“Yangi saylovlar” O’zbekiston siyosiy maydonida yangilik qilmadi: UzLiDep avvalgidek parlamentda ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritdi, keyingi o’rinlarni boshqa partiyalar band etdi.
Parlament saylovlarini xorijdagi yuzlab o’zbek faollari ham kuzatdi; ular orasida sobiq tuzum quvg’iniga uchragan sobiq deputatlar ham bor.
Oliy Majlisning sobiq deputati, siyosiy muhojirlikda yashayotgan Nasrullo Sayyid parlament saylovlari siyosiy o’zgarishlarga nisbatan umidlarni so’ndirganidan taassufda.
“Saylovda ishtirok etgan partiyalar hukumat tomonidan tuzilgan, shuning uchun ham bir- biridan farq qilmaydi. O’tgan bahslar, debatlar mavzusi tor, har holda Oliy Majlis deputatligi darajasidagi mavzular emas. Bor narsa shu, 30 yillik diktaturadan keyin shunday debatlar borligining o’zi ham jamoatchilikka voqeadek tuyulmoqda. Afsuski, Shavkat Mirziyoyev yana o’sha eski modelni bezab, yana o’sha eski aravada yo’lga chiqmoqchi, ammo bu bilan qanchalik uzoqqa borish mumkin, bilmadim. Umuman, mamlakatda siyosiy islohot o’tkazilmas ekan, jiddiy o’zgarishlarni kutish qiyin”, - deydi sobiq deputat.
Xorijdagi o’zbek muxolifati faollaridan yana biri Namoz Normo’minga ko’ra, saylov jarayoni uch yildirki islohotlar va’da qilayotgan Mirziyoyev hukumatiga nisbatan ishonchsizlik boshlanganidan darak bermoqda.
“Salkam 50 foizga yaqin aholi ovoz bermadi (MSK 67 foizdan oshiq aholi ovoz berganini qayd qilgan). Bu odamlarda saylovga nisbatan ishonchsizlik boshlanganidan darak beradi. Bu saylov prezident Mirziyoyev uchun mag’lubiyat bo’ldi, jumladan, ichki siyosatda ham, tashqi siyosatda ham. Ya’ni bu saylov O’zbekistonga obro’ keltirmadi. Ichkarida ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlarning 90 foizi tanqidiy ruhda, odamlar bu saylovlardan norozi. Vaholanki, prezidentda bu saylovlarni ochiq o’tkazish uchun uch yillik imkon bor edi, bundan foydalanilmadi. Xalqaro kuzatuvchilarning ham saylovlar haqidagi fikri ijobiy emas, ayniqsa, saylovda muxoliflar yo’qligi, natijada, ovozlarni hisoblash masalasida”, - degan fikrda Namoz Normo’min.
Xorijdagi o’zbek faollari fikricha, saylovlar Mirziyoyev hukumati ta’kidlab kelayotgan islohotlar amaliyotini aholiga hamda xalqaro jamoatchilikka taqdim etishning yaxshi imkoniyat edi. Ammo hokimiyat bu imkoniyatdan foydalanishni istamadi.
“O’zbekiston hukumati butun dunyoga saylovlar adolatli, raqobatli o’tdi degan mujdani bermoqchi edi. Ammo xalqaro jamoatchilik bu saylovdan o’ziga yarasha xulosa chiqarmoqda. Chunki saylovlar mavhum o’tdi, aksariyat aholi kimni saylaganidan mutlaqo bexabar. Eng asosiysi, parlamentga yangi havo olib kelindimi yoki yana o’sha avvalgi qarsakbozlik davom etadimi? Yaqin kelajakda bunga amin bo’lamiz. Parlamentda partiyalar taqsimoti shubhasiz avvaldan belgilab chiqilgan, qolaversa, muxolif partiyalar bo’lmagan bir sharoitda bu ahamiyatga ega ham emas, qaysi partiya, qancha olgani”, - deydi Nasrullo Sayyid.
Namoz Normo’minning aytishicha, parlament saylovlari qanchalik soxtalashtirilmasin, jamoatchilik boshqa bir mujdaga - siyosiy faollik uyg’onayotganiga guvoh bo’lmoqda.
“Men uchun eng ijobiy bo’lgan darak bu aholi rejim xarakterini tushunayotgani, soxta saylovda ishtirok etishni istamayotganidir. Xalqning ijtimoiy ongida o’zgarishlar bo’lmoqda. O’zbekistonliklar ham Ukrainadagi kabi ochiq, adolatli saylovlar bo’lishini istashadi. YXHT missiyasi ham muxolifatsiz adolatli, demokaratik saylov bo’lmasligni aytdi. Buni hukumatdagi ayrim rasmiylar ham tushungandek, har holda MSK raisining, Sodiq Safoyevning muxolifatga doir bayonotlari shundan darak beradi. Mayli, hukumat ehtimol yana va’da berayotgandir, ammo xalqning saylovda ishtirok etmaslikka qaror berishi bu haqiqiy o’zgarishdir”, - deydi u.
Sylovning dastlabki natijalari Oliy Majlisdagi partiyaviy taqsimotda keskin o’zgarishlar qilmadi. Liberal-demokratlarda 43 ta o’rin, keyingi o’rinlarda “Milliy tiklanish” (35) , “Adolat” (25), XDP (18), Ekologik partiya (11). 50 foizdan oshiq ovoz to’plamagan 22 ta okrugda qayta saylov o’tishi belgilangan.
Parlament saylovlari yuzasidan o’z xulosalarini ochiqlagan YXHT missiyasi ovozlar hisoblanishida jiddiy kamchiliklar mavjudligi, bir kishining bir necha odam nomidan ovoz bergani, shaxsni tasdiqlovchi hujjat ko’rsatmaganlar ham saylovda qatnashgani kabi holatlarni aniqlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda o’tgan saylovlar yuzasidan, xususan, ovoz berish jarayoniga mahalliy hokimiyat aralashganiga doir xabarlar ko’paydi. Blogerlar mahalliy hokimiyat vakillari o’z nomzodlarini o’tkazish uchun saylov uchastkalarida qasddan elektr chirog’ini o’chirishgacha borgani haqida ham yozishdi.
Facebook Forum