Qatar poytaxti Dohada kechgan muzokaralarda toliblar Amerikadan Afg'oniston zaminini butkul tark etishni talab qilgan. Tomonlar endi o'zaro maslahatlashadi, deya bildirmoqda Tolibon o'z bayonotida.
Bu AQSh va toliblar orasidagi sakkizinchi uchrashuv bo'ldi. Uzun va foydali, deya ta'riflamoqda Zabihullo Mujohid, Tolibon so'zlovchisi.
Murosa qilinsa, 18 yillik urush rasman tugaydi. Tolibonga qo'yilgan asosiy shart - harakat Afg'onistonning ekstremist guruhlar makoni bo'lishiga yo'l qo'ymasligi kerak. Biroq al-Qoida terror guruhi mamlakatda hamon faol. Kundalik xurujlarda toliblar ayblanadi. Ular tomonidan afg'on hukumati a'zolari, harbiylar va fuqarolar nishonga olinadi.
Toliblarga yana bir shart shuki, harakat markaziy hukumatni tan olib, u bilan sulh tuzishi kerak. Hozirgacha toliblar bunga ko'nmay kelmoqda.
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod Qurbon hayiti bilan tabriklab, "Twitter" tarmog'ida yozar ekan, "bu Afg'onistonda urush paytida nishonlangan oxirgi hayit bo'lsin", deb tilak bildirdi.
Xalilzod deydiki, hayit munosabati bilan urushayotgan tomonlar til topishishga urinadi. G'ururini tinchlik uchun chetga suradi. Hozir, uning fikricha, Afg'onistonda va afg'onlar orasida shunday qilinadigan payt.
Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani davlat taqdiri va uning tinchligi bilan bog'liq har qanday masala shu zaminda hal bo'ladi, deya bong urmoqda.
"Kelajagimizni hamkorlarimiz, qo'shnilarimiz va dushmanlarimizning poytaxtlarida emas, o'z yerimizda belgilaymiz... Bizning ichki masalalarimizga chetdan hech kim aralasha olmaydi", - deydi G'ani.
O'tgan hafta Tolibon delegatsiyasi Toshkentga safar qilib, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligida mehmon bo'lgan. Mirziyoyev ma'muriyati afg'onlararo tinchlik muzokarasini Samarqandda o'tkazishni taklif qilgan. Tolibon bunga tayyor.
Ammo Kobul nazarida Toshkentdagi muloqot, Kobul hamon dushman sifatida ko'radigan tomon bilan uchrashuv, Afg'oniston manfaatlari uchun xizmat qilmaydi. Afg'oniston Tashqi ishlar vazirligi O'zbekistonni bu boradagi diplomatiyada u bilan kelishib ish ko'rishga undamoqda.
28-sentabrda Afg'onistonda prezident saylovlari. Xalilzod esa Tolibon bilan 1-sentabrgacha kelishib olish niyatida.
Tolibon ayni damda Afg'onistonning yarmini nazorat qilmoqda. 2001-yildan beri AQSh Afg'onistondagi urushda 2400 harbiysini yo'qotgan.
AQSh va NATO Afg'onistonda jangovar amaliyotlarni 2014-yilda tugatgan. 20 mingga yaqin amerikalik va ittifoqchilarning qo'shinlari hamon bu mamlakatda va Tolibon hamda "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashmoqda. Shuningdek, xalqaro kuchlar afg'on qurolli kuchlarini tayyorlash bilan band.
Facebook Forum