O‘zbekistondagi katta siyosiy-ijtimoiy o‘zgarishlarning qo‘shnilarga ta’siri shubhasizdir. Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, o‘zgarishlar mintaqaning tarixiy birligiga qarab ketmoqda va bu tabiiydir. Ammo tashqi kuchlar borki, bu ittifoqni istamaydi va yoki o'ziga manfaatli ittifoqni ko‘zlaydi.
Markaziy Osiyo (MO) respubliklarida yangi integratsiya jarayonlari borayotgani O'zbekiston hukumatining Karimovdan so‘ng olib borayotgan siyosatida ko‘zga tashlanadi. Tojikistonlik tahlilchilar fikricha, tarixiy birlikka qaytish zamon talabi bo‘lsa-da, mintaqada unga zimdan qarshiliklarni payqash mumkin. Bu narsa ko'proq rus ommaviy axborot vositalarida turlicha shaklda ko‘zga tashlanadi.
Tojik ziyolisi Jo‘ra Yusufiy fikricha, Rossiya MO respublikarining o‘zidan mustaqil ravishda birlashishini istamaydi.
"Rus tahlilchilari tomonidan ommaviy axborot vositalarida (OAV) bizga ko‘rsatilayotgan tahdidlar o‘z o‘rniga ega, albatta. Ammo shuni ham e’tiborga olish zarurki, bu rostdan ham shundaymi, haqiqatdan ham ruslar qo‘rqitib kelayotgan afg‘on jangarilari MOga harbiy xavf tug‘diradimi? Nazarimda, bu u qadar katta xatar emas. Tolibon rasmiylarining Toshkentga safari shundan dalolat beradiki, ular shimolga harbiy yurishni reja qilishmaydi, ular o‘zlari istagandek tinchlikni xohlaydi. Rossiya OAVlari bizni qasddan cho‘chitib kelmoqda, Rossiya MO respublikalarining mustaqil ravishda birikishini istamaydi", - deydi Yusufiy.
Ekspert Abdujabbor Yo'ldoshev fikricha, Rossiya hozir diqqatini Ukraina va Suriyaga qaratgan bo‘lsa-da, hech vaqt MOni nazardan qoldirmaydi.
Rossiya yetakchiligidagi yirik tashkilotlar- MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, ShOS (Shanxay Hamkorlik Tashkiloti), ODKBlar (Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti) borligini unutmaslik kerak. Bularning barchasi MO davlatlarini rus ta’sirida tutib turadi.
"Hozir bu yerda Rossiyani qo‘shnisi Ukrainadagi notinchliklar, shu kabilar, masalan, diqqatini Suriyaga qaratish bilan chalg‘itib, MOga ta’sirini kamaytirishmoqda. Albatta bunda G‘arb siyosatchilarining qo‘li bo‘ladi, buni yashirib bo‘lmaydi. Ammo Rossiya yetakchiligidagi yirik tashkilotlar- MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, ShOS (Shanxay Hamkorlik Tashkiloti), ODKBlar (Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti) borligini unutmaslik kerak. Bularning barchasi MO davlatlarini rus ta’sirida tutib turadi. Birgina mehnat muhojirligining o‘zi ulkan bosimga yaraydigan vositadir", - deydi Yo'ldoshev.
Moskvada yashayotgan tojik tahlilchilaridan biri rus OAVlarining MO xalqiga juda katta ta’siri borligini ta’kidlaydi.
"Rossiya OAVlari, bularning ta’siri juda ulkan, ular nafaqat Rossiyada, balki Tojikistonda ham ta’sirga ega. Qozog‘iston va Qirg‘izistonni aytmay qo‘ya qolaylik, ularda xalqning ma’lum qismi ruslashib ham ketgan. Bu ham mamlakatlarimizning mustaqil ravishda birlashuviga halal beradi, til masalasi, axborot vositalari katta rol o‘ynaydi. Bu juda muhim jihat, Toshkentda bir o‘zbek amaldori ona tilisi uchun qonuniy talabni istaganda ruslashgan o‘z qavmi tarafidan qanchalar qarshilikka uchraganini ko‘rdik, mana shu ham, aslida ichkarining o‘zida buyuk davlatchiik ta’siri qanchalar kattaligini ko‘rsatib turibdi", - deydi u.
Tojikistondagi o‘zbeklar markazi raisi Ilhom Yusupov deydiki, o‘lkada hali xalqning o‘zi yakdillik bilan birlashuv o‘zaklari nimadan iborat ekanligini tushunmaydi, ziyolilar orasida tarafkashlik, ambitsiyalar kuchlilik qiladi, barchasi aravani o‘ziga qarab tortishni istaydi.
Bu yerda hali G‘arbdagi singari pragmatik qarashlar ko‘rinmaydi, deydi u. Tarixda shaxslarning ta’siri katta bo'ladi, bizda esa, aqlli siyosatchilarning o‘zi yo‘q, deydi Yusupov.
"Masalan, Amerikaning oddiy bir turistimi, siyosiy tahlilchisimi bilan suhbat qilsangiz, qishloqlarimizda ahvol qanaqaligini tahlil qilib berishadi. Vaholanki, biz shu yerda turib Dushanbening bir o’zbek qishlog’ini bilmaymiz. Bizdagilar ko’r-ko'rona, yuzaki gapiradilar. Masalan, Rossiyada, Moskvada Markaziy Osiyo va Kavkaz degan institutlar bor edi, hozir ham bor, maxsus ilmiy tekshirish institutlar bor, ular har bir kapani, qishloqni bilishadi, tahlil qilishadi, bizda unaqa narsa yo’q! Biznikilar hozir Tojikiston qanaqa yo’ldan yurishi kerak degan narsani bilmaydi. Masalan, Eron bilan chap bo’lib qoldi, katta akasi yo’q, nima qilish kerak, qanday qilish kerak, nima yo’l tutish kerak? Mana bularni bila oladigan odam siyosatmador bo’ladi. Albatta, bizdayam siyosatmadorlar o’tirib ming xil xayol qiladi, lekin har qanday sharoitda ham shaxsning xulosasiga qarab qolishadi", - deydi Yusupov.
Uning fikricha, o‘tgan asr boshlaridayoq sho‘rolar hukumati ruslar boshchiligida MOda sun’iy davlatlar yaratib, o‘lkani maxsus parchalab tashlagan, mintaqa endi birlashtiruvchi tashqi kuchga muhtojlik ham sezadi.
"Bizni qanotimizni o’ris sindirib tashlagan, bizni arqon bilan shunday bog'lab tashlaganki, yana o’shanga borishga majbur bo’lyapmiz, qo’limiz boylangan arqonni ko’rsatib o’zimiz mana buni ushlang endi deyishimizga majbur qilyapti. Ahvol mana shunday, nima qilishimiz kerak? Chaqiring bo’lsa Amerikani, yordamga kelsin, Markaziy Osiyoni qanotiga olsin", - deydi yarim hazil, yarim jiddiylik bilan o‘zbek olimi.
Uning fikricha, MO davlatlarining yaqin orada yaxlit birlashuvi xomxayoldek ko‘rinsa-da, mintaqada biror bir sabab bilan, uning keskin rivojlanib ketishini kuzatish mumkin bo'ladi. Bu xuddi, qo‘zg‘algan kasallik sabab, yangi bir qobiliyatning paydo bo‘lishiga o'xshaydi, deydi u.
Abdujabbor Yo‘ldoshev aytadiki, garchi o‘tgan asrda sho‘rolar MO xalqlarini ona tilidan ayirib, davlatlarga parchalab tashlashgan bo‘lsalar-da, bunda davlatni ayblab bo‘lmaydi, bunga alohida siyosatchi shaxslar sabab bo‘lgan.
"Biz bilamiz, bizni mustaqil siyosat yuritishimizni ruslar hech vaqt xohlashmasdi, bularni hammasi shaxslarning ishi, siyosatchilarning ishi. Bu yerda bir davlatni gunohkor qilib bo'lmaydi, bu o‘sha davrning talabi edi, yangi hokimiyat boshida turganlar shuni qilishlari zarur bo‘lgan. Hozir ham, zarur bo‘lganda, yana o‘sha harakat boshlansa, yana o‘shanday siyosatchilar maydonga chiqishi mumkin, oldindan hech narsa deb bo‘lmaydi. Biz hozir yirik o‘zgarishlar ostonasida turibmiz, tarixiy zarurat shubhasiz yangi shaxslarni maydonga chiqaradi, ana o‘shanda mintaqa taqdiri hal bo‘ladi, qismatimiz esa faqat birlikda ko‘rinadi", - deydi Yo'ldoshev.
Ba’zi mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, MO davlatlarining Rossiya ta’siridan butunlay qutulishi imkonsiz ko‘rinadi, chunki ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-siyosiy jihatdan respublikalar shimolga chambarchas bog‘lanib qolgan.
Facebook Forum