Breaking News

Moskva Afg'oniston tinchlik muloqotidagi Toshkent ishtirokidan mamnunmi?


Tolibon delegatsiyasi, Moskva, Rossiya, 2019-yil, 28-may
Tolibon delegatsiyasi, Moskva, Rossiya, 2019-yil, 28-may

Moskva etnik o’zbeklar bilan aloqalardan samarali foydalanishga urinayotgan Toshkentning Afg’oniston bo’yicha tashabbusini qo’llab-quvvatlamoqda.

Bu haqda Rossiya matbuoti Kremldagi rasmiy manbaga tayanib xabar berdi.

Nashrga ko’ra, Afg’oniston shimolidagi etnik o’zbeklar jamoasi bilan yaxshi munosabatlar o’rnatgan Toshkentning tinchlik muloqotiga doir tashabbusi mamlakatdagi muhim siyosiy doiralar tomonidan ham dastaklanyapti.

“AQSh Tolibon bilan tinchlik muzokarasi jarayonida O’zbekistonning ham ishtirok etishiga qiziqish bildirayotganini bilamiz. Biz uchun eng muhimi, O’zbekiston muloqotning toliblar, Kobul va boshqa muhim mintaqaviy o’yinchilar ishtirok etayotgan “Moskva formati”ni qo’llab quvvatlayotganidir”, deyiladi bu xabarda.

Ta’kidlanishicha, Moskva mintaqa davlatlarining Afg’oniston bo’yicha tashabbuslarga qo’shilishini olqishlaydi, chunki Turkmaniston, Tojikiston va O’zbekiston xavfsizligi bevosita Afg’onistondagi vaziyat bilan ham bog’liq.

Sharhlovchilar so’nggi paytda Moskvada Afg’onistondagi vaziyat tahdidi bilan Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o’tkazish siyosati kuchayganiga diqqat qaratmoqda.

Avvalroq Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari Nikolay Patrushev Afg’onistonda ikki mingga yaqin jangari Markaziy Osiyoga bostirib kirishga hozirlik ko’rayotgani haqida bayonot bilan chiqdi.

Rossiya xavfsizlik kengashi rahbariga ko’ra, Afg’oniston shimolida to’planayotgan IShID guruhi jangarilarining asosiy maqsadi Turkmaniston va Tojikiston orqali mintaqaga kirish, Afg’oniston va Markaziy Osiyo davlatlarini o’z ichiga olgan Buyuk Xurosonni bunyod etishdir.

Afg’onistondagi jangarilarning Markaziy Osiyoga bostirib kirishiga oid ma’lumot birinchi bor aytilayotgani yo’., Nikolay Patrushevning mazkur bayonotidan avval Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) rahbari Valeriy Semerikov Afg’oniston shimolida minglab jangarilar to’planayotgani, vaziyat mintaqa davlatlari uchun tahlikali qolayotgani haqida aytgan edi.

Afg’oniston tomoni taqdim etayotgan ma’lumotlarda vaziyat bu qadar tahlikali emasligini aytib, shuningdek, afg’on hukumati mintaqada yuz bergan xurujlarda Afg’oniston ishtirokiga doir bayonotlarni ham rad etib keladi.

Bu yaqinda Tojikistonda yuz bergan xurujlar davomida ham kuzatildi. Tojik-o’zbek chegarasidagi “Ishqobod” postiga IShID jangarilari tomonidan uyushtirilgan xuruj ishtirokchilari Tojikistonga Afg’onistondan o’tgani iddao qilindi. Ammo afg’on rasmiylari buni rad etdi.

20 dan ortiq kishi qurbon bo’lgan “Ishqobod” xuruji yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda; xurujda ayollar, yosh bolalar ham halok bo’lgan.

Ekspertlar orasida turli shubhalar uyg’otgan bu hujum tafsilotlari hali to’la ochiqlanmadi, ammo xuruj Afg’oniston tahdidini olg’a surayotgan siyosiy kuchlar uchun ayni muddao bo’lgani qayd etildi.

Afg’oniston masalalari bo’yicha ekspert Andrey Sirenkoga ko’ra, Afg’oniston tahdidi siyosiy maqsadlarga xizmat qilmoqda, xususan shimoldagi jangarilar tahdidi haqida to’xtovsiz ishoralar berayotgan Moskva uchun bu Markaziy Osiyo davlatlarini nazoratda ushlash vositalaridan biridir.

Andrey Sirenkoga ko’ra, Toshkent toliblar bilan muloqotga qo’shilgan, o’z manfaatlarini topishga urinayotgan navbatdagi o’yinchi, ammo isyonchi guruh bilan dunyoning turli burchaklarida o’tayotgan muzokaralarning ijobiy yakun topish ehtimoli ishonchsiz.

“Tolibon turli siyosiy kuchlar bilan muloqotga kirishmoqda, buning tajribasini oldi ham. Ular natija qanday bo’lishidan qat’i nazar, muzokaralar guruh nufuziga xizmat qilishini yaxshi bilishadi. Men toliblar muloqotga borgan taqdirda ham, muzokara shartlariga amal qilishiga jiddiy shubha bilan qarayman”, - deydi ekspert.

Tolibonning rasmiy darajasi, maqomi Toshkent va Kobul o’rtasida bir qadar taranglikni ham yuzaga chiqargan edi. Tinchlik muloqoti tashabbusi doirasida toliblarning Toshkentda rasman, tantanali kutib olinishi Afg’oniston tomoni e’tiroziga sabab bo’ldi. Afg’on hukumati bu kabi muzokaralar tinchlikka xizmat qilmasligiga doir bayonot bilan chiqdi.

Rasmiy Toshkent toliblar bilan muzokarada, shuningdek tinchlik muloqoti tashabbusi doirasida ham Afg’oniston shimolidagi o‘zbeklar bilan munosabatlari qanchalik o’rin tutayotgani, ularning manfaatlari bu muloqotda qanchalik ifodalanayotgani yuzasidan hali biror ma’lumot taqdim etmagan.

Rossiya matbuotidagi fikrlarga tayanilsa, Toshkent bu aloqalardan samarali foydalanmoqda, tinchlikka doir tashabbusi yuzasidan mamlakatdagi asosiy guruhlar qo’lloviga erishishga ham muvaffaq bo’lgan.

Afg’oniston shimolidagi o’zbeklar bilan aloqalar bugun, Karimov davridagidan farqli, bir qadar ochiqlik kasb etgani kuzatiladi. Mamlakatdagi uchinchi yirik etnik guruh sifatida ko’rilayotgan o’zbeklarga iqtisodiy, madaniy yordam ko’rsatish ishlari, afg’on yoshlarini O’zbekistonda o’qitish loyihalari qayta tiklandi, o’zaro aloqalar rivojlanmoqda.

Toshkent Afg’oniston siyosatini, xususan, tinchlik muloqoti doirasidagi tashabbusini uzoq yillik urushga yakun yasash, mintaqaviy xavfsizlikka va barqarorlikka erishish, Afg’oniston bilan savdo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, mamlakatni mintaqa bozoriga qo’shish maqsadlari bilan ifodalaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG