O’zbekistonda 20-sentabrdan parlament va mahalliy saylovlar uchun rasman targ'ibot ishlari boshlandi. Saylovga hozirlik ko’rayotgan partiyalar esa dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammolar bilan shug’ullanayotgan deputatlar nomzodidan voz kechmoqda. Xitoydagi uyg’urlar taqdiri, maktablarda ro’mol taqiqlanishiga doir chiqishlari bilan jamoatchilikka tanilgan mahalliy kengash deputati Qobil Dusov - nomzodi partiya tasdig’idan o’tmagan faollardan biri. “Milliy tiklanish” partiyasidan chiqqan bu mahalliy deputatga boshqa bir partiyaga o’tish tavsiya qilingan.
Markaziy saylov komissiyasi Toshkentda o’tkazgan matbuot anjumanida 20-sentabrdan O’zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar uchun saylov kampaniyasi boshlanganini e’lon qildi. Saylov 22-dekabrda o’tishi rasman tasdiqlangan.
Kutilayotgan saylovlar O’zbekistondagi nisbiy uyg’onish davrida dolzarb muammolarni ko’tarishi bilan tanilgan deputatlarning siyosiy sahnadan chetlatilayotgani bilan kuzatiladi. Rasmiy partiyalar bunday nomzodlardan xalos bo’lishmoqda.
Xitoydagi uyg’urlar taqdiriga diqqat qaratib, Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqqan Bo’stonliq tuman kengashi deputati Qobil Dusov “Milliy tiklanish” partiyasi a’zosi.
U viloyat kengashiga nomzodini ko’rsatish niyatida bo’lgan, ammo unga boshqa bir partiyadan nomzodini surish tavsiya qilingan.
“Yilni boshida nomzodlar taqdim qilinadi, yil boshidanomzodlarimiz berilgan edi, mahalliy kengashdan viloyatga, viloyatdan respublikaga. Hozir esa telefon qilishib, men o’zim saylangan joydan deputatlikka qo’yilmasligimni, yana aytishyaptiki, bilmadim nega tushunarsiz bir harakatlar qilishyapti. Ikki-uch marta telefon qilib, balki boshqa partiyadan saylanarsiz degan fikrlar bildirildi. Men mayli saylanmasam ham, baribir “Milliy tiklanishni” a’zosi bo’lib qolaveraman, dedim. Bu topshiriq viloyat kengashidan bo’lgan, deb o’ylayman. Deputatlik lavozim emas, men xalqqa xizmat qilish, siyosiy sohada sal tajribamni oshirish uchun shunga qaror qilganman. Lekin xalqning ishonchini qozonish oson emas ekan, bergan va’dangizni bajarish lozim, men shu va’dalarni bajardim, saylovchilarning dard-hasratlari tufayli shunday vaziyat yuzaga keldi. Chunki menga ko’plab murojaatlar bo’ldi, faqat o’zim saylangan viloyat miqyosida emas, butun respublika bo’ylab. Zotan deputat faqat o’zi saylangan okrug bilan shug’ullanishi kerak degan qonun ham yo’q. Xullas, o’zimga bo’lgan murojaatlardan kelib chiqib, vakolatim doirasida bu bilan shug’ullana boshladim, o’z munosabatimni bildirdim. Ayrimlar buni piar ham deb baholashdi, lekin mening qilgan ishim xalq dardini, muammolarini eshitish bo’ldi”, - deydi mahalliy kengash deputati.
Qobil Dusovdan partiya safini tark etish talab qilinmagan, ammo saylovda nomzodini boshqa bir partiyadan surish tavsiya qilinishi “Milliy tiklanish” mahalliy deputat faoliyatidan qoniqmaganligini ko’rsatadi.
Dusovga ko’ra, u munozara qo’zg’agan chqishlaridan avval parlamentda “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov bilan uchrashgan, partiya raisi uning nomzodi tuman va viloyat kengashiga tavsiya qilinganini aytgan.
“Alisher Qodirov bilan uchrashganimda mening nomzodimni ko’rsatdinglarmi deb so’ragan edim. U tuman, viloyat kengashiga ham meni nozodimni taqdim qilishganini aytgan edi. Shundan keyin u kishi bilan muloqotda bo’lmagan edim, lekin mana yaqindasaylov bo’yicha boshqa partiyaga o’tasizmi degan qiziq takliflar bildirilganidan keyin, men o’ylanib qoldim. Deputatlik juda mas’uliyatli ish ekan, aslida ular qo’yganda ham ehtimol meni o’zim voz kechishim ham mumkin edi”, - deydi Dusov.
Tuman kengashi miqyosidagi deputat Qobil Dusovning jamoatchilikka tanilishi uning o’zbek deputatlariga xos bo’lmagan ochiq bayonotlaridan boshlandi.
Deputatning Mirziyoyevga qaratilgan “Rizqimizni Xitoy emas Alloh beradi!” deb nomlangan murojaati jamoatchilikda keskin munozara qo’zg’agan. Ayniqsa rasmiy Toshkent Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosatini qo’llab-quvvatlashi soyasida bu murojaat deputatlar faoliyatida ham uyg’onish bo’layotganining dalolati o’laroq ko’rilgan edi.
Dusov ijtimoiy tarmoqlarda joylagan bu chiqishi, shuningdek, maktablarda ro’molga nisbatan taqiqni bekor qilishga bo’lgan urinishlari ortidan turli tanqidlarga nishon bo’lgan.
“Ta’lim sohasida qonunga to’g'ri kelmaydigan bu ichki tartiblar aholining notinchligiga sababbo’ldi. Soqol, ro’mol masalasini globallashtirish mening fikrimcha, hukumat, deputatlar, siyosatga nisbatan ham ishonchsizlik paydo qiladi. Bu masalada men o’z vakolat doiramdagi barcha urinishlarni qildim, missiyamni bajardim, lekin buni o’zgartirish qo’limdan kelmadi, bartaraf etilmadi, lekin hal bo’lishi kerak. Menga qizim tengi yosh qizlar yig’lab murojaat qilishdi, ro’molda ekanligi uchun maktabga kirgizmayotganligi sababidan. Maktab direktorlariga ulab berishadi, ular bilan gaplashaman, buning qonunga to’g’ri kelmasligi, ro’molniijtimoiy, siyosiy xavfi yo’qligini tushuntirishga harakat qildim, lekin baribir masala o’z yechimi topmadi”, - deydi deputat.
O’zbekistonda 20-sentabrdan boshlangan saylov kampaniyasi uch oy davom etadi, 22-dekabrda saylovlar o’tadi.
Saylovda mamlakatda ro’yxatdan o’tgan besh siyosiy partiya qatnashadi, tashabbus guruhlari tomonidan mustaqil nomzodlar olg'a surilishi taqiqlangan. Ammo mavjud besh partiyaning birortasi muxoliflikka da’vogar emas.
Facebook Forum