O'zbekistonda saylovlar qachon adolatli va demokratik bo'ladi? Saylov oldidan oxirgi debatda "Amerika Ovozi" O'zbekistondagi siyosiy partiyalarning liderlariga shunday savol bilan murojaat qildi. Bu yilgi saylovlar, ya'ni Oliy Majlis va mahalliy kengashlardagi o'rinlar uchun kurash qanday kechishi 2021-yildagi prezident saylovi uchun ham zamin yaratadi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vatandoshlar yaqinlashayotgan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarda faol qatnashadi degan umidda. Nima uchun? Toshkentdan lavha.
Toshkent, 10-dekabr, 2019: O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamovadan savol: — Saylov xorijdagi vatandoshlar uchun aslida elchixona va konsulxonaga kelib, o‘z muammolarini muhokama qilish imkoniyatidir. Masalan, Qo‘shma Shtatlarning 50 shtatida o‘zbekistonliklar yashasa, ularning aynan saylovga kelib-ketishi qiyin. Qolaversa, yurtdoshlarimizning 90-95 foizi konsulliklarda ro‘yxatda turmaydi. Tabiiyki, ko‘pchiligining hujjatlar bilan bog‘liq muammolari bor. Ya’ni, ular saylovda qatnashish uchun emas, aynan mana shu muammolarni hal qilish uchun kelishadi. O‘zim yaqinda Amerikadan keldim. Vatandoshlar bilan gaplashganimda ular bir qancha savollarni o‘rtacha tashlashdi. Birinchisi: “Nima uchun O‘zbekiston hukumati bizdan bu saylovlarda qatnashishni kutadi?” Keyingisi “Men kimga va nima uchun ovoz berishim kerak? Bergan taqdirimda agar bu nomzodlar deputat bo‘lib saylansa, ular men uchun qanday xizmat qilishi mumkin?” Umuman, chet eldagi fuqarolardan saylovda faol qatnashing deyishga nima asos bor? Britaniya, Germaniya, Yaponiyada yashayotganlar saylovdan keyin qonunchilardan nima foyda ko‘rishi mumkin?
Mahmud Istamov, Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosaridan javob: — Bugungi kunda xorijiy davlatlarda 55 ta saylov uchastkasi tuzildi. Oldingi saylovlarda bularning soni 44 ta edi. Joriy yilgi saylovlarning avvalgilaridan yana bir muhim jihati, biz saylovlarni faqat diplomatik vakolatxonalar joylashgan hududda emas, balki bevosita fuqarolarimiz zich joylashgan manzillarga borib, ko‘chma qutilarda sayyor ovoz berishni tashkil etmoqchimiz. Asosiy maqsad, fuqarolarimizning Konstitutsiyaviy huquqini, burchini bajarish uchun davlat tomonidan sharoit yaratilishi kerak. Bu — davlatning majburiyati. Fuqaro o‘z huquqidan foydalanadimi yoki yo‘qmi, bu uning tanlovi. “Nimaga saylovchi borish kerak?” degan savolni to‘g‘ri qo‘ydingiz. Ilgari xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz o‘sha vaqtdagi parlament a’zolari tomonidan ham etarlicha eshitilmagan. Bugungi kunda nomzodlar, partiyalar xorijda yashayotgan fuqaroning ovozi uchun kurashar ekan, albatta, uni eshitishi, muloqotga kirishi kerak. Saylovchi ham o‘zining okrugidan saylangan deputatdan talab qilishi, takliflar berishi mumkin. Shu nuqtai nazardan saylovlarda fuqarolarimiz ham Vatanga bo‘lgan hurmati va daxldorlik hissini ko‘rsatib faol qatnashadi, deb o‘ylayman.
Namangan viloyatida inson huquqlari himoyasi bilan mashg'ul Zohidjon Zokirov Toshkentda O'zbekiston hukumati bilan uchrashuvda paxta terimida kuzatilgan majburiy mehnat hollarini muhokama qildi. Saylov yaqinlashmoqda. Lekin bu faolga ko'ra, uning viloyatida targ'ibot va fuqaro bilan muloqot sust.
Facebook Forum