Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an yakshanba kuni mahalliy telejurnalistlarning savollariga javob berar ekan, AQShning Anqaraga nisbatan sanksiya joriy etish ehtimoliga to‘xtaldi. Uning aytishcha, chindan ham sanksiyalar qo‘llanilsa, Turkiyadagi ikki harbiy baza AQSh uchun yopilishi mumkin.
“Kerak bo‘lsa, Injirlikni ham, Kurejikni ham yopamiz. Gap shundaki, agar bizga nisbatan sanksiyalar qo‘llansa, biz ham kerakli javobni beramiz. AQShning munosabatlarimizda tuzatib bo‘lmaydigan qadamlar tashlamasligi har ikki tomon uchun ham juda muhim”, – deya ogohlantirdi Erdog‘an.
Turkiyaning Adana viloyatidagi Injirlik aviabazasi Yaqin Sharqdagi operatsiyalar uchun muhim hisoblanadi. 1958-yilgi Livan inqirozi paytida AQSh bu yerga yuzdan ortiq samolyotlarini joylashtirgan edi. 2000-yillarda aviabazadan Iroq va Afg‘onistondagi operatsiyalar uchun foydalanilgan. Ayni damda paytda Suriyadagi harakatlar uchun ishlatilyapti. Qolaversa, bu yerda AQShning yadroviy qurollari ham mavjud.
Malatya viloyatidagi Kurejik harbiy bazasida NATOning yirik radiolokatsiya stansiyasi joylashgan. Ushbu stansiya Eronga maksimal darajada yaqin bo‘lgani tufayli eng avvalo Yevropa davlatlari uchun muhim hisoblanadi.
AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper Prezident Erdog‘aning so‘zlarini izohlar ekan, Anqara aynan nimani nazarda tutgani va niyati qanchalik jiddiyligini bilish uchun turkiyalik hamkasbi bilan gaplashishi kerakligini aytdi. Shuningdek, u Kurejik bazasini yopishi uchun Turkiya NATO bilan muzokara o‘tkazishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.
Sanksiyalar ehtimoli Anqara va Vashington o‘rtasidagi tanglik sabablaridan biridir. AQSh Kongressi Turkiyaning Rossiyadan S-400 raketa tizimini sotib olganidan norozi. AQSh bu tizimni F-35 qiruvchi samolyotlari uchun xavfli deb hisoblab, NATO mudofaa tizimiga integratsiya qilinishi mumkin emasligini uqdirmoqda. Anqara esa S-400 avtonom tarzda ishlatilishini ta’kidlab, u mamlakat xavfsizligini asrash uchun zarur degan fikrda.
Bundan tashqari, amerikalik qonunchilar Turkiya joriy yilning 9-oktabrida Suriyaning shimolida boshlagan harbiy operatsiyaga ham qarshi chiqqan. Shu operatsiya sabab 14-oktabrda Turkiyaga nisbatan sanksiya joriy etildi va o‘n kundan keyin – Suriyadagi harbiy amaliyot to‘xtatilgach, bekor qilindi.
Ammo S-400 xaridi va Suriyadagi harbiy operatsiyasi tufayli Turkiyaga sanksiya qo‘llashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi 11-dekabr kuni AQSh Kongressining Tashqi aloqalar qo‘mitasida tasdiqlangach, sanksiyalar mavzusi yana kun tartibiga keldi. Taklif etilayotgan jazo choralari orasida Turkiyaga qurol sotishni cheklash, F-35 va F-36 samolyotlari hamda ularning ehtiyot qismlarini bermaslik, ayrim turk banklarini qora ro‘yxatga kiritish singarilar bor.
Tahlilchilar fikricha, agar Anqara chindan ham harbiy bazalarni AQSh uchun yopadigan bo‘lsa, bu ikki davlat aloqalaridagi eng sovuq davr bo‘ladi. Turkiyaning NATOga a’zoligiga doir e’tirozlar kuchayishi mumkin. Vashington institutining Turkiya dasturi boshqaruvchisi Soner Chag‘aptay hozirgi vaziyatda eng muhim masala AQSh Prezidenti Donald Trampning mazkur qonun loyihasiga veto qo’llashi yoki qo’llamasligi bilan bog‘liqligini aytdi. Unga ko‘ra, ko‘zda tutilayotgan sanksiyalar aslida avvalgilaridan yumshoqroq va Tramp ularni tasdiqlamasligi ham mumkin.
“Turkiya S-400 tizimini ishga tushiradigan bo‘lsa, ham Amerikaning sanksiyalariga uchraydi, ham qurolli kuchlari uchun muhim hisoblangan F-35 samolyotlarini ololmaydi. Bu aslida Turkiya qurolli kuchlari uchun katta yo‘qotish”, – dedi Soner Chag‘aptay “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Anqarani og‘rintirgan yana bir masala – armanlar genotsidi
Turkiyaga sanksiyalar qo‘llash haqidagi qonun loyihasidan so‘ng AQSh senati Anqarani ranjitadigan yana bir rezolyutsiyani qabul qildi. 1915-yilda usmoniylar davlatidagi armanlarning ommaviy o‘limini genotsid deb tan oldi. Turkiyaning bunga reaksiyasi kechikmadi. Xususan, Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li rezolyutsiya qabul qilinishini “siyosiy spektakl” deb atadi. Turkiya prezidenti apparati Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i Faxriddin Altun esa rezolyutsiya Turkiya va AQSH munosabatlariga zarar yetkazishini ta’kidladi.
Turkiya 1915-yilda aholini ko‘chirish paytida yuz bergan armanlarning ommaviy o‘limi genotsid deb atalishiga mutlaqo qarshi. Hozirga qadar armanlar genotsidini dunyoning 31 davlati rasman tan olgan. O‘zbekistonlik tarixchi va publitsist Shuhrat Barlos esa aslida genotsid bo‘lmagan va bu masala fitnaning mahsuli degan fikrda. Uning aytishicha, XX asr boshida har ikki tomondan ham qotilliklar va talonchiliklar bo‘lgan. Biroq faqatgina armanlarni jabrdiyda qilib ko‘rsatish to‘g‘ri emas. Ustiga-ustak, armanlar Anatoliyada terrorchilik bilan shug‘ullangan. “O‘sha paytda “Dashnaksutyun”, “Ginchak”, “Armenikan” terror tashkilotlari turklarga, kurdlarga qarshi qirg‘inlar uyushtirgan edi. Jumladan, Bitlis, Siirt, Mush, Shirnak va Kars degan joylarda. Keyin esa bu qirg‘inlarni go‘yoki turklar amalga oshirgandek qilib ko‘rsatilgan, deydi tarixchi.
“Hatto Britaniya elchixonasida ishlagan Aram Andonyan ismli kishi Parijga ketgandan keyin 1915-yilda qirg‘in uyushtirildi degan mazmunda kitob chiqarib, mashhur bo‘lib ketdi. Shu tariqa hodisalar soxtalashtirildi. Dunyo u paytda usmoniylar davlatida nimalar bo‘lganini bilmas edi”, - deydi u.
Shuhrat Barlosga ko‘ra, armanlar genotsidi masalasi Turkiyaga siyosiy bosim o‘tkazish vositasidir.
“Usmoniylarning askarlari tomonidan qurolsiz armanlar ommaviy ravishda qirilmagan. Bu yolg‘on narsa, soxtalashtirish. Men Anaqaradagi arxivda ishlaganman, harbiy arxivda ham hujjatlar bor. Erdog‘anning o‘zi taklif bilan chiqdi, arxivdagi materiallarni birga o‘rganaylik dedi. Hujjatlarda esa armanlar emas, turklar genotsidga uchragan bo‘lib chiqyapti. Lekin usmoniylar davlatiga, keyinchalik Turkiyaga qarshi harakatlarga siyosiy tus berish, Turikyaga siyosiy bosim o‘tkazish uchun mana shu genotsid masalasi ko‘tarilgan”, – deydi u.
Tarixchi AQSh Kongressining armanlar genotsidi haqidagi rezolyutsiyasi Turkiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasiga va Rossiyadan S-400 tizimini sotib olishiga nisbatan javob ekanini aytadi. Uning ta’kidlashicha, turli davlatlarga genotsid iddaosi bilan taqdim etilgan hujjatlar aslida haqiqatni aks ettirmaydi. “Masalan, Fransiyaga taqdim etilgan hujjatning asosini ko‘rib chiqqanman. Soxta hujjatlar. Amerikaga taqdim etilganlari ham. Birortasi 1915-yildagi hodisalar genotsid bo‘lganini isbotlamaydi”, – deydi Shuhrat Barlos.
AQSh Kongressidan farqli ravishda Prezident Donald Tramp ma’muriyati 1915-yilgi hodisalarni genotsid emas, qirg‘in deb ataydi va hozircha ushbu pozitsiyasi o‘zgargani yo‘q. Davlat departamenti Kongress rezolyutsiyasi Tramp ma’muriyati siyosatiga aslo ta’sir ko’rsatmasligi haqida bayonot berdi.
Shuhrat Barlos armanlar genotsidi masalasining ko‘pirtirilishi “Dashnaksutyun” singari terror tashkilotlari a’zolari orasida turkiy xalqlarga nisbatan nafratga sabab bo‘lganini aytadi. Tarixchi dashnoqlarning 1918-yil fevralida Turkiston muxtoriyatini ag‘darish paytida Farg‘ona vodiysida o‘tkazgan qirg‘inlarini ham ana shu nafrat bilan bog‘laydi.
“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining “Dashnaksutyun” maqolasini o’qisangiz, bunga amin bo’lasiz. Qo‘qonda uch kun ichida 10 ming odam qirilgan. O‘shda, Namanganda, Chustda, Andijonda ham. Aravalarga qizlarni solib, zo‘rlagani olib ketgani haqida ma’lumotlar bor. Ensiklopediyada dashnoqlar Farg‘ona vodiysida 35 ming odamni qirgani yozilgan. Men qishloqma-qishloq kezib, bu haqda ma’lumot to‘plaganman”, –deydi Shuhrat Barlos.
U bunday hodisalardan saboq chiqarish, bunday qirg‘inlarning oldini olish kerakligini aytadi: “Chunki tarix takrorlanadigan jarayon”.
Facebook Forum