Breaking News

Tojikiston va O'zbekiston strategik hamkorlikni yo'lga qo'ymoqchi


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O'zbekistonga safari davomida tomonlar o’rtasidagi uzoq yillik ziddiyat - Rog’un to'g'oni qurilishi masalasiga ham so’nggi nuqta qo’yilishi mumkin. Emomali Rahmonning O’zbekistonga davlat tashrifi paytida 20 dan ortiq hamkorlik hujjatlari imzolanishi kutilmoqda. Tojikiston prezidenti Toshkentdagi muzokaralardan tashqari Samarqandda ham mehmon bo’lishi rejalangan.

Rahmon O’zbekistonda ikki kun bo'ladi.

Emomali Rahmon O'zbekistonda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:15 0:00

Tojikiston prezidentining O’zbekistonga davlat tashrifi bundan 20 yil avval kuzatilgan. U ikki yil muqaddam O’zbekistonga marhum prezident Islom Karimovning dafn marosimida qatnashish uchun kelgan edi.

O’zbekiston-Tojikiston munosabatlaridagi o’zgarishlar davri ham aynan shundan so'ng boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoni tashqi siyosatda eng ustuvor yo’nalish sifatida e’lon qilgan.

Mirziyoyevning shu yil mart oyida Tojikistonga qilgan davlat tashrifi munosabatlardagi tarixiy burilish sifatida baholandi.

Ikki o’rtada viza tartibining bekor qilinishi, chegaralarda aholi qatnovining soddalashtirilishi bilan kuzatilgan mazkur tashrif davomida o’zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko’tarish maqsadi ham bildirilgan edi.

“Ikki o’rtadagi munosabatlarni yangi, mukammal bosqich, strategik sheriklikka ko’tarish vaqti keldi. Shuning uchun ham bugun biz so’nggi o’n yillar davomida ikki o’rtada yig’ilib qolgan muammolarni bartaraf etdik. Ishonch bilan aytish mumkinki, yaqin kelajakda munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga chiqadi”, - degan edi Mirziyoyevni Tojikistonda kutib olgan Prezident Emomali Rahmon.

Ikki yil muqaddam prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga safari ancha uzoq kutildi. Mirziyoyev mintaqaga safari davomida ancha vaqt Tojikistonni chetlab o’tgani ikki o’rtadagi asosiy ziddiyat nuqtasi bo’lgan Rog’un GESi bilan bog’liq ko’riladi.

Islom Karimov vafotidan ko’p o’tmasdan Emomali Rahmon tantanali ravishda Rog’un GESi qurilishini shaxsan o’zi boshlab berdi, qurilishga ashaddiy qarshilik bildirib kelgan rasmiy Toshkent buni sukut bilan qarshi oldi.
Mirziyoyevning Tojikistonga safari amalga oshar ekan, prezidentlar tomonidan imzolangan qo’shma bayonotda Rog’un bo’yicha pozitsiyalar ham aks etdi. Unda to’g’on qurilishi yuzasidan ikki tomonlama maxsus komissiya tashkil etishga kelishildi; qurilish xalqaro me’yorlarga zid bo’lmagan taqdirda O’zbekiston tomonidan qo’llanilishi mumkinligi aytildi.

Mirziyoyev Rahmon bilan o’tkazgan muzokaralari natijasida tomonlar o’rtasida muhokama qilinmagan muammolar qolmagani, bu muammolarga yechim topish, aloqalar istiqboli uchun ishlashga kelishilgani haqida bayonot bergan edi.

Rog’un yuzasidan muhokamalar so’nggi bor shu yilning iyun oyida o'tkazilgan. DXX raisi Ixtiyor Abdullayev Tojikistonga safari davomida Rog’un qurilish maydonini ko’zdan kechirgan, bu borada tojikistonlik hamkasbi bilan muzokaralar o’tkazgan.

Bundan avvalroq ShHT Bosh kotibligiga tayinlangan Vladimir Norov GES qurilishi ekspertlar tomonidan ijobiy baholangan taqdirda O’zbekiston bu qurilishda, shuningdek, Sarez ko’lini o’zlashtirishda ishtirok etishi mumkinligi haqida gapirgan edi.

Ayni paytga kelib ikki qo’shni davlat o’rtasidagi muammolar to’liq bartaraf etilgandek. Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning Toshkentdagi muzokaralari Rog’un ziddiyatiga so’nggi nuqtani qo’yishi ehtimoli yaqin.
Rahmon tashrifi davomida umumiy hisobda 23 ta hamkorlik hujjatlari imzolanishi kutilmoqda. Ulardan asosiysi O’zbekiston va Tojikiston o’rtasidagi strategik sheriklik haqidagi bitim, tashqi xavfga qarshi hamkorlikda kurashishga doir hujjat, shuningdek, ta’lim, sog’liqni saqlash, madaniy yo’nalishdagi hamkorlik shartnomalaridir.

Emomali Rahmon davlat tashrifi davomida poytaxt Toshkentdagi muzokaralardan tashqari Samarqand shahrida ham mehmon bo’lishi xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG