AQSh va Tolibon guruhi o’rtasida 2018-yilning 12-oktabrida boshlangan muzokaralar hanuz yakuniga yetmagan. Bugungacha to’qqiz bosqichda uchrashuvlar o’tkazilgan. Tomonlar haligacha uzoq muddatli muzokaralar bo’yicha asosiy savollarga javob bermayapti. Bitim tuzilgani, lekin ayrim mavzular ustida bahs davom etayotgani e’lon qilingan.
Urush to’xtatilib, toliblar tinch hayotga qaytadimi? AQSh qo’shinlari Afg’onistonni butkul tark etishi mumkinmi? Afg’onistonda qanday tuzum shakllanadi? Ayollar va so’z erkinligini kelishuvdan keyin nimalar kutmoqda? Bu savollarga javoblar mavhumligicha qolmoqda.
Muzokaralar davom etar ekan, Tolibon guruhi Afg’onistonda o’tkazilishi kutilayotgan prezident saylovi kechiktirilishini talab qilmoqda. Buning sababi esa, yangi muvaqqat hukumat tuzilishi uchun bo’lgan bahslar ekani aytiladi. Muvaqqat hukumat tuzish haqidagi xabarlarni toliblar tasdiqlamagan.
Afg’oniston prezidenti Muhammad Ashraf G’ani saylov o’z vaqtida o’tkazilishini ta’kidlaydi. Uning nazarida “yangi hukumat” toliblar bilan kelishib olgani yaxshi.
“Tolibon xohlayotgan narsalar amalga oshishi shart emas”,- deydi toliblarga javob tarzida G’ani.
Ayni damda, ayrim afg’on siyosatchilari saylovning muzokaralardan so’ng o’tkazilishi tarafdori. Sobiq prezident Hamid Karzay toliblar ham saylovda qatnashishi lozim degan fikrda. Prezidenlikka o’z nomzodini qo’ygan Muhammad Hanif Atmar, sulh muzokaralari sababli da’vogarligidan voz kechdi.
Bu yilgi saylov o’tgan safargi saylovlardan ancha farq qiladi. Saylovoldi targ’ibotlari ancha sust. Oldingi safar G’ani bilan yonma-yon turgan odamlar bu safar uning qarshisida turibdi, qarshisida turganlarning ayrimlari yonida.
Prezident G’ani va bosh vazir Abdulla Abdulla yetakchi nomzodlar sifatida ko’rsatilmoqda. Boshqa nomzodlar hokimiyat tepasidagi bu ikki shaxs o’z lavozimini suiiste’mol qilayotganini iddao qiladi.
Saylovda kim yutadi?
Saylov o’tkazilishiga bir oy vaqt bor ekan, unda kim g’olib bo’lishi haqida xulosa qilishga erta. Ko’plab guruhlar qaysi nomzodni qo’llashini e’lon qilmagan. Saylovoldi targ’ibotlarining so’nggi haftasida g’olib bo’lishi mumkin bo’lgan nomzodni aniqlash mumkin.
Bu safar ko’p odamlar ovoz bermasligi ham mumkin. Mamalakatda davom etayotgan beqarorlik saylov kampaniyalari, odamlarning ovoz berish ko’lamiga ta’sir o’ktazadi. Toliblar ba’zi viloyatlarda odamlardan saylovda qatnashmaslikni so’ragan. Ular Parvon viloyatida bayonot tarqatib, ovoz berish markazlariga hujum uyushtirilishi haqida ogohlantirgan.
Sulh:
Afg’onitson prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahatchisi Hamidulloh Muhim saylovgacha sulh muzokaralaridan natijaga bo’lmasligini ta’kidlaydi.
“Bugungacha juda kichik mavzular bo’yicha gaplashilgan, uzoq vaqt ketgan. Afg’onlar o’rtasidagi muzokaralarda ancha mavzu muhokama qilinadi, bunga esa ko’proq vaqt kerak”,- deydi Muhib.
Hamidulloh Muhib hukumat va toliblar o’rtasida muzokaralar o’tkazilib, Tolibonga ham hukumatdan joy berilishi mumkin ekanini bildirdi.
Bundan oldin Kobul toliblar bosh qonunni tan olishi bilan davlatga qo’shila olishini ta’kidlagan edi.
Prezidentning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi muzokaralarda xorijiy davlatlar o’z manfaatlarini ko’zlayotgani, lekin Afg’oniston hukumati o’z mamlakati manfaatlari doirasida tinchlik tarafdori ekaniga urg’u beradi.
Ayni damda, siyosiy doiralar muzokalarga Afg’oniston prezidenti va boshqa siyosiy rahbarlar qo’shilishini so’ramoqda. Ular nazarida, afg’on siyosatchilari qo’shilmagan uchrashuvlar natija berishi mumkin emas.
Shuningdek, amerikalik ayrim senatorlar Afg’onistonni ikkinchi Iroqqa aylantirmaslikni so’ramoqda.
Senator Lindsi Grem nazarida, Tolibonga ishonib Afg’onistonni tark etish fojiali oqibatlarga sabab bo’lishi mumkin.
Facebook Forum