Breaking News

O'zbekiston, Tojikiston munosabatlari yangi pallaga kirdi


Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon O’zbekistonga rasmiy davlat tashrifi bilan bo’lib, oldin erishilgan shartnoma va maslahatlarga qat’iy amal qilinishiga asosni mustahkamladi. Ikki qo’shni mamlakat liderlari uchrashuvlarda erishilgan barcha shartnomalar amal olayotgani va orada hech qanday muammolar yo’qligini yana bir bor ta’kidlashdi.

Emomali Rahmonning O'zbekistonga tashrifi natijalari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:05 0:00

O’zbekiston prezidentining Tojikistonga bahorgi safaridan yarim yil o’tar-o’tmas, Rahmonning O’zbekistonga rasmiy davlat tashrifi bo’lib o’tdiki, unda erishilgan natijalar va hatto o’zbek prezidentining o’z hamkasbini yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlashi Emomali Rahmonning o’zini hayratga soldi.

O’zbek hukumatining "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlanganida Tojikiston prezidenti to’lqinlanib ketdi.

"Janobi oliylari bizni juda noqulay ahvolga solib qo’ydilar,men bunday sovg’ani kutmagan ham edim, men butunlay o’zimni yo’qotib qo’ydim. Men nima deyishni ham bilmayman, sizlarga menga bildirilgan bu yuksak e’tiborga chin dildan minnatdorchilik bildiraman. Hurmatli Shavkat Miromonovich, sizning birgina tarixiy tashrifingiz, ulkan siyosiy qat’iyatingiz sabab o’tgan 25 yil orasida erishilmagan barcha muammolarni hal etganingiz uchun, aslida men sizni taqdirlashim kerak edi. Siz mukofotga loyiqsiz, men buni hisobga olib qo’yaman", - deb gapirgani gulduros qarsaklarga sabab bo’ldi.

Rahmonning taqdirlanishini Tojikistonda mahalliy ekspertlar o’zbek diplomatiyasining nozik yutug’i deb baholashdi.

"Men shunday tushundimki, O’zbekiston hukumati bu haqda oldindan hech narsa bildirmagan va obro’li xalq orasida to’satdan shunday sovg’a qilishlari ajoyib insoniy samara berdi, barchaning dilini yoritdi", - deydi xo’jandlik ekspert Abdujabbor Yo’ldoshev.

Uning fikricha, kutilmagan yana bir yangilik - Tojikistondagi Zarafshon daryosiga ikki yangi gidroelektrostansiya qurilishiga O’zbekistonning hissa qo’shishga qaror qilganligi. Chunki aynan gidroelektrostansiyalar qurilishi bahonasi o’rtaga solinib, go’yoki suv muammosi sabab ikki davlat orasiga qattiq sovuqchilik tushgandi. Rahmon bu masalada ikki orada hech qanday ixtilof bulmasligini yana bir karra tasdiqladi.

Prezidentlar uchrashuvi davomida erishilgan 30 ga yaqin shartnoma va loyihalar, millionlab dollarlik kelishuvlarning barchasi mana shu faktlar oldida hech nimadir, deydi Yo'ldoshev.

Tojikistondagi o’zbeklar markazi raisi, o’zbek olimi Ilhom Yusupov ham yaqin-yaqingacha Mirziyoyevning qo’shnilarga nisbatan siyosati natijalariga u qadar ishonmay kelganini aytarkan,hali o’rtadagi yovuz kuchlardan saqlanish lozimligini ta’kidlaydi.

"Bu shunchaki birlikka qadam emas, umuman mintaqa integratsiyasi uchun katta qadam deyish mumkin. Haqiqatdan ham tarixiy qadam bu, chunki sovuq munosabatlar uzoq yillar saqlanib keldi. Men ham yaqin vaqtgacha o’rtadagi aloqalar shu darajada yaxshilanib ketishiga ishonmagan edim. Lekin Shavkat Mirziyoyev o’z so’zida qolishini ko’rsatib, aqidalariga sodiq qolib, uni rivojlantirishda ustivor turishini amalda isbotladi, bunga faqat tasanno aytish kerak xolos, - deydi Yusupov.

Uning fikricha, o’rtada yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolardan foydalanib, oraga nifoq solish holatlari tug'ilishi mumkin bo'lganda, ayrim uchinchi kuchlar o’shani ishga solishlari mumkin, shuning uchun unday yovuz kuchlardan saqlanish lozim bo’ladi. U qo’shni Afg’onistondagi notinchliklarni, "Islomiy davlat" tahdidi va ekstremistik kuchlar faolligini misol keltiradi.

"Bundan tashqari respublikamizni o’zida ham har xil terroristik guruhlarning qo’lga olinayotgani bor. Yana davlatimizning taraqqiyotini ko’rolmaydigan boshqa uchinchi yovuz kuchlar turli fitnalar qilmasa, birligimiz, integratsiya yuqori nuqtalarga chiqadi. Xalq ham, davlat ham birlik va ahillikni ko’z qorachig’iday asrashi kerak", - deydi o’zbek olimi.

O’zbekiston hukumatining tojik tilida nashr etiladigan “Ovozi Tojik” gazetasi bosh muharriri o’rinbosari Tojiboy Ikromov ham ikki davlat liderlari uchrashuviga yuksak baho beradi.

"Bu ikki ulkan qalb sohiblari, bu ikki obro’li rahbarning sharofati bilan yopilgan eshiklar qayta ochildi, va hatto men ba’zida fikr qilardimki, oradagi muammolar yaqin o’rtada hal etilarmikan, odamlarga erkinlik bo’larmikan degan shubhalarga borardim. Bir-bir yarim yil orasida bu qadar yaqinlikka erishish, chegaralarning shu darajada ochilishi, qisqa muddatlarda savdo-sotiqdagibu darajadagi yuksaklikmeni lol qoldirdi. 10 yildan ortiq men Tojikistonga borolmagan edim, yaqinda borib kelib, oradagi mehmonnavozlik, ochiqlik va do’stona munosabatlarga qoyil qoldim. Liderlarimizning bir-birlariga xalq uchun, mintaqa uchun, yurt uchun mehr bilan qadam qo’yishlaridan mamnunman. Endi oramizda abadiy hech bir muammo bo’lmaydi deb ishonaman", - deydi Ikromov.

Aytish mumkinki, chegaralarning ochilishidan aholining o’zaro bordi-keldilari 100 barobardan ham ortib ketgan, savdo-sotiq juda tez rivojlanmoqda. Bir necha oydan beri Tojikiston xalqiga tomoshalar ko’rsatib kelayotgan farg’onalik madaniyat xodimi, dorboz va polvonlar sulolasi vakili Ravshanbek Ma’murov aytadiki, qisqa muddat orasida ikki xalq orasidagi sun’iy to'siqlar olib tashlanib, o’rtada hech qanday muammo qolmagan.

Men ham yaqin vaqtgacha o’rtadagi aloqalar shu darajada yaxshilanib ketishiga ishonmagan edim.

"Men O’zbekiston respublikasi, Farg’ona viloyati, Beshariq tumanida No’monpolvon mahallasida turadigan No’mon polvonning katta farzandiman, menga tosh ko’tarish ota kasb. Tojikiston, O’zbekiston respublikalari yurtboshilarining oltin boshlari omon bo’lsin! Chegaralarimiz ochilib, elimizning yaxshi kunlarida xizmat qilmoqdamiz. Besh oydan beriKonibodom, Isfara shaharlarida, Nov (Spitamen), Bobojon G’afurov tumanlarida san’atlarimizni namoyish etib kelmoqdamiz, tojik xalqi bizlarni sog’inib qolgan ekan, ko’zlarida yosh bilan juda mexmonnavozlik ko’rstishmoqda. Onajonlarimiz tong sahardan dorbozchilarmizu-polvonlarga qatlama, somsa, qaymoq, tushlikka oshlar qilib chiqishmoqda, bulardan juda minnatdorman, bu elga xizmat qilayotganimizdan juda xursandmiz", - deydi o’zbek polvoni.

O’zbek va tojik mahalliy tahlilchilariga ko’ra, ikki davlat ortasida oldingi yillar mobaynida saqlanib kelgan sovuqchilikning barham topishi bilan mintaqaviy hamkorlk yanada rivojlanib ketadi va Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiya jarayoni yangi pallaga chiqdi, deb aytish mumkin.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG