12-dekabrdan O'zbekiston parlamenti saylovlari uchun muddatidan avval ovoz berish jarayoni start olgan. Ayni paytda aksariyati Rossiyada bo’lgan 600 dan oshiq fuqaro ovoz bergani qayd etilmoqda.
Saylov kampaniyasi davom etar ekan, Oliy Majlis va mahalliy kengashlar uchun saylovlarda nomzodlarning qaysi partiyadan ko’rsatilishini hokimiyat va Markaziy saylov komissiyasi hal etayotganiga oid ma’lumotlar yuzaga chiqmoqda.
Matbuotdagi bu iddao Markaziy saylov komissiyasi va rasmiy partiyalar tomonidan izohsiz qoldirilgan.
Daryo.uz nashri Surxondaryoda O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O'zLiDeP) mahalliy kengashga ko’rsatilgan nomzod Dilbar Saidovaning bir muddat o’tib O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) nomzodiga aylanib qolishi tarixi yuzasidan maqola e’lon qilgan.
Unda yozilishicha, nomzodi boshqa partiyadan deputatlikka ko'rsatilgan Saidovaning o’zi ham xabarsiz qoldirilgan. Dilbar Saidova o’z nomzodi XDPdan surilishiga qarshilik bildirishi ortidan Markaziy saylov komissiyasi va mahalliy hokimiyat tomonidan bosimga uchragan.
2009-yildan O'zLiDeP a’zosi bo’lgan, bir muddat shu partiya nomidan Qiziriq tuman kengashida deputatlik qilgan, navbatdagi saylovda XDPdan nomzodga aylantirilgan Dilbar Saidova tarixi O’zbekiston hukumatining saylovlar demokratik, ochiq, adolatli o’tayotganiga doir bayonotini shubha ostiga qo’yadi.
O'zLiDeP va XDP ishtirokidagi bu mojaroga hozircha siyosiy partiyalar ham, Dilbar Saidovani bir partiyadan boshqasiga o’tkazgan Markaziy saylov komissiyasi ham, nomzodga bosim o’tkazgan mahalliy hokimiyat ham munosabat bildirmagan.
Daryo.uz Dilbar Saidova bilan bog’liq muammo matbuotda yoritilishi ortidan unga nisbatan hokimiyat tomonidan bosim bo’lgani, raddiya berishga majburlangani haqida yozmoqda.
O’zbekiston Oliy Majlisi va mahalliy kengashlar uchun saylovlarda nomzodlar mahalliy hokimiyatlar tasdig’idan o’tayotganiga doir xabarlar avval ham yuzaga chiqqan edi.
Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev yetakchiligida o’tgan majlisda hokim saylovlar masalasiga to’xtalgan, deputatlikka nomzodlar tanlanishida kimlarga e’tibor qaratilishi yuzasidan gapirgan edi.
Bu majlis tafsilotlari jamoatchilikka ochiqlanishi ortidan Markaziy saylov komissiyasi mahalliy hokimiyatlar saylov jarayoniga aralashish huquqiga ega emasligi, bu siyosiy partiyalarning vakolati ekanligi haqida bayonot bilan chiqdi.
Hokimiyatlar mahalliy kengashlarga ko’rsatilayotgan nomzodlarni suhbatga chaqirayotganini “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan faollar ham tasdiqlashgan.
Ularga ko’ra, navbatdagi saylovlar “Yangi O’zbekiston - Yangi saylovlar” shiori ostida o’tayotganiga qaramasdan bu galgi saylovlarning ham avvalgilaridan farqi yo’q. Bu nafaqat mahalliy kengashlar uchun ketayotgan saylovlarga, balki Oliy Majlis Qonunchilik palatasi misolidagi jarayonlarga ham tegishli.
“Mahalliy kengashlarga nomzodlar mahalliy hokimiyatlar suhbatidan o’tayotgani inobatga olinsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga nomzodlar kim tomonidan tasdiqlanishini tasavvur qilish mumkin” , - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan bir faol.
Saylovda ishtirok etayotgan siyosiy kuchlar - avvalgi, sobiq tuzum davrida tashkil qilingan rasmiy partiyalar. Xorijdagi muxolifatning saylovda qatnashishiga ruxsat berilmadi.
Yetakchisi siyosiy quvg’inlikda yashayotgan muxolifatdagi “Erk” partiyasi 11-dekabr kuni O’zbekiston Oliy Majlisi saylovlariga doir o’z bayonotini tarqatdi. Unda aytilishicha, hokimiyatga kelishi umid bilan qarshilangan Prezident Mirziyoyev Karimov siyosatiga sodiq qoldi, o’lka eshiklarini muxolifatga ochmadi, muxolifatni “xalq dushmani” maqomida qoldirdi.
“Mana, parlament saylovlariga ham yetib keldik. Bu yerda ham Mirziyoyev o’z ustoziga sodiq qoldi: saylovlarga shaxsan Karimov tarafidan tuzilgan 5 qo’g’irchoq partiyani kiritdi”, - deyiladi bu bayonotda.
“Erk” partiyasiga ko’ra, qo’g’irchoq partiyalar vositasida shakllanishi kutilayotgan yangi parlament Prezident Mirziyoyevning muhim rejalarini, xususan O’zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shish qarorini tasdiqlab beradi.
"Erk" saylovlar ortidan O’zbekiston nisbiy ochiqlik siyosatidan voz kecha boshlashi, rejim qattiqlashishi, saylovni to’laqonli missiya bilan kuzatayotgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) xatoga yo’l qo’yayotganidan ogohlantiradi.
O’zbek muxolifatining ayrim faollari saylovni boykot qilish tashabbusini ham yuritishmoqda. Ularga ko’ra, saylovlar taqdiri avvaldan hal qilingan, soxta, aholi saylovlarni boykot qilish bilan o’z noroziligini ifodalashi kerak.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra, 22-dekabr kuni O’zbekiston Oliy Majlisi va mahalliy kengashlar uchun kutilayotgan saylovda 20 milliondan oshiq saylov yoshidagi aholi ovoz berishi kutilmoqda.
Facebook Forum