Breaking News

AQSh-Tolibon muloqoti uzilgani O'zbekiston tashabbusiga qanday ta'sir qiladi?


AQSh va Tolibon o’rtasidagi maxfiy muzokaralar bekor qilinishi Afg’oniston bilan hamkorlikni kuchaytirayotgan Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston uchun ham muhim ishora sifatida ko’rilmoqda. Toshkent o’z hujumlarini to’xtatmayotgan Tolibon bilan tinchlik muloqotini ilgari surib kelayotgan tomonlardan biri. Afg'onistonda bir qator hujumlar ortidan muzokaralar to’xtatilishi toliblarning tinchlikka qanchalik rioya qilishiga doir xavotirlarni yuzaga chiqargan.

AQSh, Tolibon va Toshkentning tinchlik tashabbuslari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:53 0:00

Tolibon Afg’onistonda amalga oshirayotgan terror xurujlarini to’xtatish niyatida emas. Aynan shu AQSh va Tolibon o’rtasida sulh tuzilishiga doir muzokaralar bekor qilinishiga sabab bo’lgan.

Prezidentlar Donald Tramp, Ashraf G’ani va Tolibon yetakchilari o’rtasida Merilend shtatida o’tishi kutilgan muloqot sulh imzolanishi bilan tugashi kutilayotgan edi. Ammo Tramp Kobulda amalda oshirilgan, 11 kishi qatorida amerikalik harbiy halok bo’lgan xuruji ortidan muzokaralar bekor qilinganini e’lon qildi.

AQSh matbuoti xabarlariga ko'ra, Tolibonga mezbonlik qilish taklifiga Trampning xavfsizlik bo'yicha maslahatchilari va hatto Vitse-prezident Mayk Pens qarshi bo'lgan, ammo Prezident Tramp e'tirozlarni inobatga olmagan. Oq uy bu xabarlarni inkor etmoqda.

Muzokara ishtirokchilaridan biri bo'lmish Afg’oniston hukumati terror xurujlari soyasida kechayotgan muloqot to’xtatilishini qo’llab chiqqan. Markaziy Osiyo davlatlari bu borada munosabat bildirishmagan, shu jumladan O’zbekiston ham.

Ammo to’xtatilgan muzokaralar Tolibon bilan muloqot o’tkazishni olg’a surib kelayotgan Toshkentning tinchlik tashabbusiga bevosita daxldor. Ayniqsa Afg’onistonda tinchlik o’rnatish doirasidagi navbatdagi xalqaro konferensiya Samarqandda o’tkazilishi e’lon qilingani inobatga olinsa.

Muzokaralar to’xtatilishining asosiy sababi Tolibon Afg’onistonda terror xurujlarini davom ettirayotganida, tinchlik bitimiga erishilishi ortidan ham sulh shartlariga rioya etmasligi mumkinligida deb ko’rilmoqda.

Bu xavotir Tolibon vakillarini tantana bilan O’zbekistonda qabul qilgan, jangari guruhga mulozamat ko’rsatgan Toshkentga qaratilgan ishora sifatida ham baholanmoqda.

Sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, Tolibonning faqat diktaturaga suyanishi avvaldan ma’lum, jangari guruh bilan muloqotdan xalqaro nufuz orttirishga urinayotgan O'zbekiston toliblar Afg’onistonga tinchlik olib kelmasligini bilishi kerak.

“Tolibon biror siyosiy dasturga ega kuch emas, uning asosiy maqsadi Afg’onistondagi narkobiznesni o’z nazoratiga olish. Hozir bu borada Moskvaga suyanmoqda. O’zbekiston bu boradagi vaziyatni yaxshi, chuqur ilg’amayapti. Bir qarasang Pokistonga borib keladi, bundan biron natija bo’lishi qiyin. O’zbekiston uchun Afg’onistondagi asosiy muammo faqat o’sha yerdagi mahalliy o’zbeklarning himoyasi bo’lishi kerak. Qolaversa, O’zbekiston Afg’onistondagi muammo yechimiga qo’shilish qudratidagi davlat emas. Bu tashabbus qandaydir piarga ham o’xshaydi, O’zbekistonni, Mirziyoyevni tanitish uchun. Lekin bu samarasiz urinish, chunki Tolibon muloqotga emas, mutlaq kuchga, diktaturaga, hokimiyatni tortib olish qaroridagi guruh. Bundan tashqari Tolibon nazoratini Afg’onistonda ham hamma qabul qilmaydi, ayniqsa shimolda. Ya’ni agar biror narsa bo’lsa, Afg’onistonda yana fuqarolar urishining navbatdagi bosqichini kutish mumkin”, - deydi Anvar Nazir.

Ammo Afg’onistonda tinchlik muloqotini olg’a surayotgan O'zbekiston tashabbusi ortida nafaqat xalqaro nufuz, balki iqtisodiy sabablar ustunligi ham ko’rinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg’oniston bozorini egallash O’zbekiston uchun muhimligi haqida bir necha bor gapirgan. O’zbekiston Afg’onistondagi qator loyihalarda, energetika ta’minotida, ayniqsa transport tizimini shakllantirishda faol ishtirok etmoqda.

“O’zbekiston temir yo’llari” tarqatgan xabarga ko’ra, kompaniya Afg’oniston va Xitoy o’rtasidagi yuk tranzitini amalga oshira boshlagan.

41 vagondan iborat dastlabki yuk poyezdi Afg’onistondan O’zbekiston orqali Xitoyga jo’nagani ma’lum qilingan bu xabarda tranzit yo’nalishining ochilish marosimida Afg’oniston, O’zbekiston, Qozog’iston rasmiylari ishtirok etishgani, O’zbekiston Afg’oniston bilan turli darajada, shu jumladan bu mamlakatda tinchlik o’rnatish bo’yicha ham hamkorlikni kengaytirayotgani ta’kidlanadi.

Toshkent Afg'oniston bilan iqtisodiy munosabatlarini nafaqat hukumat, balki Tolibon bilan ham muhokama qilib kelmoqda. Bu masala Tolibonning O’zbekistonga tashrifi davomida, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Qatarda toliblar bilan o’tkazgan muzokaralarida ham aks etgan edi.

O'zbekiston tashabbusi toliblar tomonidan dastaklansa-da, afg’on hukumatining e’tirozlaridan xoli emas. O’zbekistonda Tolibonga ko’rsatilgan ehtirom ortidan rasmiy Kobul bunday muloqotlar tinchlikka xizmat qilmasligi haqida bayonot bilan chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG