Prezident Donald Tramp Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani va Tolibon yetakchilari ishtirokida AQShda o'tkazilishi kutilgan maxfiy muzokaralarni bekor qilgan. Bu haqda u "Twitter" orqali e'lon qildi.
Uchrashuv, Trampga ko'ra, Merilend shtatidagi "Kemp Deyvid" qarorgohida 8-sentabrga belgilangan edi. 12 kishining, jumladan amerikalik askar hayotiga zomin bo'lgan Kobuldagi portlash ketidan uni zudlik bilan bekor qildim, deya tushuntirmoqda AQSh rahbari.
Unga ko'ra, hujumni Tolibon amalga oshirgan va undan "bosim vositasi sifatida foydalanmoqchi bo'lgan".
"Agar toliblar hozirgi o'ta muhim tinchlik muzokaralari paytida sulhga rozi bo'la olmasa, hatto 12 begunoh odamni o'ldirishgacha borgan bo'lsa, demak, ular biz bilan kelishib olishga qodir emas. Ular yana necha o'n yillar jang qiladi?", - deydi Tramp.
Prezidentning kutilmagan tvitidan atigi bir necha soat oldin Qatarda AQSh diplomatlari va Tolibon o'rtasida muloqot davom etayotgan edi. Jangari guruh muloqotni o'ta ijobiy deb izohlagan, deydi Kobuldagi Amerika Universiteti rahbari Deyvid Sidni.
"AQSh rasmiylarining gapi bir joydan chiqmayapti. Tolibon o'z hujumlari bilan harbiy g'alabaga intilayotganini ko'rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan aksar afg'onlar nazarida AQSh harbiylarining mamlakatni tark etishi bu g'alabani ta'minlab beradi. Agar bu tinchlik tomon qadam bo'lganida, Tolibon zudlik bilan sulhga rozi bo'lardi", - deydi Sidni.
Uning fikricha, toliblar Amerikani taslim bo'layotgan tomon deb ko'rayotgani uchun ham maxfiy uchrashuvga rozi bo'lganini taxmin qilish mumkin.
Tinchlik kelishuviga erishish uchun AQSh va Tolibon o'rtasida muzokaralar bir necha oydan beri davom etmoqda, ammo jangarilar sulh taklifini rad etib kelmoqda.
Endi nima bo'ladi?
Tolibon harakati Trampning "Kemp Deyvid"dagi uchrashuvni bekor qilish qarorini qoralamoqda. Jangarilarning bildirishicha, Qatarda tomonlar kelishuv shartlariga rozi bo'lgan va 23-sentabrdan boshlab boshqa afg'on guruhlari bilan muloqotning yangi bosqichi boshlanishi belgilangan edi.
Tolibon bayonotiga ko'ra, kurash davom etadi va AQSh oxir-oqibat muzokara stoliga qaytishga majbur bo'ladi.
Trampning kutilmagan e'loni Tolibon bilan tinchlik bitimining rasmiylashtirilishini kutib turgan mintaqani larzaga soldi.
"Minglab kilometr uzoqlikdan bitta tvit. Bu yerda esa 30 million xalq ertangi kunidan xavotirda", - deydi afg'on diplomati Ahmad Shoh Katavazay.
"Osmonda qora bulutlar, hamma yoqni zulmat bosganday. Endi nima bo'lishi mavhum", - deb yozdi Qatardagi muzokaralarda qatnashgan afg'on siyosatchisi Badr Jamoliddin.
"Tolibonda siyosiy hayotga qo'shilish imkoniyati bor edi. Undan foydalanishmadi, Qatarda AQSh elchisi bilan muzokara qila turib zo'ravonliklarni davom ettirishdi", - deydi Afg'oniston prezidenti so'zlovchisi Sodiq Sodiqiy.
Afg'oniston hukumatining Tolibon bilan shartsiz muzokara qilish takliflarini jangari guruh rad etib keladi, hukumatni toliblar AQShning qo'g'irchog'i deb biladi.
Tahlilchi Maykl Kugelman fikricha, muloqot to'xtab qoldi deyishga hali erta.
"Tramp tajribali muzorakachi. U Tolibonni qo'rqitib, zo'ravonliklarni kamaytirishni va ularni muzokara stoliga qaytishini ko'zlayotgan bo'lishi mumkin", - deydi u.
Hozir Afg'onistonda 14 ming AQSh askari xizmatda.
Facebook Forum