Breaking News

Tolibon Prezident Ashraf G’ani taklifini rad etdi


Prezident Ashraf G'ani Jeneva anjumanida
Prezident Ashraf G'ani Jeneva anjumanida

Shveysariyada o’tgan anjumanda Afg’oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G’ani Tolibon harakati bilan muzokara qilish mexanizmlarini e’lon qildi. Shuningdek, muzokaralarni davom ettirish uchun 12 kishilik maxsus delegatsiya tashkil qilganini aytdi.

Uning aytishicha, Tolibon bilan tinchlik kelishuviga erishilgan taqdirda ham, uni tatbiq etish uchun kamida besh yil vaqt ketadi. Prezident saylovi belgilangan vaqtda, 2019-yilning 20-aprelida o'tkaziladi.

Ashraf G’ani toliblar bilan, keyin esa Pokiston, AQSh va ittifoqchi davlatlar bilan muzokara qilish zarur ekanini bildirgan.

Lekin u surayotgan takliflar Tolibon harakati tomonidan rad etildi. Jangari guruh “Afg’oniston hukumati AQShning qo’g’irchog’i”, deya Kobul bilan muzokara qilishni xohlamaydi.

“Ashraf G’ani vakolati va ixtiyoridan tashqari gapirdi. Dunyoga ayonki, “Islomiy Amirlik” Afg’onistonning yarmidan ko’p qismini nazorat qilmoqda. Boshqa tomondan, “Kobul Idorasi”ni Amerika tiklab qo’ygan. Bu rejim xalqning davlati emas, ularning vakili ham bo’la olmaydi”, - deydi toliblar so’zlovchisi Zabihulla Mujohid o’zining “Twitter” sahifasida.

Tolibon guruhi o’zini “Islomiy Amirlik” deb biladi. Guruh nazarida Afg’oniston hukumati bilan muzokara qilish vaqtni bekorga yo’qotishdir.

Harakat so’zlovchisi harbiylarga qarshi jangni davom ettirishga urg’u bermoqda.

“Islomiy Amirlik” 18 yildan beri Amerika bosqiniga qarshi jang ham, muzokara ham qilib kelmoqda”, - deydi Mujohid.

AQShning Afg’oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod AQShning "PBS" telekanali bilan suhbatda, toliblar bilan kelishilgandan keyin prezident saylovi o’tkazilishini taklif qildi.

Halilzodning ta’kidlashicha, agar Tolibon bilan kelishilsa ular ham saylovga qo’shilishi mumkin.

“Agar Tolibon bilan kelishilmasa, aprelda belgilangan saylov bo’lib o’tadi”, - deydi diplomat.

“AQSh Afg’onistoning yana bir bor terrorizm maydoniga aylanmasligiga va guruh Amerikaga tahdid bo’lmasligiga ishonsa, bu yerda harbiylarini qoldirmaydi”, - deya qo'shadi Halilzod.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG