AQSh Prezidenti Donald Tramp Tolibon bilan AQShda belgilangan maxfiy uchrashuvni bekor qilishi ketidan bu qarorga nisbatan turli xil munosabatlar bildirilmoqda.
Kuzatuvchilar nazarida Tramp bu bilan toliblarga bosim o’tkazmoqchi.
Tolibon guruhi bu qarordan ko’proq Amerika zarar ko’radi degan fikrda. Kobul hukumati esa adolatli muzokaralarga urg’u bermoqda.
Tolibon guruhi avvalroq AQSh bilan bo’lgan muzokaralar yakunlanib, 23-sentabr kuni afg’onlar o’rtasidagi muzokaralar boshlanishi rejalandi, deya bayonot chiqargan edi. Lekin Prezident Donald Tramp Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani va Tolibon yetakchilari ishtirokida AQShda o'tkazilishi kutilgan maxfiy muzokaralarni bekor qilgach, Kobul hukumati bundan rozi ekani seziladi. Afg’oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'ani davom etayotgan urush muzokaralarga to’siq ekanini eslatadi.
“Afg’oniston davlati va xalqi doimiy sulh istaydi. Lekin olib borilayotgan urush va zo’ravonliklar sulh uchun asosiy to’siq”,- deyiladi prezident bayonotida.
President G’ani AQSh va ittifoqchi davlatlarning tashabbuslarini olqishlaydi.
Bosh vazir Abdullah Abdullah AQShda o’tkazilishi rejalangan uchrashuvning bekor qilinganidan afsusda ekanini ta’kidlagan.
Sobiq prezident Hamid Karzay esa Afg’oniston rasmiylari va qarshi kuchlar muzokaralarini tezlashtirishi kerak degan fikrda.
Siyosiy tahlilchi Asadulloh Nadim fikricha, muzokaralarning barcha bosqichlari noto’g’ri olib borilgani ayon bo’lgan. Unga ko’ra, AQSh diplomati Zalmay Xalilzod muzokaralarga noto’g’ri yondashgan.
“Birinchidan, vaqtinchalik sulh bo’yicha gaplashilishi kerak edi, xorijiy askarlarning chiqib ketishi haqida emas”, - deydi u.
“Afg’oniston hukumatini tinchlik muzokaralaridan chetga chiqarib qo’yishning o’zi noto’g’ri edi. Muzokara mavzularini belgilashda ham Xalilzod xatolikka yo’l qo’ygan”,- deydi Asadulloh Nadim.
Ayrim tahlilchilar nazarida Tolibon so’nggi oylarda hujumlarini oshirib, AQSh delegatsiyasiga bosim o’tkazishga uringan. Lekin tahlilchi Nadim bu qarashlarga qo’shilmaydi.
“Hujumlar muzokaraga ta’sir o’tkazgani yo’q. Aksincha, muzokaralar hujumlar yanada oshishiga sabab bo’ldi”,- deyi Nadim.
Afg’onistonda 28-sentabrga belgilangan prezident saylovi bo’lib o’tmasligi mumkin degan taxminlar bor edi. Suhbatdoshga ko’ra, Trampning so’nggi bayonoti saylov o’tkazilishiga imkon yaratgan.
“O’ylaymanki, saylov uchun yana bir imkon berildi. Bu fursatdan foydalanish hukumat rahbarlariga ham tegishli. Saylov o’tkazilmasa, Tolibon bilan muzokara qila oladigan kuchli guruh tuzilishi ham mumkin emas”,- deydi u.
Jamoatchi faol Zalmay Aziziy nazarida muzokaralar to’xtatilgani AQSh harbiylari o’limi bilan aloqador bo’lmasligi ham mumkin.
“AQSh hukumati Amerikaliklarga qarshi hujum uyushtirilganda jiddiy qaror chiqarsa, aynan Afg’onistonliklarga hujum qilinganda ham shunday qilishi kerak. Chunki AQSh o’zini Afg’onistonning do’sti, hukumatni qo’llab-quvvatlayotganini aytadi. Haloq bo’lgan Amerikaliklar bilan afg’onlar o’rtasida nima farq bo”r, - deydi Aziziy.
Ayni damda Pokiston Tashqi ishlar vazirligi urushni harbiy yo’l bilan emas, muzokaralar orqali to’xtatish kerakligini ta’kidlab, tomonlarni qayta muzokaraga chaqirgan.
Facebook Forum