Dekabr oyida O'zbekistonda parlament saylovlari bo'lib o'tadi. Muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solihga ko’ra, sobiq prezident Islom Karimovdan keyingi yangi hokimiyat ham muxolifat qo'rquvidan qutilmagan. O’zbek parlamenti uchun kurashayotgan partiyalarda esa amaldagi hukumatni tanqid qilish kuzatilmaydi.
Oliy Majlis uchun saylovlar 22-dekabr kuni o’tadi. 20 milliondan oshiq saylovchi ovoz berishi kutilayotgan O’zbekiston parlamenti uchun saylovlar aksariyat jamoatchilik partiyalar, deputatlar haqida tasavvurga ega bo’lmagan bir sharoitda yaqinlashib kelmoqda.
Partiya yetakchilarining matbuotdagi chiqishlari parlament uchun kurashayotgan siyosiy kuchlarda mustaqil siyosiy talab, takliflar mavjudligidan emas, Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatini qo’llab-quvvatlashlaridan darak bermoqda.
Bu so’nggi kunlarda jamoatchilikda jiddiy munozara qo’zg’agan mavzu - O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishiga doir savolda ham ko’rinadi.
Munozaralar saylov kampaniyasi paytida yuzaga chiqqaniga qaramasdan mamlakatdagi biror siyosiy partiya bu borada o’z pozitsiyasini bildirishga jur’at topmadi.
Bu masalada asosiy e’tirozlar, munozaralar ham rasmiy partiyalar tomonidan emas, jamoatchilik, mamlakatdagi siyosiy maydondan chetlatilgan muxolifat tomonidan bildirildi.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi mustaqillikka tahdid solishi haqidagi bayonot bilan chiqdi, ammo bu partiya mamlakatdagi parlament saylovlarida ishtirok eta olmaydi. Chunki u hamon taqiq ostida.
Partiya raisi Muhammad Solih chorak asrdirki Turkiyada siyosiy quvg’inlikda yashaydi.
Uning aytishicha, muxolif partiya Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan uzoq yillik ta’qibdan so’ng siyosiy maydonga qaytish, parlament saylovlarida qatnashishni umid qilgan; ammo amalda yangi hokimiyat ham Karimovdan meros qolgan muxolifat potensiali qo'rquvidan qutilmaganini ko’rgan.
“Bu potensialni hozirgi hokimiyat, Mirziyoyevning hukumati, uning o’zi ham yaxshi biladi. Shuning uchun saylovlarga bizni yaqinlashtirmadi, shuning uchun ham bu partiyaning lideri bo’lgan Muhammad Solihni O’zbekistonga kiritish haqida nafaqat o’ylab ham ko’rgani yo’q, balki bu fikrning o’zi ularga dahshatli bo’lib tuyilyapti. Biz qancha yaxshi gapirmaylik, Mirziyoyevga nisbatan ulkan toqat ko’rsatmaylik, xatolariga ko’z yumib, qo’llab-quvvatlamaylik. Lekin shunga qaramay, bizning biror aybimiz yo’qligini, biz Karimov rejimiga dushman ekanligimizni bilganimiz, yangi hokimiyatni xush qarshilaganimizga qaramay, biz tomon bir odim otilmadi, partiyamiz hamon taqiq ostida turibdi. Partiya a’zolari hamon tazyiqqa olinmoqda, qo’llab-quvvatlaganlar esa hamon qamoqda. Masalan, Akrom Malik kabi zehniyati bizga yaqin odamlar. Bugun hamma Mirziyoyevni maqtayotgan bir paytda ham bizning partiyamiz a’zolari taqib ostida qolmoqda”, - deydi Muhammad Solih.
“Erk” rahbariga ko’ra, chorak asrdirki, taqiq ostida qolayotgan muxolif partiya bugun ham, asosan, ziyolilarga, qishloq o’qituvchilariga, shahar ziyolilariga tayanmoqda.
“Bizning tarafdorlarimiz, asosan, ziyolilar, qishloq o’qituvchilari, shahardagi ziyoli qatlam. Avval o’rta sinf degan bir ibora bo’lardi, ammo hozirgi davrda bu o’rta qatlan ham qashshoqlashib bo’ldi. Bizning tarafdorlarimiz asosi hozirga kelib qashshsoqlashgan shu ziyoli qatlam. Agar bugun bir erkinlik bo’lib, partiyamizga saylovlarga kirish imkoni bo’lganida edi, bu erkinlikdan ilhomlangan, mamlakat taqdirini o’ylagan shu ziyoli qatlam, xalq biz tomonda bo’lar edi”, - deydi Muhamad Solih.
Parlament saylovlarida ishtirokiga ruxsat berilgan rasmiy partiyalar ma’lum, bular O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O’zbekiston Liberal demokratlari, “Milliy tiklanish”, “Adolat” va O’zbekiston ekologik partiyasi.
Oliy Majlisi va mahalliy kengashlar uchun saylovda qatnashayotgan bu rasmiy partiyalar imzo yig’ishga kirishgan. Saylov kodeksiga ko’ra, har bir partiya kamida 40 mingdan imzo to’plashi kerak, bitta saylovchi bir nechta partiya uchun imzo qo’yish huquqiga ega.
Markaziy Saylov komissiyasi mamlakatda saylov kampaniyasi faol davom etayotgani haqida axborot bermoqda. Jamoatchilik orasida esa siyosiy raqobatdan xoli bo’lgan bunday saylovlar o’tkazishdan ma’no yo’qligi, saylovlarni boykot qilishga doir chaqiriqlar ham mavjud.
Facebook Forum