Breaking News

Mirziyoyev jurnalistlar faoliyatini himoya qilishga oid qarorni imzoladi


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Konstitutsiya kuni munosabati bilan o'tkazilgan bayram tadbirida, 2019-yil, 7-dekabr, Toshkent, O'zbekiston.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Konstitutsiya kuni munosabati bilan o'tkazilgan bayram tadbirida, 2019-yil, 7-dekabr, Toshkent, O'zbekiston.

14-dekabr kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o'z ichiga oluvchi yangi qarorga imzo chekdi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatini himoya qilish choralarini kuchaytirish haqida ham so'z boradi.

So'nggi paytlarda mamlakatda jurnalistlar va blogerlarga nisbatan ba'zi hokimlar va rasmiylar tomonidan tahdidlar kuchaygan bir paytda yangi qarorning qanchalik amalda ijro qilinishi savol ostida.

Prezident Mirziyoyev imzolagan qaror, jumladan, matbuotdagi haqorat va tuhmat uchun belgilangan qamoq jazosini qayta ko’rib chiqish, jurnalistlarning huquqi, sud majlisidagi ishtiroki, bosma nashrlar faoliyati va moliyaviy ta’minotini yaxshilash choralarini o'z ichiga oladi.

“Konstitusiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlangan qaror ta’kidlangan choralarning ijrosi uchun davlat dasturi ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Mazkur qarorda OAVga doir qonunchilikda kutilayotgan o’zgarishlarni amalga oshirish vazifasi O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga yuklatilgan.

Agentlik 2020-yil 1-iyulga qadar OAV faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini ta'minlash, davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlaridan (qarorlari) himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, jurnalistlarning o‘z kasbiy faoliyatiga oid majburiyatlari belgilanishini nazarda tutuvchi “Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida”gi va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishi zarur.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonovning prezident qarori yuzasidan izoh bergan xabariga ko’ra, o’zgarishlar doirasida matbuotdagi haqorat va tuhmat uchun belgilangan qamoq jazosini bekor qilish masalasi ko’rib chiqiladi; sud tizimida shaffoflikni, jamoatchilik nazorati va jurnalistlar ishtirokini kuchaytirish uchun Oliy sud Plenumi qarori qabul qilinadi.

Prezident Mirziyoyevning bu qarori o’zbek jurnalistlari, blogerlari mahalliy hokimiyatlar, amaldorlar tahdidiga nishon bo’lgan navbatdagi mojaro ortidan kuzatilmoqda.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiq’xo’jayevning “Kun.uz” jurnalistlariga qilgan tahdidi yuzasidan munozaralar bosilishga ulgurmasdan Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyevning bloger “janozasini o’qishga” chaqirgan bayonoti muhokamaga chiqdi.

Dastlab “Ozodlik” radiosida tarqatilgan, Farg’ona viloyati hokimiyati Shuhrat G’aniyevga tegishli deb ko‘rilayotgan audio yozuvda viloyat hokimi tuman hokimiga Quvada gaz yetishmovchiligi yuzasidan mavjud norozilik haqida ijtimoiy tarmoqlarga video joylagan blogerni jazolash, “janozasini o’qish”, bu borada unga hisobot tayyorlash topshirig’ini beradi.

Bu audio ijtimoiy tarmoqlarda keskin munozara qo’zg’ashi ortidan Farg’ona viloyati hokimiyati matbuot xizmati o’z raddiyasini e’lon qildi.

Raddiyaga ko’ra, hokim Shuhrat G’aniyevning ovozi montaj qilingan yoki boshqa birov tomonidan o’xshatilgan bo’lishi mumkin.

16-dekabr kuni Shuhrat G’aniyev viloyatdagi jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashuv o’tkazgani, hokimning she’riyatni sevishi, blogerlarni hurmat qilishi haqida xabar tarqatgan O’zA, mazkur maqola davomida mojaro nima sababdan izohsiz qoldirilgani haqida hech narsa demaydi.

Bungacha ham, tahdid, haqorati, zo’ravonligi bilan tanilgan, Senatning Odob-axloq qo’mitasi tomonidan ogohlantirilgan, uch oylik sinov muddati bilan o’z lavozimini bajarayotgan Farg’ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G’aniyev ishtirokidagi navbatdagi mojaro ijtimoiy tarmoqlarda hokimlarning daxlsiz qolayotganiga doir jiddiy munozaralar qo’zg’adi.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev hokim, senator Shuhrat G’aniyev bilan bog’liq holatga huquqiy baho berishni so’rab, prokuraturaga murojaat bilan chiqdi.

Ammo hozircha prokuratura vaziyat yuzasidan biror munosabat bildirgani yo’q.

Bosh prokuratura avvalroq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayev tomonidan “Kun.uz” jurnalistlariga qilingan tahdidlar bo’yicha chiqargan xulosasi uchun keskin tanqidga olingan edi.

Jahongir Ortiqxo’jayevning jurnalistlarni “izsiz yo’qotish”, “geyga aylantirish” tahdidlarini o’rgangan prokuratura unda jinoyat alomatlarini topmagan, odob-axloq qoidalarini buzgan hokimga nisbatan chora ko’rish masalasini hukumatning o’ziga qoldirgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar tomonidan Shuhrat G’aniyevning navbatdagi tahdidi atrofida bildirilayotgan mulohazalarga ko’ra, O’zbekistonda tuman hokimlarini, mahalla qo’mitasi raislarini yoki shu darajadagi boshqa amaldorlarni tanqid qilish mumkin, ammo “qanot ostidagilar”ga daxl qilish mumkin emas. Bu toifadagilarga daxl qilish jurnalistning "6 daqiqada izsiz yo’qolishi" bilan kuzatilishi mumkin, deydi faollar.

Senatorlar Shuhrat G’aniyev va Jahongir Ortiqxo’jayev ham daxlsizlik maqomida bo’lgan shunday amaldorlar sirasida ko’riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG