Breaking News

Vashington Xitoyga tahdid deb qaraydi, bizneslar esa imkoniyat


AQSh-Xitoy ziddiyatining biznesga ta'siri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

AQSh va Xitoy o’rtasida savdo va texnologiya sohalaridagi kelishmovchiliklar sarmoya va biznes qarorlarga ta’sirini o’tkazmoqda.

Tramp ma’muriyati Xitoy sarmoyasi bilan ochilayotgan kompaniyalar tekshiruvini kuchaytirar ekan, Kaliforniyada, kashfiyotlar makoni Silikon vodiysida ayrim loyihalar ijrosi to’xtab qolgan. Xitoy kapitaliga yo’q deyishmoqda.

Sabab, deydi tadbirkorlar, Xitoy puli bilan boshlangan loyihalar AQSh hukumat qo’mitasi tekshiruvidan o’tishi kerak. Shu paytgacha Xitoy sarmoyasi Silikon vodiysiga erkin oqib kelayotgan edi.

“Xitoy innovatsiya bobida global yetakchi bo’lish uchun ham qonuniy, ham noqonuniy usullardan foydalanmoqda”, - deydi Maykl Vessel, AQSh-Xitoy iqtisodiy va xavfsizlik komissiyasi raisi.

Xitoy AQSh korporatsiyalaridan sirlarni o’g’irlash uchun xakerlardan foydalanishi, Xitoy bozoriga kirish uchun texnologiyani ular bilan bo’lishish majburiyati, intellektual mulk o’g’irlanishi ana shu usullar sirasiga kiradi.

“Xitoy sun’iy intellekt orqali dunyoni egallamoqchi. Bu davlat avtoritarizmni eksport qiladi, degan tanqidlarni ko'p eshitamiz", - deydi "Kelajak Osiyoda" nomli kitob muallifi Parag Xanna.

Lekin, deydi u, AQSh Xitoy investorlari va kompaniyalari bilan ishlashni qiyinlashtirsa, o’zi ziyon ko’radi.

“Xitoyni chetlab o’tsak, ular nima bilan shug’ullanayotgani haqidagi ma’lumotdan uzilamiz. Xitoy o’ziga boshqa sherik topadi. Xitoy bozori ham biz uchun yopiladi”, - deydi suhbatdosh.

AQSh hukumati nazarida yangi cheklovlar muhim, chunki sun’iy intellekt va robotlashtirish kabi texnologiyalar davlat xavfsizligiga aloqador. Ammo Silikon vodiysida ko’pchilik bu fikrga qo’shilmaydi.

“Bir-birimiz bilan ochiq bo’lishimiz kerak. Bo’lishsak, ma’lumot almashsak, har ikki mamlakat yutadi. Cheklovlar joriy etish biznes uchun muammolar tug’diradi, har ikki taraf zarar ko’radi”, - deydi sarmoyachi Tim Dreyper.

Xitoy kompaniyalari allaqachon dunyo bo’ylab 5G simsiz aloqa tarmoqlarini qurishga kirishmoqda. Vashington nazarida bu bilan Pekinning elektron kuzatuv olib borish imkoniyatlari ham kengayadi.

Ikki davlat bu borada qanday kelishib olishi hozircha noma’lum.

“Hukumat Xitoyni davlat xavfsizligi uchun tahdid deb ko’rsa, ishbilarmonlar Xitoyga biznes imkoniyat va hamkor sifatida qaraydi. Albatta, bu bir-biriga tamoman qarama-qarshi pozitsiya. Ammo tomonlar bir-birini tushunishga harakat qilishi kerak”, - deydi tahlilchi Kristian Brouz.

Vashington texnologik raqobatda AQSh Xitoydan o’zib ketishini ta’minlashni istaydi. Silikon vodiysi esa muloqot kanallarini yopmaslikni so’ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG