Breaking News

Demokratlar bahsida Tramp nishonga olindi


Demokratlar partiyasidan prezidentlik uchun nomzodlar bahsi, Los-Anjeles, Kaliforniya, 2019-yil, 19-dekabr.
Demokratlar partiyasidan prezidentlik uchun nomzodlar bahsi, Los-Anjeles, Kaliforniya, 2019-yil, 19-dekabr.

19-dekabr oqshomida Demokratlar partiyasidan prezidentlik uchun yetti nafar nomzod yilning so'nggi jonli bahsini o'tkazdi. Ular Vakillar palatasida impichment qilingan Prezident Donald Trampni AQSh tarixidagi eng buzuq rahbar deb atadi.

"Prezidentlikka munosib intizomni qayta tiklashimiz kerak", - dedi so'rovlarda yetakchilik qilayotgan nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Bayden.

Vermontlik senator, o'zini demokrat sotsialist deb ataydigan Berni Sander Trampni "tabiatan yolg'onchi" deb atab, uni "mamlakat ishchilarini sotib yuborganlikda" aybladi.

Massachusetslik senator Elizabet Uorren Trampni "o'tgan bir asrdagi eng buzuq prezident" deb atadi.

Indiananing Sout-Bend shahri meri Pit Butejejga ko'ra esa, Tramp "hokimiyatda qolish uchun hech narsadan tap tortmaydi".

Partiyaning yagona nomzodligini qo'lga kiritish uchun o'zaro bahslashgan nozmodlar, asosan, Prezident Trampni nishonga oldi; bir-birlarini kamdan-kam hollarda tanqid qildi.

Ommaviy so'rovlarda 77 yoshli Bayden yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi va uchinchi o'rinlarda senatorlar Sanders va Uorren turibdi. Ularning yoshi ham 70 dan oshgan.

Kongressning quyi palatasida impichmentga uchragan Prezident Tramp kelasi oy Senatda bo'ladigan sudda oqlanishi kutilmoqda. Chunki prezident ishdan olinishi uchun senatorlarning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak. Senatda esa prezident mansub Respublikachilar partiyasi hukmron.

Uning prezidentlikdan ketish ehtimoli deyarli yo'q bo'lsa ham, Vakillar palatasi impichment qilishi ortidan Tramp AQSh tarixida shunday jarayonga yo'liqqan uchinchi prezident bo'ldi. Prezidentlikka nomzod demokratlarning barchasi impichmentni qo'llab-quvvatladi.

Bu orada injilchi nasroniylarning yetakchi nashri Prezident Trampni impichment qilishni yoqlab chiqdi. Taniqli ruhoniy Billi Grem tomonidan asos solingan "Christian Today" jurnalida chop etilgan tahririyat maqolasida Trampni ishdan olishga da'vat qilindi.

Bosh muharrir Mark Galli tomonidan yozilgan maqola Trampning injilchi nasroniylar orasidagi ashaddiy tarafdorlariga qaratilgan.

"Kimligingizni va kimga xizmat qilishingizni unutmang. Trampni oqlash uchuun qilayotgan harakatingizni Yaratgan oldida qanday izohlashingiz haqida o'ylang. Siyosiy zaruriyat tufayli Trampning axloqsiz so'zlari va xatti-harakatidan ko'z yumishda davom etsangiz, e'tiqodsiz dunyo sizga nima deyishini o'ylang", - deb yozdi Galli.

"Christianity Today" jurnali zamonaviy injilchi nasroniylar harakati yetakchisi Billi Grem tomonidan 1956-yilda tashkil etilgan. Grem siyosatchilar orasida obro'ga ega bo'lib, bir necha AQSh prezidentiga diniy mavzularda maslahatchilik qilgan.

Jurnalda e'lon qilingan bu fikrning nasroniy saylovchilarga qanchalik ta'sir qilishi aniq emas. Avgust oyida o'tkazilgan so'rovga ko'ra, injilchi protestantlarning 77 foizi Trampning prezidentlik faoliyatidan rozi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG