Breaking News

Termizda o'qiyotgan afg'on yoshlari O'zbekistondan minnatdor


Afg’on yoshlari Termizda tahsil olmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:01 0:00

Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi O’zbekistoning Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan. Ushbu dargohda 120 dan oshiq afg’on yoshlar tahsil olmoqda. “Amerika Ovozi” Surxondaryoda bo’lib, talabalar bilan suhbatda bo’ldi.

Kelasi bir oy ichida o’qishlarini bitirib vatanga qaytayotgan yoshlar O’zbekiston haqida ijobiy fikrda. Afg’onistonlik yaqinlari ulardan O’zbekiston haqida ko’p surishtirayotgan bo’lsa, bu davlat yoshlari ham Afg’onistondagi hayot haqida bilishni xohlaydi.

“Afg’oniston haqida ba’zilar boshqacha tasavvurga ega. Lekin biz yurtimizdagi real vaziyatni tushuntirib berishga harakat qilyapmiz”, - deyi Xudoynazar Nazariy, talaba.

“Bizga [o’zbekistonlik yoshlar] Afg’onistonda ham maktab, universitetlar bormi deb savol berishadilar. Biz Afg’onistonda maktablar ochiq, universitetlar borligi haqida aytganmiz”, - deydi Hasino Bashardo’st ismli talaba.

Yoshlar markazdagi sharoitdan rozi. Talabalar viloyat yoshlari bilan yaqin aloqada.

“Yoshlar o’rtasida raqobat doim bor. Boshqa kursdoshlarim men bilan maqola, she’r yozish bo’yicha raqobatda bo’lib turadi”, - deydi Sayid Jaloliddin Sodotzoda.

Yoshlar o’qishlarilarini bitirib vatanga qaytayotganidan xursand. Lekin Surxondaryodagi samimiy muhitdan ayrilish ular uchun og’ir kechishi mumkin.

“Yelkamizda katta mas’uliyat yuklangan. Bir qancha yillar orasida e’tibordan chetda qolgan tilimizni rivojlantitish, mavqeini oshirish vazifasi oldimizda turibdi”, - deydi Firuzillah Sirdosh.

Yoshlarning 11 nafari qizlar ekan, ular bo’sh vaqtlarida turli xil kasb-hunarlarni o’rganish bilan mashg’ul.

“Tushgi soat birgacha darsda bo’lamiz, bo’sh vaqtlarimizda somon san’ati, haykaltaroshlik, tikuvchilik kabi to’garaklarda qatnashamiz. Men o’zim tikuvchilikni o’rganayapman”, - deydi Sobira Yoqubiy.

Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazida o’qiyotgan yoshlar ijodiy faoliyat bilan ham shug’ullanmoqda.

“Oxirgi marta Adabiy Tahrir asarini o’qiganman, chunki men maqolalar yozib turaman. Yozgan maqolalarim Surxondaryo viloyati gazetalarida nashr etilmoqda”, - deydi Sayid Jaloluddin.

Markaz talabalari ularga magistratura uchun imkon yaratilishini so’ramoqda. Markaz direktori o’rinbosari Mingboy Xolmurodov deydiki, O’zbekiston magistrlarni o’qitishga tayyor.

“O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri Ihomjon Majidovning tashrifi chog’ida talabalar xuddi shu savol bilan murojaat qilishdi. Vazir takliflarni o’rganib chiqib, markazning o’zida yoki biror bir universitetda magistraturani tashkil qilishga harakat qilamiz dedi. Lekin bu ish Afg’oniston davlati roziligi bilan, kelishilgan holda amalga oshadi”, - deydi Xolmurodov.

Markaz yoshlari Surxondaryo viloyatida o’tkazilayotgan ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy tadbirlarda qatnashmoqda. So’nggi bor Termiz shahrida o’tkazilgan “Janub zukkolari” bellashuvida ikkinchi o’rinni egallashdi.

“O’zbekiston qizlari afg’onistonlik qizlar maktabda o’qimaydi, uyda o’tiradi deb o’ylashar ekanlar. Bizning tadbirlarda qatnashayotganimizni ko’rib, xursand bo’lyaptilar”, - deydi Ra’no Sherzod, talaba.

Yoshlar tadbirlarda qatnashib, she’rlar, maqolalar yozib, o’z chiqishlari bilan Afg’oniston haqida bo’lgan salbiy qarashlarni yo’qotishga hissa qo’shmoqda.

“Surxondaryoda o’tkazilayotgan barcha tadbirlarda qatnashyapmiz. Qani edi Afg’onistonda ham shunday sharoit yaratilsa, talantlarni uyg’otsa edi”, - deydi Sayid Asadulla Bashosh.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG