Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un va AQSh Prezidenti Donald Tramp bir-biriga bo'lgan mehr va do'stligini shu qadar tez-tez izhor qilib turadiki, ba'zilar o'tgan ikki yildagi diplomatik sa'y-harakatlar natijasiz tugayotganini payqamasligi mumkin.
Pxenyan yadroviy qurollar borasidagi ziddiyatni hal qilish uchun Vashingtondan yil oxirigacha yangi takliflar kutyapmiz, deya muhlat qo'yganini bot-bot eslatmoqda.
Aks holda Shimoliy Koreya raketa sinovlarini qayta boshlaydi, 2017-yilda bo'lgani kabi oraga chuqur ishonchsizlik va tahdidlar qaytadi degani. Belgilangan muddat yaqinlashgani sari Pxenyan ogohlantirishlari balandroq yangramoqda.
Muhlat jiddiymi?
O'tgan yillar ichida Pxenyan muzokaralarda o'z maqsadiga erishish uchun quruq muhlat belgilangan hollar bo'lgan. Biroq bu galgisi jiddiy ko'rinadi.
Janubiy Koreyaning "Yonxap" axborot agentligi xabariga ko'ra, Seul masalaga jiddiy yondashib, AQSh bilan "favqulodda vaziyat" rejalarini tuzmoqda. Vashington Kim Chen Unni muzokara stoliga qaytishga ko'ndira olmayapti.
AQSh muzokarachisi yaqinda Shimoliy Koreya provokatsiyalarga qo'l urishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Fevral oyida Donald Tramp va Kim Chen Un uchrashuvidan keyin Shimoliy Koreya yadroviy salohiyatidan qisman voz kechish evaziga keng qamrovli sanksiyalardan qutula olmagach, qisqa masofatli raketa sinovlarini boshlab yubordi. Shu hafta mamlakat yana ikkita raketa otdi.
Shimol, shuningdek, biror sezilarli natija va'da qilinmasa, Tramp bilan yana bir sammit o'tkazish foydasiz ekanini bildirgan.
"AQSh Koreya yarimoroli muammosini hal qilishda go'yo progress bo'layotganini da'vo qilib, vaqtdan yutishga harakat qilyapti, xolos. Evaziga biz hech narsani qo'lga kiritganimiz yo'q. AQSh prezidenti bundan buyon maqtanishiga asos bo'ladigan hech narsa bermaymiz", - deydi Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi maslahatchisi Kim Kay-Gvan.
Sanksiyalar va raketa sinovlari
Kongressda Prezident Trampni ishdan olishga qaratilgan harakatlar davom etayotgan bir paytda, Shimoliy Koreya u bilan muloqot foydasiz degan xulosaga kelsa, yadroviy va qit'alararo ballistik raketa sinovlarini qayta boshlashi mumkin.
Ammo ba'zi kuzatuvchilar Kim Chen Un AQSh bilan muzokaralardan voz kechmaganiga urg'u beradi.
"2020-yil yaqinlashar ekan, AQSh bilan qandaydir murosaga kelish imkoniyati boy berilyapti. Sanksiyalar doimiy bo'lib qolsa, Kim Chen Un xalqiga va'da qilgan iqtisodiy yengillik amalga oshmaydi", - deydi osiyoshunos professor Stiven Robert Nagi.
Kim raketa sinovlarini boshlab turib, Xitoy va Rossiyadan iqtisodiy yordam olishga harakat qilishi ham mumkin. Tahlilchi Go Myan-Xun fikricha, agar u muzokaradan voz kechib, ballistik raketalarni ishga solishga qaror qilsa, Trampga eng katta zarar keltiradigan paytni tanlashi ehtimoldan xoli emas.
Umid bormi?
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Syu Mi Terriga ko'ra, Tramp ma'muriyati oldida ikkita yo'l bor: Shimoliy Koreyaga qo'yilgan sanksiyalarning katta qismini shartsiz hozirdan bekor qilish yoki kelasi yili Pxenyanning kuchli raketa sinovlarga qaytishini kuzatib o'tirish.
"Shimoliy Koreyaning maqsadi ishni paysalga solish. Ko'rinish beradi, gaplashadi, keyin muzokarani to'xtatadi. Bu o'yinni davom ettirib, ular aslida yadro va raketa dasturini takomillashtiryapti va kengaytiryapti", - deydi Terri.
Jorj Bush prezidentligi davrida Shimoliy Koreya bo'yicha bosh muzokarachi bo'lgan Kristofer Xillning aytishicha, Pxenyan yil oxiriga qadar biror narsaga erishishga qattiq harakat qiladi.
"Agar Tramp ma'muriyati yon bermasa, Pxenyan o'z pozitsiyasini qayta ko'rib chiqishiga to'g'ri keladi, chunki Tramp ularga kerak", - deydi u.
Yana bir ekspert Robert Kelli fikricha, diplomatiya ish berishi uchun so'nggi umid Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey Indan.
"Mun shunday bir kelishuvga erishishi kerakki, hozirgi tang bir vaziyatda ham Trampni qiziqtira olsin, ham Shimoliy Koreyani yon berishga, muhlat belgilashdan voz kechishga unday olsin. Lekin na Munning, na boshqa birovning qo'lidan kelishi savol ostida", - deya yozadi Kelli.
Facebook Forum