermadi. Putin Xitoyni “Kamar va yo’l” tashabbusi doirasida ittifoq bilan hamkorlikka chaqirgan. Unga ko’ra, Rossiya bilan bu yo’nalishdagi hamkorlik Xitoy tashabbusiga Yevrosiyodagi to’siqlardan o’tishga yordam beradi.

“Zamonaviy va sertarmoqli transport korridorlarini yaratish hisobiga integratsiya uchun g’ov bo’layotgan infratuzilma cheklovlarini yo’qotish zarur. Noyob jug’rofiy joylashuviga ega bo’lgan Rossiya bu qo’shma loyihada qatnashishga tayyor”, - dedi Putin.

Rossiya rahbari Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN), Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda “Bir kamar, bir yo’l” (“Kamar va yo’l” tashabbusining eski nomi) o’rtasida sheriklikni yo’lga qo’yishni taklif etdi.

AQShning Gonolulu shahridagi Osiyo-Tinch okeani xavfsizlik masalalarini o’rganish markazi tahlilchisi Mohan Malikning aytishicha, Putin o’z nutqida Xitoy tashabbusining eski nomini qo’llab, uning yolg’iz Xitoy manfaatlariga xizmat qilishiga ishora qilmoqchi bo’ldi.

“Putin Moskva yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga hamda boshqa tashkilot va tashabbuslar o’rtasida hamkorlikka ehtiyoj borligiga e’tibor qaratib, Pekinning dunyo bo’ylab tanqidga uchrayotgan “yolg’iz harakat qilish” yondashuvini bilvosita tanqid qildi”, - deydi Malik.

Vashingtondagi “Yevrosiyo Guruhi”da katta tahlilchi Zak Vitlinning aytishicha, Putin o’z ma’ruzasida Rossiya Markaziy Osiyoda nafaqat xavfsizlik masalasida, balki savdo va sarmoya masalalarida ham faol ekaniga ishora qildi.

Biroq, deydi kuzatuvchilar, Putinning bu harakati siyosiy o’yin va savdodan boshqa narsa emas, chunki Rossiyaning hamyoni Xitoynikichalik chuqur emas – moliyaviy tanqislik unga Yevrosiyo siyosatini jadal tatbiq etishga imkon bermaydi.

“Rossiyaning Xitoy bilan savdolashishda pozitsiyasi zaif”, - deydi vashingtonlik yana bir ekspert, Tashqi siyosat kengashi katta ilmiy xodimi Stiven Blank.

Unga ko’ra, Putin Xitoyni Arktikaga hamda boshqa infratuzilma va transport loyihalariga sarmoya qilishga undashga harakat qilmoqda.

Xitoy Prezidenti Si Zinpin 2013-yilda “Kamar va yo’l” dasturini e’lon qilganida Rossiya bilan transport sohasida hamkorlikni ham nazarda tutgan edi. Olti yillik muzokaralardan so’ng Moskva Xitoyning Qozog’istonni Belarusga ulovchi pulli trassasini qurishga rozi bo’ldi. “Meridian” deb nomlanuvchi 2000 kilometrlik avtomobil yo’li 2024-yil oxirida topshirilishi kutilmoqda.

Xitoy bu masalada sabr qilishga majbur.

“Rossiya “Yo’l va kamar” tashabbusining muhim qismlaridan biri. Agar Xitoy Yevrosiyo mamlakatlari bilan bu ishda hamkorlikka erishishni istasa, Rossiya bilan gaplashishga majbur”, - deydi xitoylik sobiq diplomat, hozirda Pekindagi Renmin universitetida professor Van Yivey.

Unga ko’ra, Rossiyani inkor etib bo’lmaydi. Biroq tahlilchi Stiven Blankning aytishicha, Pekin Yevrosiyoning boshqa qismlarida va Janubi-sharqiy Osiyoda hamkorlik uchun tashabbusni Rossiyaga berib qo’ymaydi.

Qo’shma Shtatlar “Yo’l va kamar” forumiga quyi darajali delegatsiyani yuborib, Xitoy tashabbusini tanqid qilib chiqdi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Vashington Yevrosiyo kabi muhim masalalarda Xitoyning kuchayishiga yo’l berib, taktik xatoga yo’l qo’yayapti.

Tahlilchi Moham Malikning eslatishicha, Barak Obama prezidentligi davrida AQSh mintaqada qo’shma sarmoya loyihalarini amalga oshirish va regional savdoni kuchaytirish uchun “Yangi Ipak yo’li” strategiyasiga asos solgan edi.

“Biroq Obama ma’muriyati Xitoy bosimi natijasida “Yangi Ipak yo’li” dasturidan voz kechib, Pekinning Markaziy Osiyoda faollashishiga ko’z yumdi”, - deydi siyosatshunos.

Malikning aytishicha, Tramp ma’muriyati esa, aksincha, “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi AQSh uchun tug’dirayotgan muammolarni to’g’ri tahlil qilib, unga o’ta tanqidiy ko’z bilan qaramoqda.

Qo’shma Shtatlar bu loyihada qatnashayotgan davlatlarni Xitoy bilan infratuzilma bobidagi kelishuvlar ularni uzoq muddatli qarzga botirishi haqida ogohlantirib keladi.

“Boshida loyiha yaxshidek ko’rinishi mumkin – arzon mahsulot, arzon ko’prik yoki yo’l qurilishiga erishdik deb o’ylashingiz mumkin. Biroq buning iqtisodiy foydasidan ko’ra siyosiy zarari ancha kattaroq bo’ladi”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG