Jamoatchilikda 230 milliard 549 million so’m (24 million AQSh dollari atrofida) mablag’ sarflanayotgan parlament saylovlari mamlakatga qanchalik foyda keltirishi muhokama qilinmoqda. Parlament saylovlari munosabati bilan o’tkazilayotgan ijtimoiy so’rovlarda biror siyosiy partiyaga ovoz bermaslikni tanlayotgan aholi soni ko'p ekani kuzatilmoqda. Markaziy Saylov komissiyasi (MSK) esa dekabrdagi saylovlarni “milliy yuksalish davridagi” muhim siyosiy bosqich sifatida taqdim etmoqda.
MSKga ko’ra, bu yilgi saylov kampaniyasini o’tkazish uchun davlat byudjetidan 230 milliard 549 million so’m mablag’ ajratilgan.
Bu mablag’ning bir qismi bevosita saylov jarayonini tashkil etish, o’tkazishga, bir qismi saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning targ’ibot-tashviqot kampaniyasiga, yana bir qismi zarur texnik jihozlar sotib olishga sarflanadi.
Qiymati 24 million AQSh dollariga teng bu mablag’ dunyo miqyosidagi shu kabi siyosiy kampaniyalarga solishtirganda yirik bo’lmasligi mumkin, ammo iqtisodiy, ijtimoiy muammolar yetarli bo’lgan O’zbekiston uchun bu ancha sezilarli xarajat.
Bu xarajat aholi to’laydigan soliqlar hisobiga moliyalanadi.
Davlat budjetidan Markaziy saylov komissiyasiga, rasmiy partiyalarga taqdim etilayotgan bu mablag’ ijtimoiy tarmoqlar nazaridan chetda qolmadi. Parlament saylovlaridan biror jiddiy o’zgarish kutmayotgan jamoatchilik iqtisodiy muammolar ko'p bo'lgan mamlakatda bu pulni aslida nimalarga sarflash ma’qul bo'lishini muhokama qilmoqda.
Shu yilning 22-dekabriga belgilangan saylovda o’zbekistonliklar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylanadigan deputatlar uchun ovoz beradi.
Saylovda mamlakatdagi besh rasmiy partiya ishtirok etmoqda. Bu partiyalarning birortasi amaldagi hukumatga muxolif emas. Ularning barchasi hukumatdagi partiya O’zbekiston Liberal demokratlar partiyasi nomzodi bo’lgan Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatini qo’llab-quvvatlashi bilan tanilgan.
MSK ma’lumotiga ko’ra, davlat byudjetidan ajratilgan 230 milliard so’mdan ortiq mablag'ning 50 milliardga yaqini siyosiy partiyalarga, ularning targ’ibot-tashviqot ishlariga sarflanadi.
Aholining saylovlarga befarqligi, ishonmasligi saylovdagi ishtirokchilar, siyosiy partiyalar, parlamentda bu partiyalarni namoyon etib kelgan deputatlar faoliyati bilan bog’liq.
O’zbek parlamenti mamlakatda boshlangan nisbiy uyg‘onishlar davrida ham hali o’zini ko’rsatmadi. Oliy Majlisdagi sanoqli deputatlarni hisobga olmasa, aksariyat aholi partiyalarni ham, deputatlarni ham tanimaydi.
Parlament va deputatlar faoliyatini kuzatib kelayotgan faollar esa aynan shu sabablar bois ham yaqinlashayotgan navbatdagi saylovdan biror o’zgarish kutmayotganini aytadi.
Saylov kampaniyasi uchun ajratilgan mablag’ni maktablar ta’miriga yo’naltirish tashabbusi bilan chiqayotgan faollardan biri “Amerika Ovozi” bilan suhbatda saylov foydasizligini, yangi parlament ham asosan amaldagi deputatlardan iborat bo’lishiga ishonishini aytadi.
“Hammasi quruq dabdaba uchun! Saylovga ajratiladigan pullarni qishloqlarni obodonlashtirish, ko’chalarni asfaltlash, bog’cha, maktablarni ta’mirlashga yo’naltirish kerak edi. Namangan viloyatining o’zida 700 dan oshiq maktab ta’mirga muhtoj, issiqlik ta’minoti ishdan chiqqan. Bu saylovlar ham 90 foiz eskichasiga bo’ladi, deputatlar hokimiyatning aytganini qiladi, shaxsan men bu saylov biror o’zgarish yasashiga ishonmayman”, - deydi u.
Saylovga, siyosiy partiyalarga nisbatan ishonchsizlik, asosan, ijtimoiy tarmoqlardagi faol qatlam orasida kuzatiladi.
Ayrim axborot nashrlari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida parlament saylovlari munosabati bilan mustaqil so’rovlar o’tkazmoqda. Sof.uz nashri o’tkazgan shunday so’rov natijasiga ko’ra, ishtirokchilarning mutlaq ko’pchiligi, 53 foizi saylovda hech bir partiyaga ovoz bermasligini bildirgan.
O’zbekiston parlamenti uchun bu yilgi saylovlar chorak asrdan ko’pga cho’zilgan turg’unlik davridan so’ng o’tayotgan dastlabki saylov ekanligi bilan ham diqqatli.
Markaziy saylov komissiyasi navbatdagi saylovlarning ochiq, oshkora, demokratik tamoyillar asosida o’tishini ta’kidlamoqda.
Ammo MSK O’zbekistonda turg’unlik davrida o’tkazilgan avvalgi saylovlarga ham xuddi shunday ta’rif berib kelgan, ishtirokchilari ham, tashkilotchilari ham o’zgarmagan navbatdagi saylovlar istisno bo’lishiga esa jamoatchilikda ishonch kam.
Facebook Forum