Ekspertlarga ko’ra, Prezident Donald Tramp buyuk ehtimol bilan Koreya yarimorolidagi AQSh kuchlarini qisqartiradi.
Vashington va Seul Janubiy Koreyadagi AQSh qo’shinlarini hamkorlikda moliyalash bo’yicha ulushlarini kelisha olmayapti. Tramp nazarida, Seul ulushi oshirilsa, adolatdan bo’ladi.
Londonda NATO sammiti doirasida jurnalistlar bilan suhbatlashar ekan, Tramp 3-dekabr kuni AQSh kuchlarini amaldagi shartlar asosida Janubiy Koreyada qoldirish batafsil muhokamadan o’tishi kerakligini ta’kidladi.
Garchi Tramp bayonotlari Seul bilan savdolashish taktikasi deya ko’rilayotgan bo’lsa-da, ekspertlar uning talablariga jiddiy munosabatda bo’lish lozimligini bildirmoqda.
Vashington Seuldan 28500 kishilik qo’shin xarajatlari uchun besh milliard dollar ajratishni talab qilgan.
Janubiy Koreyaning joriy yildagi ulushi 900 million dollar bo’lgan. Biroq Vashington keyingi yil uchun talab qilayotgan moliya bundan besh barobar ko’p. Tomonlar joriy haftada mazkur masala yuzasidan to’rtinchi bor uchrashib, Vashingtonda muzokaralarni davom ettirmoqda.
“Ayni damda Pentagonda kuchlarni qisqartirishga doir hech qanday gap-so’z yo’q”, - deydi admiral Jeffri Anderson.
Kichik Jorj Bush ma’muriyatida Shimoliy Koreya bilan yadroviy muzokaralarga boshchilik qilgan Kristofer Xillga ko’ra, Tramp pozitsiyasi jiddiy talab yoki kelishuv taktikasi ekanidan qat’i nazar, Pxenyan tahdidining kuchayishiga zamin yaratadi.
Facebook Forum